Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Beruniy ilmiy merosiga bag‘ishlangan konferensiya bo'lib o'tdi

29.9.2023 961

Sirojiddin RUSTAMOV

Joriy yilning 25-28-sentabr kunlari o‘ziga xos tarixiy sanalarga aylandi. Boisi, aynan mana shu kunlar davomida buyuk olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ahamiyatli jihati, konferensiyada mahalliy taqdiqotchilar bilan birga dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan beruniyshunos olimlar ishtirok etdilar. Tadqiqotlar buyuk olimning shaxsiyati, izlanishlari, kashfiyotlari, ilmiy qarashlari va dunyo fani taraqqiyotidagi o‘rni kabi masalalarga asoslangan.

1050 yillik yubiley doirasida 150 dan ortiq olimlar va konferensiya ishtirokchilari Beruniyning 150 ga yaqin asarlarini qayta-qayta esladi. Konferensiyada ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lganlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahri kabi hududiy uchlikda band bo‘ldilar va anjumanni yuqori saviyada o‘tishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Konferensiyaning to‘rtinchi kuni – 28-sentabr tongida jamoa poytaxtdagi Hyatt Regency mehmonxonasida kutib olindi. Allaqachon bu kunga kelib olimlar o‘zaro do‘stlashishga ulgurgan, quloqqa chalinadigan turli tillardagi muhomakamalar soni esa yanada ko‘paygan edi. Muhtasham anjumanlar zali mehmonlarni o‘z bag‘riga oldi va konferensiyaning yapli majlisi boshlandi.

Majlisga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov moderatorlik qildi. U munosib ishtirok uchun mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi va bugungi kunga “Olimning bayrami – olamning bayrami” deya ta’rif berdi. Tabrik nutqi nihoyasida Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosiga oid hujjatli rolik namoyish etildi.

Yalpi majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi mas’ul xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, shuningdek, qator xorij mutaxassislari konferensiya yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Konferensiyada Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi birinchi maslahatchisi Mas’ud Niliy ham ishtirok etdi. Xalqaro mutaxassisni jurnalistlar o‘rab olgan, biz ham uning fikrlariga qiziqdik:
“Beruniy shaxsi va ilmiy merosi eronliklar uchun ham qadrli, ko‘plab fors olimlari uning asarlari bo‘yicha qator tadqiqotlar olib borgan. Bugungi tadbirga katta hayajon va qiziqish bilan yetib keldim, ochig‘i, ilmiy anjumandagi muhit meni judayam to‘lqinlantirdi.”
Majlis davomida bir qancha olimlar o‘z tadqiqotlari yuzasidan ma’lumot berdilar. Xususan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti professori, Ashraf Ahmedov “Beruniy kitoblarini varaqlab...” sarlavhasi ostida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi:

“Siz qo‘lingizga olgan Beruniyning 8 ta kitobini nashr etishga o‘zim boshchilik qildim. Bu kitoblarni men qayta-qayta varaqlaganman, qayta-qayta o‘qiganman... Umrimning katta qismini Beruniyning ilmiy merosini o‘rganishga sarflaganman va bu kitoblarni keyingi avlodlarga yetkaza olganimdan baxtiyorman. Men shu kunga kelish uchun uzoq yo‘l bosib o‘tdim, otam o‘qishni biladigan, lekin yozishni bilmaydigan bir xudojo‘y odam edi, bolaligimda ular menga “Ming bir kecha” kitobini qayta-qayta o‘qib berganlar. Balki, o‘sha vaqtda kitobga mehr qo‘ygandirman... Men kitoblar bilan birga yashadim, keyinchalik arab tilini o‘rgandim, Beruniy kitoblarini qadrladim va buni qarangki, 84 yoshimda ham mana shu ilm ichidaman.”

Biroz tanaffusdan so‘ng, konferensiya sho‘balardagi faoliyatini boshladi. Olimlar ikkita seksiyaga ajraldilar va ilmiy ma’ruzalar himoyasi boshlandi. Malayziya Hadhari Islom instituti doktori Fariza Sham “Al-Beruniy: yosh avlod uchun Islom maktabining ibratli shaxsi” mavzusidagi izlanishlarini ommaga e’lon qildi. O‘zbekcha lutf va islom diniga xos kalimalar bilan boshlangan nutq davomida xorijlik mutaxassis Beruniy shaxsiyati, uning din rivoji uchun qo‘shgan hissasi, chin musulmonlarga xos fazilatlari, xususan, bolalikdan Qur’oni Karimni yod olgani haqida fiklar bildirdi. Uning ta’biri bilan aytganda, “Har bir yosh avlod Beruniyni o‘zi uchun ibrat deb bilsa, uning insoniy xususiyatlariga ergashsa, unga o‘xshashga intilsa, hayotiga yanada mazmun kiradi va katta ishlarga qodir bo‘ladi.”
 

Bir-biridan qiziq, mazmundor va qimmatli tadqiqotlar ketma-ketligini yuksak baholash mumkin. Quvonarlisi, xorijliklar buyuk olimimiz haqida o‘zimizdek to‘lqinlanib gapirishdi. Xususan, “Beruniyning gidrologiya tarixidagi roli” mavzusidagi tadqiqoti bilan so‘zga chiqqan italiyalik olim Vladimiro Andrea Bochellining fikriga ko‘ra, Beruniyning ilmi katta bir daraxtning ildiziga o‘xshaydi, uni to‘liq o‘rganish mushkul. Yana shuni ta’kidlash lozimki, zamon nuqtai nazaridan X asr oldin ilmiy tadqiqot olib borish oson bo‘lmagan, buning uchun olimdan katta iroda va tafakkur talab qilingan. Shu asosda, Beruniyning tafakkuri bugungi kun olimlarining tafakkuri bilan tenglasha oladi, deyish mumkin.

Har ikki sho‘bada olimlar munosib ishtirok etdilar. Ma’ruzalar muhokamalarga, muhokamalar e’tiroflarga ulandi. Ma’lumot uchun, konferensiya materiallari alohida to‘plam holida nashr etilgan. Bu to‘plam Abu Rayhon Beruniyning 1050 yilligi yubileyidan munosib esdalik bo‘lib qoldi, deyish mumkin.

Yuqori saviyada, yorqin taassurotlarga boy ko‘rinishda bo‘lib o‘tgan konferensiya aynan baland nuqtada yakunlandi, konferensiya ishtirokchilariga maxsus sertifikat, konferensiya to‘plami, Beruniy kitoblari to‘plami va esdalik sovg‘alar ulashildi. Kunning ikkinchi yarmidan boshlab xorijlik mehmonlar mamnun kayfiyatda o‘z yurtlariga kuzatildi.

Umuman olganda, bunday xalqaro konferensiyalar ilmiy rivojlanish va xalqaro do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. O‘tgan to‘rt kunlik taassurotlardan anglash mumkinki, ilmiy-amaliy anjuman o‘z maqsadini a’lo darajada ado etdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish