Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Beshinchisi ortiqcha”

17.5.2023 2012

Dilrabo AHMEDOVA, Yashnobod tumanidagi 204-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

O‘quv jarayonida interfaol metodlar va axborot texnologiyalarini qo‘llashga talab ortib bormoqda. Jumladan, “Aqliy hujum”, “Fikrlar hujumi”, “Tarmoqlar” metodi, “Sinkveyn”, “Beshinchisi ortiqcha”, “Rolli o‘yin”, FSMU, “Yumaloqlangan qor”, “Zigzag” kabi zamonaviy texnologiyalar qo‘llanmoqda. O‘yin-topshiriqni tanlash darsning turiga, o‘quvchilarning ko‘nikmalari va bilim saviyasiga, mustaqil ijodiy ishlash imkoniyatlariga ham bog‘liq bo‘lishi kerak.

“Beshinchisi (oltinchisi, yettinchisi...) ortiqcha” metodi haqida to‘xtalamiz. O‘quvchilar mantiqiy tafakkur yuritish ko‘nikmalariga ega bo‘lishida bu metod ahamiyatga ega. O‘yinda:

  • mavzu mohiyatini ochib beradigan tushunchalar tizimini shakllantirish;
  • tizimga mavzuga taalluqli to‘rtta (beshta, oltita...) va taalluqli bo‘lmagan bitta tushunchani kiritish;
  • o‘quvchilarga mavzuga taalluqli bo‘lmagan tushunchani aniqlab, tizimdan chiqarish vazifasini topshirish.

Metod individual, guruhli va ommaviy shaklda o‘quvchilarning mavzuni puxta o‘zlashtirishida, bilimini baholashda foydalaniladi. Masalan, 1-sinf darsligidagi “Oshxona jihozlari”, “Qushlar”, “Uy hayvonlari va parrandalar” kabi mavzularni o‘rganishda, yangi mavzuni mustahkamlashda qo‘llash natija beradi.

Olaylik, 1-sinf darsligidagi 1-mashqda berilgan topshiriqni bajarishda quyidagicha qo‘llash mumkin. Yozuv ekranda ko‘rsatiladi. O‘quvchilar ortiqcha so‘zni aniqlaydi. Uy hayvonlari: sigir, qo‘y, toshbaqa, ot, it.

So‘ng bu so‘zlar ishtirokida gap tuzish topshirig‘i beriladi va tuzilgan gaplar asosida axloqiy tarbiya beriladi.

Namuna: Ot – insonning ishonchli do‘sti.

O‘quvchilar tuzgan gaplar asosida ular qalbida ona tabiatga muhabbat uyg‘otiladi, uy hayvonlariga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘lishga o‘rgatiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish