Yangi O‘zbekistonda yosh avlodning ilmga intilish va ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ularning qalbida Ona Vatanimiz, xalqimizga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, barkamol shaxsni tarbiyalash, kitobga bo‘lgan muhabbatini kuchaytirish, kursantlarning intellektual mantiqiy bilimini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimizning “Zahmatli mehnati orqali orzu-umidlari ushalgan inson – eng baxtli insondir. Shuning uchun doimo balandlarga intiling, ezgu maqsadingiz uchun kurashing. Doimo o‘qing-o‘rganing, o‘zingizga ishoning, kashfiyotlar qiling, yangiliklar yarating, oldinga dadil qadam tashlang”. – deya aytgan so‘zlari yoshlarimizga dastur amal bo‘lib kelayotir.
Bu borada, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ham kursantlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda yoshlar o‘rtasida milliy istiqlol g‘oyasi va birdamlikni ta’minlash, intellektual sog‘lom raqobatni yuzaga keltirish, yoshlarning bilimga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, oliy harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan zakovatli yoshlar bilan fikr almashish imkoniyatini yaratish hamda yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan keng qamrovli intellektual o‘yinlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 28-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganligining 29 yilligi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi harbiy xizmatchilari va kursantlari o‘rtasida “Zakovat” arenasida “Zakovat” intellektual o‘yini yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur “Zakovat” intellektual o‘yinida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul vakillari, FVV Akademiyasi rahbariyati, “Zakovat” nodavlat-notijorat tashkiloti mas’ul xodimlari, Akademiya orkestri, professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan ushbu “Zakovat” intellektual o‘yini avvalo davlat madhiyasi bilan Akademiya orkestri jamoasining kuy-navolari ostida boshlandi va shu bilan birga Akademiya harbiy xizmatchilari va kursantlaridan tarkib topgan 30 ta jamolar o‘rtasidagi chinakam bilimlar bellashuvi bo‘lib o‘tdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qiziqarli o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yini nizom talablari asosida zakovat nodavlat notijorat tashkiloti mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan ikki turdagi 24 ta savollardan iborat shartlar bo‘yicha adolatli baholanib borildi.
Mazkur “Zakovat” intellektual o‘yining yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan jamoa “Eksperiment” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi, faxrli ikkinchi o‘rinni “Kapitanlar” jamoasi egallagan bo‘lsa, faxrli uchinchi o‘rin esa “Universal” jamoasiga nasib etdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar Akademiya rahbariyati tomonidan Akademiya boshlig‘ining kubogi, diplom va tashakkurnomasi hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan tantanali taqdirlandilar.