Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bilimli qizlar – renessans kaliti

14.7.2023 4166

Shoira Nazarova, Toshkent davlat yuridik universiteti 2-bosqich talabasi

Ayol – garchi bajargan ishlari yaqqol ko‘zga ko‘rinmasa ham, butun jamiyat taraqqiyoti uchun kuch va salohiyat manbayi. Kelajak  qo‘lida, u  butun bir avlod tarbiyachisi.  Biz yashayotgan zamonaviy dunyoda ayollarga berilayotgan e’tibor, ishonch, mas’uliyat va imkoniyatlar avvalgiga nisbatan kattaroq. Chunki, u endi nafaqat millat davomchisi, balki ma’lum sohaning professional mutaxasisi, davlat arbobi, olima, tadbirkor, siyosiy yetakchi, jamiyatning faol a’zosi, rahbar va eng muhimi bilimli, zamon talablariga javob bera oladigan, millat dardlariga darmon bo‘la oladigan, oilaning shijoatli a’zosi. Bugun zamon ulardan faqat oilada emas, mamlakatda, butun dunyo miqiyosida faol bo‘lishni, o‘z ustida ishlashni, salohiyatini namoyon etishni talab etmoqda.

O‘tmishga nazar soladigan bo‘lsak, ayollarning  maslahatdonligi butun millatning taraqqiyoti, ravnaqi va barhayotligiga asos bo‘lib xizmat qilgan. Xonimlar orasida davlat jilovini o‘z qo‘lida tutib, dono siyosat yuritib, maydonlarda mardonavor jang qilgan malikalar, jahongir insonlarni dunyoga keltirib, tarbiyalab, ulug‘vor ishlarga ruhlantirgan fozila onalarning borligi rad qilinmas haqiqat. Sohibqiron bobomiz va Saroymulkxonim hayotidan misol: Amir Temur saroyida “Bibixonim” deya ulug‘lanuvchi bu malika o‘zining donoligi, zakovati, tadbirkorligi, siyosatdonligi bilan hatto erkaklarga o‘rnak bo‘la oladigan darajani egallagan.

Temuriy mirzolarning tarbiyasi, ilmli bo‘lishi, komil shaxs bo‘lib yetishishi uchun shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lgan. Buni buyuk Temurning o‘zi talab qilgani zurriyotlarining shaxs sifatida shakllanishida tarbiyachi onaning o‘rni qanchalik muhim ekanligini anglaganidan belgi beradi. Masala esa bugun ham dolzarb! Kelgusida ayollarning jamiyat va davlat faoliyatida faolligini oshirish borasida hali yana ko‘plab islohotlarni amalga oshirish  allaqachon zamona talabiga aylangan. Ularning yuksak saviyada bilim olishi, aql-zakovati va madaniyati darajasi uchinchi renissansga kafolat bo‘la olishi ham haqiqat. O‘qimishli, faqat oilada emas, jamiyatda ham tinglanadigan, qo‘llab-quvvatlanadigan qizlar bo‘lajak Buxoriylar, Beruniylar, Mirzo Ulug’bek, Navoiy, Mirzo Boburlarning ham onasi, ham ustozlaridir. Ulkan vazifalarni bajarishlari uchun esa avvalo o‘zlari chuqur bilim va yuksak aql-idrok sohibasi bo‘lishlari lozim. Zero buyuk jadidchi, ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek:, “Tarbiya beruvchining avvalo o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi lozim”. Bunday jarayon esa bevosita davlat va jamiyatning faol sa’y-harakatisiz, qo‘llovlarisiz amalga oshmaydi!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish