Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BIR KUNDA TO‘RTTA YONG‘IN

18.1.2023 64

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Sovuq kunlarda sovuq xabarlarning ham keti uzilmayapti. Andijon tumanidagi xonadonda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida uyning shift, tom qismi va uy jihozlari hamda darvozaxonada bo‘lgan “Damas” avtomashinasi yonib, zararlandi. Namangan tumanidagi xonadonlarning birida ham gaz chaqnashi oqibatida 1992-yili tug‘ilgan xonadon egasi – ayol 70 foiz hamda 9 yoshli o‘g‘li 8 foiz kuyish tan jarohati olgan. Shuningdek, Chortoq tumanidagi “Komillik” mahallasida, Davlatobod tumanidagi “Nurobod” mahallasi va Uychi tumanidagi “Obod” mahallasidagi 4 ta xonadonda yong‘in yuz bergan.

Xovos tumanidagi “Qahramon” mahallasidagi ikki qavatli uyda gaz chaqnashi oqibatida kelib chiqqan yong‘in ikki kishining yostig‘ini quritdi, bir fuqaro tan jarohati oldi...

Aniqlanishicha, yong‘inlarning aksariyati xonani isitish maqsadida foydalanilayotgan gaz, o‘tin, ko‘mir va boshqa yoqilg‘ilarni uzoq vaqt yoqib nazoratsiz qoldirilishi oqibatida sodir bo‘lgan. Havo haroratining keskin pasayishi oqibatida issiqlik stansiyalariga uzatilayotgan tabiiy gaz bosimining pasayib ketishi sababli xonadonlarga yetkazib berilayotgan issiq suv taminotida ham, isitish tizimida ham muammolar yuzaga keldi. Buning oqibatida odamlar uyini isitish maqsadida qo‘shimcha elektr moslamalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Maqsadimiz isinish, ammo so‘nggi kunlarda bu istak ko‘plab ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lmoqda. Sovuq kunlar hali o‘tib ketgani yo‘q, shunday ekan, isitish moslamalaridan foydalanishda yanada e’tiborliroq bo‘laylik. Buyuk kashfiyotlardan biri bo‘lgan olov inson hayotida muhim ahamiyat kasb etishi bilan birga, unga nisabatan zarur xavfsizlik choralarini  ko‘rishni ham talab qiladi. Olovdan foydalanishga oid qoidalarga bepisandligimiz uchun to‘lovni umrimiz bilan to‘lamaylik!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish