Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“BIR MAHKUM KO‘NGIL”...

6.9.2023 2615

Bobo RAVSHAN

Millat bog‘, isteʼdodlar uning hosilidir. Xirmon qanday bo‘lishi haqida hosil pishib yetilmasdan aniq fikr aytib bo‘lmaydi. Shu maʼnoda bugungi yoshlar ijodi haqida xulosa chiqarishga shoshmaslik kerak. Ammo bog‘ga qanday nihol ekilgani, uning parvarishi qay yo‘sin kechganidan kelib chiqib, hosil cho‘g‘ini mo‘ljal qilish mumkin.

O‘zbek adabiyotining ildizi juda chuqur ketgan. Yusuf Xos Hojibdan to Navoiygacha, Bobur janoblaridan Oripov fenomenigacha bo‘lgan katta tarixda qanchadan-qancha durdona asarlar yaratildi. Oqar daryo esa oqmay qolmas. Bugun bir guruh isteʼdodli yoshlar o‘zbek adabiyotiga o‘z ovozi bilan kirib kelyapti. Bunga Mansur Jumayev, Xurshid Adburashid, Feruza Hayrullayeva, Nargiza Odinayeva, Najmiddin Ermatov, Bek Ali va Suhrob Ziyo kabi o‘nlab do‘slarimiz ijodini misol qilish mumkin.

Yoshlar ijodida zamon, makon va ijtimoiy muhit bilan bog‘liq tabiiy umumiylikni hisobga olmasak, ular deyarli bir-birini takrorlamaydi. Shoir do‘stlarimiz yutug‘i shundaki, har biri dil izhorini o‘z tilida bayon eta oladi. Masalan, Bek Alining “Xudoni besh mahal eslamasak ham”, deb boshlanadigan sheʼri, u beradigan kayfiyatni boshqa ijodkorlarda uchratmaysiz. Bek Alining ushbu sheʼri ijtimoiy hayotimizdagi o‘zgarishlar sabab inson qalbining turlanishi, maʼsiyatga botishi tasvir etilgan. Lirik qahramon o‘z qavmini tasvirlab shunday deydi:

“Bizlar yoppasiga mehnatkash edik,

Va Namrud qavmidan topmasdik xabar.

Qishloqdagi sirli masjid oldidan,

Uyalib, qisinib o‘tardik har gal”.

Namrud Sulaymon payg‘ambar davrida yashagan zolim hukmdor. U aysh-ishratga berilib, o‘zini iloh deb eʼlon qilgan. Oxir-oqibat chivinlar hujumi sabab butun boshli ayonlari, sipohlaridan ayrilgan. O‘zining boshiga o‘sha chivinlardan biri kirib vizillab og‘riq bergan va shu dard bilan halok bo‘lgan.

Lirik qahramon yashagan qishloq ahli aysh-ishratdan yiroq, bosh ko‘tarmay, yoppasiga mehnat qiladi. Ular Xudoni o‘z holicha taniydi. Shu bois kunda besh mahal masjidga bormasa ham yutuq va yo‘qotishni sinov, Yaratganning marhamati deb qabul qiladi. Ular ayrim zamondoshlarimiz kabi ibodatni bahona qilib masjidda o‘g‘irlik qilmaydi. Aksincha, Xudoning uyi oldidan iymanibgina o‘tadi. Juma namozidan chiqib, bozordagi xaridorlarni aldab haqqini yemaydi. Bilaʼks, Xudo yaratgan tuproqni begona o‘tlardan tozalaydi. Halol mehnat qiladi. Shoir bugun harom ishi bilan faxrlanadigan, hech narsadan uyalmaydigan odamlarni tanqid etmay, xokisor, qalbi pokiza qavmdoshlarini o‘ziga xos uslubda madh etib ularga oyna tutadi va:

“Gunohga botishdan iymanishardi,

Xudoni besh mahal eslamasa ham”, deydi.

Ha, haqiqiy sheʼr iztirob, ammo go‘zal iztirobdir! Shoir qalbi esa go‘zallik, ezgulik makoni. Shu bois u yerni, tuproqni, osmon va yulduzlarni, butun borliqni jon-dilidan sevadi va buni baralla tarannum etadi.

“Sahrodan soygacha, yo‘qsildan boygacha,

Hijratin boshlagan tuproqdan oygacha.

Odamlik matlabi tugagan joygacha,

Qiz-o‘g‘il tug‘dirgan elni sevaman”.

Bek Alining shu kabi sheʼrlarida xalqona ohang, baxshilar termasi, dostonlar nafasi seziladi. U qadim ajdodlardan kelayotgan bu ohangni barmoq, oq sheʼr kabi zamonaviy poeziyaga omuxta qila olgan. O‘ziga xosligi, yutug‘i ham shunda. Ijodkorlar dunyo haqida juda ko‘p tashbehlar ishlatgan. Uni tarozisi buzuq sotuvchi, bozor, g‘addor deyishgan. Bek Ali esa shoir sifatida ko‘p isteʼfoda qilingan bunday tashbehlarni chetlab o‘tib, orginal o‘xshatish topishi kerak edi. Shoir buni nihoyatda mahorat bilan uddalaydi va:

“Bu dunyo bobomning poytavasidan

o‘ralgan otamning sallasi ekan”, deydi.

Ziddiyat sheʼrni go‘zallashtiradi. Bola uchun hatto otaning paytavasi ham aziz. Ammo bu uni salla qilib o‘rash kerak degani emas. Otaning o‘zi ham bunday ehtiromni qabul qilmaydi. Dunyoning asl yuzi shu – oyoqning bosh bo‘lishi, eʼzozning xurofotga do‘nishi. Bek Ali bu tashbehni xalq zakosiga xos quyma satr bilan shunday go‘zal ifoda etgan-ki, beixtiyor “Voh”[1] deysiz!

 Suhrob Ziyo ijodi haqida ham ko‘p yaxshi fikrlar aytish mumkin. U shoir sifatida chin insoniy tuyg‘ularni tarannum etgisi, faqat inson qalbini taftish qilgisi keladi. Shu bois Suhrob:

“Bir buyuk sevgi bor,

Bir mahkum ko‘ngil”, deb yozadi.

U shoir o‘laroq buyuk sevgining asiriga aylangan ko‘ngilni o‘rganish niyatida. Axir sheʼr – izhor! Uni izohlab, tushuntirib bo‘lmasligining sababi shunda. Ayni vaqtda shoir davr farzandi va ijtimoiy hayotdan tashqarida yashay olmaydi. Shu bois, maishiy muammolar girdobiga tushib qolgan Lirik qahramon men kimman, deya o‘ziga bot-bot savol beradi. Shoir uni borliqdan borliqni izlamaslikka, uning o‘zi borliq ekanini aytib xitob qiladi. Ammo u yana yelkalar, qorinlar aro surinib, parvoz istagini yo‘qotib qo‘yadi va katta shaharning yemakxonasida g‘oyib bo‘ladi. Lekin shoir isyonkor ruh ila tirik.

Sheʼr shu bois mukarram. Suhrob isyonkor ruh ila moddiyatga o‘ralashib yashayotgan shoir qiyofasini chizarkan:

“Ko‘nglim, sening zavoling tayin,

Ozodliging behad, behudud.

Seni siqib borar kun sayin

Suhrob deya atalgan vujud”, deb nadomat qiladi.

Ayni sabab tufayli u ko‘nglini asrashni istaydi. Uni eng go‘zal hayotim deb biladi. U endi oddiy hayot emas, Suhrob atalmish isyon uni SHEʼRga aylantirgan. Yuqorida aytganimiz kabi isteʼdodlar davr farzandi o‘laroq ijtimoiy og‘riqlarni boshqalarga nisbatan tez va teran anglaydi. Suhrob ham shoir sifatida atrofdagi odamlar, dunyo manzarasini kuzatib, ulkan xayollar suradi.

“Men xayol suraman, shukrona aylab,

Kunlarin qaritgan tullar qoshida,

Bog‘dan alaflarni quvlolmayotgan,

Gullay olmayotgan gullar qoshida”.

Shoir ulug‘ millatga jonini tika olmay shu kabi xayollar bilan band bo‘larkan:

“Inonsang bo‘ladi bag‘iringda mayus

Xayol surib yurgan bolalaringga”, deydi.

Suhrobning millat tarixi haqida keng tasavvurga ega ekani uning shu turkumdagi sheʼrlarida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Shuningdek, shoir xalq og‘zaki ijodi, mifologiyani yaxshi o‘zlashtirgan. Diniy bilim borasida ustozlar etagidan mahkam tutgani ham uning sheʼrlariga qanot bag‘ishlaydi. Ayni sabab tufayli Navoiy, Bobur, Mashrab, Rumiy kabi ulug‘lar tarannum etgan ilohiy ishq haqida mujdalar yo‘llayda.

“Majnunni bilmagan sahroni bilmas,

Maʼshuqni bilmagan shaydoni bilmas.

Dunyo bilmaydi ishqni bilmagan,

Layloni bilmagan Mavloni bilmas”.

Suhrob dunyo otliq ulkan kemani ana shunday idrok etadi va muhabbatga limmo-lim “Ko‘ngil yelkani [2]” bilan uni VISOL sari yetaklaydi. Bunday topildiqlar, betakror misralar adabiyotimiz xirmoni barakali bo‘lishidan dalolat beradi. Faqat isteʼdodlarni asray olsak, ular ham o‘z yo‘lida sobit qolib, o‘rganish va o‘sishdan to‘xtamasa bas.

 

 

[1] Bek Alining “Voh” kitobiga ishora

[2] Suhrob Ziyoning “Ko‘ngil yelkani” kitobiga ishora

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish