Dars xonasi abituriyentlar bilan to‘la. Imtihonda kerak bo‘ladigan kitoblarni har kuni bittalab tahlil qilishimiz kerak.
– 10-sinf, “Ona tili”ning yangisini olinglar. Qaysi betga kelib qolgandik? – dedim 2022-yilda nashr qilingan yangi darslikka ishora qilib. – Men javoblarni e’lon qilib boraman. Hamma yo‘l-yo‘lakay olgan javobi va fikrini bildirib ketsin!
Barcha o‘quvchilar ilmga chanqoqligi va imtihonga yaqin qolgani uchun hamma vazifani bajarib kelganiga ishondim va bittalab tekshirib o‘tirmadim.
– 144-betdagi 3-testda bir nechta javob talab qilinarkan. B, D, F javoblarini olamiz. Kimda boshqacha? – dedim oson savol bo‘lgani uchun ilmi toliblarim bunda xato qilmasligiga ishonib.
Ishongan tog‘da kiyik yotmas. Adashibman, orqa tarafdan bir o‘quvchi shart qo‘l ko‘tardi-da, “Men B, E, G olgandim, – dedi va yonida o‘tirgan o‘rtog‘iga ishora qilib davom etdi: – Marjonada xuddi shu javob F da berilgan, menda esa G javobda, ustoz”.
– Necha martalab aytganman: soxta kitob olmanglar. “Original”ini topinglar!
O‘sha o‘quvchi “Ustoz, bu “original”i, “kopiya”dan chiqarilgan emas” deganda bo‘lishi mumkinmas, deb qat’iy turgandim, orqadan ham ikki-uch bola “Bizda ham shunaqa” degach borib ko‘rishga jazm qildim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ularning qo‘lidagi “original” kitob mening qo‘limdagi “original” kitobdan farq qilyapti. Balki adashayotgandirman deb qayta-qayta solishtirib ko‘rdim. Yo‘q, kitob bir xil-u, ichida ayrim joylari farq qiladi...
– Shunaqa bo‘lishi ham mumkinmi? Mas’ul muharrirlar qaramaydimi, ustoz?..
Rost! Shunaqa bo‘lishi mumkinmi? Mas’ul muharrirlar shu xatoliklar uchun javobgar emasmi?
“Buning imtihonga ta’siri yo‘q. Talashib-tortishishga arzimaydi” dersiz, lekin davlat standarti-chi? Qay biri haqiqiy? Bu arzimasdir, ammo bizni qiynaydigan arzirli savollar bisyor.
2024-2025-o‘quv yili imtihonlari uchun test shakllantiriladigan darsliklar ro‘yxati e’lon qilinganda kapalagim bir uchgandi. 10-sinf uchun ham yangi (2022-yilgi nashr), ham eski (2017 va 2020-yilgi nashr) dan test shakllantirilar ekan! Nega? Axir, maktabda har ikkala nashrdan biri o‘qitiladi-ku! Yoki Bilimni baholash agentligi repetitorda o‘qilishini ham hisobga oldimikan?
Nega abituriyentlar imtihonga sentabr oyidanoq tayyorgarlik boshlashini bila turib Bilimni baholash agentligi mavsum boshidanoq test shakllantiriladigan darsliklar ro‘yxatini e’lon qilib qo‘ya qolmaydi? Har yili o‘zgarib turadigan kitoblar orasidan qaysi birini o‘qishni bilolmay joningiz halak. Bittasini taxminan boshlaysiz-u, ikki-uch oydan so‘ng ayni shu kitob tasdiqlanmay, dog‘da qolasiz!
Eng muhim masala – kitoblar yetishmovchiligi. Test shakllantiriladigan darsliklar imtihonga tayyorlanuvchi o‘quvchilar naryoqda tursin, maktab o‘quvchilari uchun ham yetarli emas. Qaysidir maktabda, aytaylik, ona tili kitobi topilmasa, boshqasida adabiyot yo‘q. Nega shunaqa? Axir, maktab o‘quvchilari soni aniq bo‘lsa, avval shunga mutanosib ravishda kitoblar nashr qilinib, so‘ngra tasdiqdan o‘tkazilishi lozim emasmi? Balki kimlarningdir mas’uliyatsizligi tufayli kitoblar bizgacha yetib kelmayotgandir?
Ayni masalada mas’ul tashkilotlarga murojaat qilsangiz, eshitadigan javobingizdan na kulishni bilasiz, na yig‘lashni: “XXI asr kompyuter asri. Elektron o‘qishsin!”.
Axir, telefon yoki kompyuterda o‘qilgan biror ma’lumot kitobda o‘qilganiga qaraganda bir necha bor kam ta’sirga ega ekanini ikki varaq o‘qib ko‘rgan odam darrov sezadi. Nahot javob beruvchi mas’ul shuni hisobga olmadi? Mayli, aytganicha qilib o‘quvchi elektron o‘qidi ham deylik. Internet zamonida yashayapmiz. Noxos kelgan biror yangilik haqidagi xabar bolani chalg‘itib yubormaydimi?!
Mas’ullar hisobga olmagan shu holatni ota-onalar hisobga olishdi-yu, farzandim yaxshi o‘qisin, deya elektron kitoblarni qog‘ozga chiqartirib, kitob shakliga keltirib berishdi. Lekin afsuski, bu bilan tinchiy olmadik. Maktablarga tarqatilgan sanoqli “original” kitoblar va elektron kitoblar orasida farqlar yaqqol ko‘rinib qoldi. Biridagi suratlar unisida boshqacha. Kitobdagi fikrlar elektronda boshqacha! Qay biriga ishonaylik?
Kitobga qilingan kichik e’tiborsizlik uni o‘qiydigan kelajak bunyodkorining butun hayotiga ta’sir qilishi mumkinligini yodda tutmaydilarmi!