Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Birgalikda qarz oluvchi kim?

11.4.2023 1115

Flint.uz jamoasi

Birgalikda qarz oluvchi – qarz oluvchi bilan kredit (mikroqarz) va uning foizlari bo‘yicha oylik to‘lovlarni to‘lashda qatnashuvchi hamda kredit (mikroqarz) bo‘yicha qarz oluvchi bilan birgalikda javob beruvchi jismoniy shaxs.

Bunda kredit tashkiloti majburiyatlarning bajarilishini asosiy qarz oluvchidan talab qilganidek, birgalikda qarz oluvchidan ham so‘rash huquqiga ega. Ko‘pincha “birgalikda qarz oluvchi” tushunchasi “kafil” tushunchasi bilan adashtiriladi. Bu tushunchalar huquqiy jihatdan bir-biridan farqlanadi.

Farqi nimada?

Asosiy qarz oluvchi olinishi rejalashtirilgan kredit bo‘yicha to‘lovlarni to‘lash uchun yetarli daromadga ega bo‘lmaganda, to‘lovlarni birgalikda qoplash uchun daromadga ega bo‘lgan boshqa jismoniy shaxs, ya’ni birgalikda qarz oluvchi jalb qilinishi mumkin.

Kafillik shartnomasi bo‘yicha esa qarzdor o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarmagan taqdirda kafil kredit tashkiloti oldida javob berishni o‘z zimmasiga oladi. Boshqacha qilib aytganda, kafillikni ta’minot turi sifatida e’tirof etish mumkin.

Kafilning birgalikda qarz oluvchidan asosiy farqi shundaki, kafil qarzdor tomonidan majburiyatlar bajarilmagan taqdirdagina majburiyatlarni bajaruvchi sifatida ishtirok etadi. Birgalikda qarz oluvchi esa kredit so‘ndirilgunga qadar doimiy ravishda asosiy qarz oluvchi bilan bir xil majburiyatga ega bo‘ladi.

Kimlar qarz oluvchi bo‘lishi mumkin?

Daromadga ega har qanday jismoniy shaxs birgalikda qarz oluvchi bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz oluvchining oila a’zosi va yaqin qarindoshi bo‘lmagan shaxslar ham birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.

Majburiyatlar

Birgalikda qarz oluvchi bo‘lishga rozilik berganingizdan so‘ng sizda solidar javobgarlik paydo bo‘ladi. Bu nima degani? Fuqarolik kodeksining 252-moddasiga binoan, solidar (birgalikdagi) javobgarlikda kredit tashkiloti hamma qarzdorlardan majburiyatni birgalikda bajarishni ham, ularning har biridan alohida-alohida bajarishni ham talab qilishga haqli. Har bir qarzdor bu talabni bajarishi shart.

Solidar majburiyatga ega qarzdorlardan birining krediti to‘liq to‘lanmagan taqdirda bank boshqa qarzdorlardan qolgan summani talab qilishga haqli. Solidar majburiyatga ega qarzdorlar kredit to‘liq to‘lanmaguncha bir xil darajada javobgar bo‘ladi.

Shunday ekan, kredit bo‘yicha birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etishga rozi bo‘lgan har bir kishi kredit shartnomasini imzolash orqali asosiy qarz oluvchi bilan birgalikda to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olayotganini bilishi shart.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish