Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Birovning choyini ichib qo'yganmisiz?

19.5.2023 945

Kamola Abdunabiyeva O'zJOKU talabasi

Shokir Xoliqovning “Choy” qisqa metrajli filmi tanqidchilar, o‘zbek va jahon kino muxlislari diqqatini o‘ziga jalb qilgan. Xususan, film Fransiyaning Kann shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestivalning “International Festival Entr’2 marches” qisqa metrajli filmlar 1-o'ringa loyiq ko'rilgan.  2018-yilda ilk bor “PROlogue” kinofestivalida namoyish etilgan film festivalning “Eng yaxshi filmi” deb ham topilgandi. Dunyo hayratiga sabab bo'lgan “Choy”ning siri nimada edi?

Bu filmni ko'rar ekansiz cholga tinchlik bermayotgan tanshnalik beixtiyor sizni ham qiynay boshlaydi. Lekin film qahramonining tashnaligi faqat choy bilan bog'liq emas. Yillar davomida to'shakka mixlanib yotishga mahkum hasta mehr-muravvatga ko'proq  intiqligini ham his qilish mumkin. Film cholning ko'p yillik xotiralarini o'zida jamlagan, sal kam muzeyga aylanib qolgan nimqorong'u xonadan boshlanadi. Undagi yagona deraza tashqarisida esa ichkariga umuman teskari manzara. Ayolining mehr bilan ishga kuzatishidan mamnun o'g'il, otchopardek chopib yurgan nevarasi. Hamma harakatda. Chol xonasida esa tanasidagi hastalikdan ham og'irroq sukunat hukm surardi. Eski chiroq, eski magnitafon, aynan g'irchillaydigan sim karovatning tanlangani ham bejiz emas balki bu bilan ijodkor hasta cholning  uzoq yillardan beri to'shakka mixlanganiga ishora qiladi. Filmdagi ilk hayajon cholning choy ichish uchun choynakni paypaslab, bo'shligini his qilgach signal beradigan ipni tortish nuqtasidan boshlanadi. 

Chaqiruv signali  to temir  zangga borib tekkunigacha bo'lgan vaqt ichida keksa bemorning o'tmishdagi qiyofasi ochib beriladi. Devor bo'ylab o'tkazilgan ip bilan harakatlangan kamera har bitta sur'atdagi haqiqatlarga ishora berib o'tadi. Bu ham Shokir Xoliqovning yana bir topilmasi bo'lgan albatta. Endi keyingi hayajonli kadrlarga o'tsak, chol kelinini so'zsiz chaqirishni uddalaydi.  Lekin deraza tokchasida turgan choyga intiq ko'zlarning ishorasini noto'g'ri tushungan kelin derazani ochib qo'yadi. Ayni shu  payt tashqarida Chaqaloqning ovozi keladi. U ham kelinni o'z istagini amalga oshirish uchun so'zsiz chaqirayotgan edi. Mana shu chizgida ziyrak tomoshabin yan bir haqiqiatni anglashi mumkin. Keksalik va kelajak. Bu ikkisi qarama-qarshi qo'yilgan, ikkisining ham istagi va chorlovi o'xshash lekin qaysi biri uni amalga oshirishni uddalashi sir.  Chol 2-bor chaqirganida ham kelini unga aravachasini to'g'irlab beradi. Lekin yana cholning ishorasini tushunishga ulgurmaydi. Ammo chaqaloq o'z istagini onasiga tushuntirishni eplaydi. Uchinchi bor chaqirishga harakat qilmoqchi bo'lgan chol deraza orqasida onaning mehrga tashna bolasini ko'tarib ketayotganini ko'rib...To'xtaydi. Endigi kadrda yuqorida devorlarda qolgan rasmlarda aks etgan yosh navqiron  jasoratining qaytishini kutib olasiz.  Nogironlik aravachasiga o'tirish uchun harakatsiz oyoqlar bilan kurash boshlanadi. Va ming mashaqqat bilan aravachaga o'rnashish baxtiga muyassar bo'lgach, derazaga yaqinlasha boshlaydi. Biroq tashqarida yana bir kelajak nishonasi ko'rinadi. chamasi 4-5 yoshlar atrofidagi nevara butun bolalik g'ayratini go'yo oyoqlariga jamlagandek, uchib-qo'nib kirib keladi. Suv ichish uchun jo'mrakni burab ko'rdi suv yo'q. Qarabsizki, u ham endi ochiq turgan deraza yoniga keladi. Nihoyat tomoshabin hayajoni choqqisiga chiqadigan vaqt ham keldi. Choy kimga nasib etadi meros umr davomchisigami yoki umrining oxiri ko'rinib qolgan hasta ko'ngilga... Filmning noyob xususiyati aynan mana shu yerda ko'rinadi.

Ko'pchilik kinolarda voqealar yakuni nima bilan tugashi oldindan tomoshabinga ayon bo'ladi. Taxmin qilish qiyin emas. Lekin Shokir Xoliqov ishlagan  kartinalar sizning taxmin va qarashlaringizga qarama-qarshi bo'lishi mumkin.  Ushbu qisqa metrojli filmni ham rejissor choyni o'z qo'li bilan nabirasiga uzatish sahnasi  bilan yakunlaydi. Insoniyatni o'ziga qul qilgan nafsdan ham kuchliroq tuyg'ular va qadriyat bor. Chol mana shu buyuk hisni film so'ngida ko'rsatib berdi. Filmdagi qahramon bilan birga choyga intilgan tomoshabin chanqog'i ko'zidan yosh bilan chiqib ketadi. Cholniki esa eng so'nggi kadrdagi nimtabassum bilan tashnalikka yakun yasaydi. Bir qarashda bu film o'zi nima haqida deb o'z-o'zingizga savol berishingiz mumkin. Lekin, savollaringizni nomsiz tuyg'ular sabab qalbingizdan to'kilgan yoshlar yuvib ketadi. Bernard Shouning “Hayot men uchun erib tugayotgan sham emas, qo‘limga bir lahzaga berilgan va kelajak avlodga tutqizishdan oldin imkon qadar yorug‘roq alanga oldirishim kerak bo‘lgan ajib mash’aldir”, degan gapi bor. “Choy”da ham qahramon yillar og'riqlaridan qavargan qo'li bilan keyingi avlodga go'yo umr mash'ali kabi choyni uzatdi. Eng asosiysi filmda hech kim gapirmaydi, unda aks ettirilgan buyuklik faqat ekran orqali  tog'ridan to'g'ri dilga tushadi.  Shokir Xoliqov  o'zi ta'kidlaganidek ba'zi bir tuyg'ular fikrlar haqida so'zlab bo'lmaydi, uni ko'rish his qilish kerak. Ijodkor rejissor sifatida o'z haqiqatini tomoshabin oldida muvaffaqiyatli oqlay oldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish