Ijtimoiy tarmoqlarda 4 nafar maktab bitiruvchisi o‘g‘rilik sodir etgani haqida xabar tarqaldi. Xabarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 15–17 yoshdagi maktab o‘quvchilari o‘g‘rilik orqali bitiruv kechasi xarajatlari uchun pul topishga uringan.
Voqea to‘liq o‘rganib chiqilganidan so‘ng: “Bu kabi holatlar barchamizni birdek o‘ylantirishi kerak. Chunki bitiruv kechalari va shu kabi tadbirlardagi ortiqcha xarajatlar, “boshqalardan qolmaslik” hissi, moddiy bosim – ayrim o‘quvchilarni jinoyatga boshlamoqda”, deydi Toshkent viloyati IIBB matbuot kotibi Bobur To‘laganov.
Bu yil 450 mindan ziyod yoshlar maktabni tamomladi. “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbiri, attestat topshirish marosimi, bitiruv kechasi yoshlar hayotida eng muhim sanalardan biri. Yangi libos yoki sinfdoshlar bir xil bo‘lishi uchun ijaraga kiyim olish, go‘zallik salonlarida soatlab navbatda turib yasan-tusan qilish ommalashdi. Joriy yilda xuddi yuqoridagi kabi muhokamalarga sabab bo‘ladigan vaziyatlar birin-ketin e’lon qilinyapti. Masalan, Namangan viloyatida tadbir jarayonida gaz to‘ldirilgan sharlarning portlashi natijasida o‘quvchi qizning sochi yonib ketgan. Qoraqalpog‘istonda esa tadbirdan so‘ng bitiruvchilar “kortej” uyushtirib, avtohalokatga uchragan. E’tiborli jihati bu dabdabalarning aksariyati fojiali yakun topmoqda.
Bitiruv marosimlariga qancha sarflangan?
Maktab bitiruvchilari bitiruv marosimlari uchun qancha pul sarflaydi? Bu savolga javob olish uchun bitiruvchilar bilan suhbatlashishga harakat qildik.
Ayrim ota-onalarga og‘irlik qilayotgan bunday xarajatlar ko‘lami mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlarida bir xil. Keling, yaxshisi bitiruvchilarning o‘zidan eshitsak.
Samarqandlik bitiruvchi yigit – S. Y: “Yoshim 19 da. O‘tgan yili maktabni bitirganman. So‘nggi qo‘ng‘iroqda taxminan 650-700 ming so‘m atrofida pul sarfladim. Bu pulga yangi kiyim, “Bitiruvchi” tasmasi, soch turmagi, sinf rahbarimizga sovg‘a va maktabni bezatish uchun bezaklar sotib olganman. Attestatni olganimizdan keyin sinfdoshlar bilan bitiruv bazmi qilishni rejalashtirganmiz. Bu uchun ham kamida 200 ming so‘m ketgan. Bazm bir sinfdoshimning uyida o‘tkazilgan. Agar biror joyni buyurtma qilganimizda ancha qimmatga tushardik”.
Toshkent viloyatida yashovchi bitiruvchi qizlardan biri – K. I: “Yoshim 18 da. 11-sinfni bitiryapman. So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiriga bir oy tayyorlandik. Kechada bitiruvchi sinflar raqs tushadi. Biz maxsus raqs kursiga qatnashdik. Bir oy uchun umumiy 150 dollar to‘ladik. Albatta hamma ham qatnashmadi. Chunki ko‘pchilikning ota-onasi ortiqcha xarajatga qarshi bo‘lishdi. Yana qizlar bilan bir xil kiyinishni kelishdik va men bunga 600 ming so‘m sarfladim. Eng qiziq holatlardan biri go‘zallik salonida bo‘ladi. Chunki tadbir hamma maktablarda bir kunda va bir vaqtda o‘tkazilgani uchun salonda qizlar ko‘payib ketadi. Navbat juda katta. Mening navbatim kechasi soat 02:00 ga to‘g‘ri keldi. Uxlamasdan, dugonalarim bilan birga o‘sha yerga bordik. Pardoz va soch turmagi uchun 300 ming so‘m to‘ladim. Bundan tashqari, maktabni bezatish uchun, ustozimizga sovg‘a, “Bitiruvchi” tasmasiga ham 250 mingga yaqin pul sarflandi. Umumiy hisobda 1 milliondan ko‘proq pul ketdi. Bitiruv bazmi uchun joy band qilganmiz. Bunga 250 mingdan yig‘dik. Endi bazm uchun libos sotib olishim kerak”...
Ikkita viloyat kesimida o‘rganilgan masalaning natijasi shuni ko‘rsatadiki, maktab bitiruv marosimlari uchun o‘rtacha 1 million so‘m pul sarflanadi. Shu kuni yoshlar orasida kimo‘zarga raqobat ham kuchayadi. E’tiborlisi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bir necha yillardan beri so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirini bunday yo‘sinda o‘tkazishni taqiqlagan va bu haqida kamida bir hafta oldin ijtimoiy tarmoqlarda ogohlantirilgan. Joriy yilda-chi, tartibni saqlash va muammolarning oldini olish uchun qilingan ishlar qanday natija berdi?
Bu yil tartib o‘zgardimi?
Har yili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘z rasmiy sahifasida so‘nggi qo‘ngiroq tadbirlarini o‘tkazish tartibini belgilaydi. Unga ko‘ram quyidagilar taqiqlangan:
– turli restoran va kafelar, xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari”ni oʻtkazish, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestasiyalarini oʻtkazishda, taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlashda oʻquvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan pul yigʻish;
– bitiruv tadbirlarida oʻquvchilardan qimmatbaho sovgʻalar uchun pul yigʻish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish;
– oʻquvchilar guruh-guruh boʻlib xiyobonlar, istirohat bogʻlari, choʻmilish havzalariga borishi.
Ammo joriy yilda bunday ogohlantirish berilmagan. Vazirlikning telegramdagi rasmiy sahifasida “Boshlanayotgan haftada yurtimiz maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tadbir oʻtkazilishi taqiqlangani, cheklovlar oʻrnatilgani haqida turli notoʻgʻri xabarlar tarqalmoqda. Vazirlik shuni ma’lum qiladiki, maktablarimizda so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarini ko‘tarinki kayfiyatda, tantanalar bilan o‘tkazish an’anasi bu yil ham davom etadi. Faqat maktablarimiz jamoalarini, bitiruvchilarimizni, hurmatli ota-onalarimizni tadbirlar jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etishlarini so‘raymiz!” ko‘rinishidagi munosabat e’lon qilingan.
Qat’iy taqiqlar olib tashlandimi?
Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova “Barcha ota-onalar va kattalardan bitiruvchilarning yarim tungacha istirohat bog‘larida yurishi, spirtli ichimlik, tamaki mahsulotlari va taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishi, ko‘chalarda guruh-guruh bo‘lib “kortej”larda yurishi, avtomashina, skuter, samokatlarni olib boshqarishi, anhor, kanal va cho‘milish havzalarida suzishi, yonida tig‘li kesuvchi, sanchuvchi hamda inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan boshqa buyumlarni olib yurishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘rab qolamiz”, deya bitiruvchilar va ularning ota-onalariga murojaat qiladi.
Bundan tashqari, respublika hududida o‘tkaziladigan tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlashga Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilaridan jami 27 ming nafardan ziyodi biriktirilgan. Ammo bu faqatgina 24-may “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tadigan kun uchun tashkillashtirilgan. Bitiruvchilar esa asosan imtihonlardan keyin attestatni qo‘lga olib, katta bazm uyushtiradi. Bu yangilik emas. Taqiqlar mavjud bo‘lgan yillarda ham o‘tkazilgan. Endi nazoratsiz holatda o‘tkaziladi.
Sarvinoz KOMILOVA,
“Yoshlar ovozi” muxbiri