Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BIZ LOQAYD EMASMIZ!

23.5.2023 312

Rustamjon RAHIMBOYEV, Volontyorlik markazi bosh koordinatori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi

100 ga yaqin mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Hukumat qo‘llab-quvvatlanayotgani bois, ko‘ngillilar sektori jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda ham ko‘plab volontyorlik guruhlari mavjud bo‘lib, ularning katta qismini yoshlar, asosan, talabalar tashkil etadi.

Ko‘ngilli yoshlar orasida Buxoro davlat universiteti talabalari ham bor. O‘tgan yili bu oliy o‘quv yurtida ochilgan Volontyorlik markazida “Ma’naviy-ma’rifiy, sport va ommaviy tadbirlardagi volontyorlik”, “Ijtimoiy volontyorlik”, “Eko volontyorlik”, “Tarjimon volontyorlik” va “Media volontyorlik” yo‘nalishlari bo‘lib, 100 nafarga yaqin talaba faoliyat yuritmoqda. Volontyorlik markazi tashabbusi bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, mehr-saxovat, intellektual, aqlni charxlovchi loyihalar, sport musobaqalari, kitobxonlik tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda. Iqtidorli talabalar universitet, viloyat, respublika va xalqaro tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallab, munosib rag‘batlantirilmoqda.

Universitet Volontyorlik markazi va MIREA – Rossiya texnologik universiteti Volontyorlik markazi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad – iqtidorli va tashabbuskor talabalarni zamonaviy ilm-fan sohasiga jalb etish, volontyorlik harakatini kengaytirish, yoshlarda yetakchilik, liderlik hamda kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirishdan iborat. Bundan tashqari, Samarqand davlat chet tillari instituti volontyorlar jamoasi bilan ham do‘stona aloqalar davom etmoqda.

Biz, volontyorlarning bosh maqsadimiz raqobat emas, balki insonlarga yaxshilik qilish, yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish, jamiyatda loqaydlik va beparvolik odatlarining oldini olishdir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish