Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BIZDA KITOBLAR QIMMATMI?

11.1.2023 309

Ziyoda RAHIMBOYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bugun yoshlar orasida kitobxonlikka qiziqish sezilarli oʻsgan. “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Bir bolaga bir kitob” kabi loyihalar, yangi adabiyotlarni chop etuvchi turli nashriyotlarning koʻpayayotgani bu koʻrsatkichga ijobiy taʼsir oʻtkazmoqda. Ammo kitoblar narxining choʻntakbop emasligi, ayniqsa, talaba-yoshlar uchun qimmatlik qilayotgani ham bor gap.

Xo‘sh, kitob doʻkonlari peshtaxtasidan joy olayotgan adabiyotlar chindan ham qimmatmi? Shu mavzuda nashriyot va kitobxonlar fikrini oʻrganishga harakat qildik.

Bozor iqtisodiyotiga oʻtish, ishsizlik muammosi toʻliq yechim topmayotgan, oʻrtacha maosh oylik xarajatlarni toʻliq qoplamayotgan bir davrda non, goʻsht-yogʻdan orttirib, dori-darmon yoki kiyim-kechakdan chegirib, kitob sotib olish ham bir ehtiyojga aylanib borayotgani kishini quvontirsa, bu jarayonning oʻta sekinlik bilan kechayotgani koʻngilni gʻashlaydi. “Ilmga intiluvchan, tashna inson kitob uchun pul sarflashga ikkilanmaydi”, degan qarash toʻgʻri. Buning uchun kitob qimmat boʻlmasligi kerak. Ammo kitob savdosidan tushayotgan daromad nashriyotning ish haqi, ijara, soliq, gaz-chiroq, degan muammolarini qoplab beryaptimi?

Bu haqda “Factor books” nashriyoti bosh muharriri Shavkat Bobomurodov fikriga quloq tutdik:

– Koʻcha tamaddixonalarida ovqatlanish, kiyinish, maishiy texnikalar, hatto arzimagan aksessuarlar uchun xarajatlar bilan solishtirib koʻrilganda, oʻylaymanki, kitobni qimmat deyish unchalik ham toʻgʻri emas. Savdoga chiqarilgan kitoblar narxi xarajatlarni qoplashi tabiiy. Qoplamaganida nashriyotlar kitob chiqarmay qoʻygan boʻlardi. Ammo uncha koʻp ortmaydi, ortgani ham koʻp hollarda ortmaganining kamomadini qoplashga sarflanadi. Bugun yoshlardagi kitob sotib olishga boʻlgan intilishni besh ballik tizimda “5” ball bilan baholayman. Ammo qanday kitobni sotib olish borasidagi didiga katta “2”! Yaxshi kitobxonlar juda kam. Nashriyotimiz ham boshqa nashriyotlar qatori yaxshi kitoblarni koʻpaytirish harakatida.

Koʻplab jahon bestsellerlarini tarjima qilish va nashr etish bilan shugʻullanayotgan “Asaxiy Books” nashriyoti bosh marketologi Miraziz Mirtolibov ham mavzuga oʻz munosabatini bildirib, asosiy maqsadi kitobdan foyda koʻrish emasligi va loyihaning qadriyatlari haqida aytib berdi: “Narx nisbiy narsa. Kimgadir 30 ming soʻmlik kitob arzon, kimgadir esa qimmat tuyulishi mumkin. “Asaxiy Books” kitoblar sifatini yuqori, narxni arzonroq qilishga harakat qiladi. Kitoblar boshqalarnikiga qaraganda qimmatroq sotilsa ham, biz zararga ishlaymiz. Oʻylashimizcha, boshqa kitob doʻkonlarida ham shunday. “Unda nega kitoblarni sotishda davom etaverasiz?” deyishingiz mumkin. Bizning asosiy maqsadimiz, kitobdan foyda koʻrish emas, Oʻzbekistonning istalgan hududidagi har bir odamga jahon bestsellerlarini qulay yetkazib berish va ular kitobni oʻz ona tilida mutolaa qila olishi. “Asaxiy Books” loyihasining qadriyati shundan iborat.  Agar yoshlar orasidagi kitobga qiziqishni 10 ballik shkalada baholaydigan boʻlsak, bu qiziqishni 8-9 ball degan bo‘lardim. Umid qilamizki, yaqin kelajakda bu 10 balga koʻtariladi”.

Koʻrinib turibdiki, kitob narxlari haqida nashriyotlar bildirayotgan munosabatlarda yakdillik bor. O‘z navbatida, kitobxonlar fikriga ham quloq tutdik. Ayrimlar narxlardan qoniqsa, ayrimlar aksincha.

– Kitob oʻqishga qiziqaman. Ijara puli, kontrakt va boshqa koʻplab xarajatlar tufayli baʼzida oʻzim istagan kitoblarni sotib olishga qiynalaman. Yaqinda 4 ta kitobni sotib olmoqchi boʻlganimda ularning narxi 400 ming soʻmdan oshib ketdi. Oladigan stipendiyamiz 500 ming soʻm ekanini hisobga olsak, bu men uchun biroz qimmatlik qildi. Maktab oʻquvchisi yoki talabasi uchun kitoblar qimmatlik qilishini tan olaylik. Bu borada oʻz taklifimni bermoqchiman: har bir nashriyot talaba va oʻquvchi yoshlar uchun tez-tez turli aksiya, chegirmalar oʻtkazib tursa, kitobsevar yoshlar yanada koʻpayar edi. Oʻqishga ishtiyoqi baland, ammo doim sotib olishga imkoniyati boʻlmaydigan yoshlar koʻp, – deydi talaba Sadoqat Rashidova.

“Bizga tekinga berishyapti”

Yana bir tengdoshimiz, kitobxon Bunyodbek Boboxonov narx kitobning sifatli boʻlishini taʼminlaydi, degan fikrni ilgari surmoqda: “Kitoblar qimmat degan fikrga umuman qoʻshilmayman. Ularni qimmat deb aytayotganlarning aksariyati bu kitob bizning qoʻlimizga yetib kelgunicha qancha ishlar qilinishidan xabardor emas. “Asaxiy Books”, “Yangi asr avlodi”, “Hilol Nashr” nashriyotlarining nashr jarayonidan maxsus lavhalarni ijtimoiy tarmoqlarda muntazam kuzatib boraman. Oʻzim ham ilgari kitoblar qimmat deb hisoblardim. Qanday nashr qilinishini koʻrgandan keyin bu fikrim oʻzgardi. Kitoblar qimmat emas, aksincha ularni bizga tekinga berishyapti”

Komila ismli kitobxon doʻstimiz esa viloyatlarga kitob buyurtma qilish tizimi yomon ishlashi haqida shunday deydi: “Buyurtma qilgan 40 ming soʻmlik kitobim Toshkentdan viloyat markaziga yetib keldi. Pochta puli uchun 20 ming toʻladim. Qishlogʻimdan viloyat markazigacha avtobusda 25 ming, uyga olib kelgunimcha yana 25 ming sarfladim”

Yechimi topilgan!

  Dunyoning rivojlangan davlatlarida ham uchrab turuvchi yuqoridagi kabi muammolarga   yechim sifatida internet tarmogʻida onlayn kutubxonalarni tashkil etish va rivojlantirish yoʻli tanlanmoqda. Oʻzbekistonda ham “Ziyouz.com” kabi maʼrifiy resurslarni yanada koʻpaytirish uchun mablagʻ ajratish, aholini elektron adabiyotlardan foydalanishga jalb etish, ularning muqobillarini yaratish vaqti kelgan.

Mualliflik huquqi muammosi, kitobni tarjima qilishdan, dizaynini ishlab chiqishgacha mehnat qilgan noshirlarni ham norizo qilmaslik yoʻllarini ishlab chiqish zarur. “Google” sayti yaratgan “The Google Books” tajribasi va ishlash tizimini oʻrganib chiqish virtual kutubxona yaratish ishlarida asqotishi aniq. Dunyodagi eng yirik ushbu elektron kutubxonada 130 milliondan ortiq kitob raqamlashtirilgan boʻlib, 480 tilga tarjima qilingan. Bu dunyo boʻyicha yozilgan kitoblarning 20 foizi raqamlashtirilib, ushbu kutubxonadan joy olganini bildiradi. Yoshlardagi kitobga boʻlgan qiziqishning “uyqu rejimi”ga tushmasligi uchun ham imkon qadar tezroq yechim berish zarur!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish