Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yaqin 30 yilda bizni qanday kasblar kutmoqda?

27.5.2024 124

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari ma’lumotlari asosida yaqin 30 yilda bizni qanday kasblar kutayotgani, qaysi sohalarga talab yuqori bo‘lishiga oid prognozlarning navbatdagi qismini e’tiboringizga havola etamiz. Maqolada axborot texnologiyalari, biznes va moliya, madaniyat, san’at yo‘nalishlaridagi istiqbolli sohalar bilan tanishamiz.

Axborot texnologiyalari

Axborot texnologiyalari iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan sohalaridan biridir. Raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga kirib bordi. Аtrofimizni turli darajadagi son-sanoqsiz ma’lumotlar o‘rab olgan. Shu tufayli axborot texnologiyalari sohasida ishlashni biladigan mutaxassislar uchun ish joylari kafolatlanadi.

  1. Data jurnalist – katta raqamlar, maʼlumotlarni to‘playdi, tahlil qiladi va undan maqolalar, jurnalistik materiallarning boshqa formatlarini tayyorlashda foydalanadi.
  2. Raqamli transformatsiya rahbari – raqamli vositalar, marketing usullari va biznes tahlillari yordamida jarayonlarni takomillashtiradi. Yangi mahsulot va yo‘nalishlarni yaratish uchun masʼul bo‘ladi.
  3. AT arxitektori – tijorat loyihalarini amalga oshiradi, murakkab AT tizimi arxitekturasini shakllantiradi. Zarur dasturiy taʼminot xususiyatlari yordamida mijozning texnik talablari asosida biznes maqsadlarini muvofiqlashtiradi.
  4. Raqamli lingvist – algoritmlar va neyron tarmoqlar uchun tabiiy tillarda maʼlumotlarni qayta ishlash bo‘yicha mutaxassis.
  5. AI murabbiy – neyron tarmoqlar tomonidan yaratilgan matnni tekshiruvchi kelajak muharrirlari.

Turizm

Global iqtisodiyotning o‘sishi natijasida sayohat qiluvchilar soni yanada oshadi va turizm sohasida talab juda ortib ketadi. Sayyohlarning ehtiyojini qondirish, yana qaytib kelishini ta’minlash uchun sohada rejalashtirish, tashkil etish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish yondashuvini qayta ko‘rib chiqish talab etiladi.

  1. Alohida turlar rejissyori – muayyan shaxsning ehtiyojlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda dam olish dasturlarini ishlab chiqadi. U butun tur davomida aloqada bo‘lib, mijozga virtual hamrohlik qiladi.
  2. Intellektual sayohat tizimlari mutaxassisi – chiptalarni xarid qilish, mehmonxonani band qilish va yo‘nalishlarni rejalashtirish bo‘yicha avtomatlashtirilgan xizmatlarni yaratadi.
  3. Nostalgist – Shizofreniya demensiyasi bilan og‘rigan sayohatchilarga o‘zlarini xavfsiz va baxtli his qilishlariga psixologik yordam beradi.

Madaniyat va sanʼat

Yildan-yilga ko‘pgina kasblar insonlar qo‘lidan robotlarga o‘tib, bu jarayon jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Shu tufayli odamlar kelajakda sanʼat asarlarini yaratishga kirishadilar. Inson asosiy ehtiyojlarni qondirishdan ko‘ra, ijod, izlanish va tabiat bilan muloqotga ko‘proq eʼtibor beradi. Butun kasbiy sohalar o‘zgaradi, ammo madaniyat va sanʼat sohasida yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Sanʼatda taʼlim, turizm, ommaviy axborot vositalari muhim rol o‘ynaydi.

  1. Ilmiy rassom – zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ilmiy tadqiqotlar asosida sanʼat asarlarini yaratadi.
  2. Jamoaviy ijod rahbari – biror bir loyihani amalga oshirish uchun mutaxassislarni bir badiiy guruhga birlashtiradi.
  3. Badiiy baholovchi – zamonaviy sanʼat asarlarining badiiy qiymatini belgilovchi mutaxassis. U raqamli texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar yordamida yaratilgan sanʼat obyektlarini baholaydi.

Biznes va moliya

Blokcheyn va kriptovalyutalar jahon biznes olamida odatiy holga aylanib ulgurgan. Ammo intellektual mulk, vaqt va strategiya singari aktivlar borgan sari qimmatli bo‘lib bormoqda. Kelajak biznesiga moslashish uchun uni nafaqat tushunish, balki oldindan ko‘ra bilish, tezkor qarorlar qabul qilish va keskin o‘zgarishlarga tayyor bo‘lish zarur.

  1. Kriptovalyuta banki operatori – kriptovalyuta o‘tkazmalarini amalga oshiradi, nazorat qiladi, mijozlarga bank operatsiyalari bo‘yicha maslahat beradi.
  2. Intellektual mulkni baholovchi – intellektual mulk mahsuloti qiymatini aniqlaydi, baholash obyektini o‘rganadi, bozorni va aktivlarni tahlil qiladi. Shuningdek, ixtisoslashgan mutaxassislarni jalb qilgan holda qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazadi.
  3. Trend kuzatuvchisi – iqtisodiyot, siyosat, fan, madaniyat va ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlarni o‘rganib, ularning tahlili asosida korxonalarga strategik tavsiyalar beradi.
  4. Iqtidorlarga sarmoya kiritish bo‘yicha fond menejeri – kompaniya uchun istiqbolli xodimlarni tanlaydi, nomzodlar salohiyatini tahlil qiladi. Shuningdek, kelajakdagi yosh xodimlarning ta’lim olishi va rivojlanishiga sarmoya kirita oladigan investorlarni izlaydi.

 

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish