Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“BIZNING YOSH IJODKORLAR”

13.7.2022 1616

Loyiha muallifi: Shahribonu RAHMATOVA

Sanʼat – inson qalbini uyg‘otuvchi, ruhini tarbi­yalovchi, hayotga muhabbat hissini uyg‘otuvchi qudratli kuch. Bu kuch orqali asrlar davomida xalqlarning madaniyati yuksalib kelmoqda. Sanʼatning yaralishi va dunyo yuzini ko‘rishiga turtki bo‘luvchi insonlar ras­som, haykaltarosh, kompozitor, kulol va boshqa shaxslardir. Bizning zaminimizda ham iqtidorli va noyob ijod­korlar juda ko‘p. Mana shunday yosh ijodkorlar va ularning asarlarini xalqimizga tanitish, yoshlarning sanʼatga mehrini oshirish maqsadida yangi – “Bizning yosh ijod­korlar” loyihasini eʼlon qilamiz.

Loyihaning ilk sonida yosh rassom Isomiddin Eshonqulov ijodi bilan tanishamiz. Isomiddin Eshonqulov 2011-2014-yil­larda Benkov nomidagi respublika rassomlik kollejida, 2014-2018-yillarda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy ras­somlik va dizayn institutida tahsil olgan. Uning ijodi bosh­qalarnikidan sezilarli darajada ajralib turardi.

Asarlarida syurrealizm elementlari bo‘lib, u bir-biriga zid, baʼzan esa absurd obrazlardan foydalanadi, insonning ich­ki dunyosi, uning o‘tmishi va kelajagi, koinotdagi o‘rni haqida so‘zlaydi.

“Rasmlarimda men ko‘plab savollarga javob izlayman: inson dunyoda qanday o‘rin tutadi, u qa­yerdan keladi va qayerga boradi, uning ilohiy vazifasi nima, u kim, men kimman, biz kimmiz? Bu savol­lar va odamlar – mutlaqo hamma narsa meni ilhomlantiradi. Va qaysidir maʼnoda rasmlarim menga chuqur taʼsir qiladigan bu savol­larga javobdir. Balki shuning uchun ham rasmlarimni emas, ijod ja­rayonini yaxshi ko‘raman. Rassom sifatida o‘sishga, rivojlanishga va bir kun kelib tarixda iz qoldiradigan rasm yaratishga ahd qilganman”, – deydi rassomning o‘zi asarlari haqida.

2021-yilda Isomiddin Eshon­qulov Shvetsariyaning O‘zbekis­tondagi elchixonasi ko‘magida “Bonum Factum POP ART Urban 2021” galereyasi loyihasida ishtirok etdi, yil boshida uning “Bo‘sh devor­ga nazar” ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Loyiha orqali o‘z ijod namunalarini eʼlon qil­ish istagida bo‘lgan barcha yoshlarni chorlab qolamiz. Bizning manzilimiz:

yoshlar-ovozi@mail.ru

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish