Yillar inson mahoratini oshiradi. Ijodkorimiz qariyb 10 yildan buyon kashtachilik sanʼati bilan shug‘ullanadi. Har gal Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarga borganida yangidan-yangi g‘oyalar bilan qaytadi.
Zarina Husenova Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti amaliy sanʼat va dizayn fakulteti 3-bosqich talabasi. U onasi sabab kashtachilikka qiziqib, ijodiy ishlarini yarata boshlagan. Kashtachilikning sir-asrorini oilasida onasidan qunt bilan o‘rgangan.
Soatlab bir joyda o‘tirishni, kashtadagi kichik detalni tikish uchun ignaning tinimsiz u tomondan bu tomonga borib kelishini tasavvur qiling-a! Zarina yaratgan kashtalarga boqib, uning barmoqlariga qoyil qolasiz. Sanʼatdagi yo‘nalishlar orasidan o‘zbek milliy sanʼati turi – kashtachilikni tanlagani esa olqishga loyiq.
U mana shunday mehnatlari bilan bir qancha xalqaro tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Xususan, Chexiyaning Praga shahrida o‘tkazilgan “Yevropa yulduzlari” nomli 1-xalqaro musiqa va sanʼat tanlovida “Mustahkam oila” nomli kashtachilik ishi bilan ishtirok etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, “Sanʼat mozaikasi” xalqaro tanlov-festivalida amaliy sanʼat – yog‘och o‘ymakorligi, keramika, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, to‘quvchilik, xalq o‘yinchoqlari nominatsiyasida “Zebigardon” loyihasi bilan 1-o‘ringa loyiq ko‘rilgan.
Zarina “Mustahkam oila” nomli ijodiy ishini qadimiy Xiva shahriga uyushtirgan sayohatidan ilhomlanib yaratgan. Bilamizki, azaldan kashtachilik tarixida anor oila ramzi bo‘lib kelgan. U esa anorlarni daraxtda jamlashni o‘ylab, o‘z ishini boshlagan.
– Ushbu ijodiy ishimda anorlarning turliligi bu jamiyatimizda har xil oilalarning mavjudligi ramzidir. Ularning zich joylashuvi aynan biz, o‘zbeklardagi o‘zgacha mehr-oqibat, eʼtibor, mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik belgisidir. Hoshiyalar o‘tmish, hozirgi kun va kelajak ramzi, yaʼni davomiylik belgisidir, – deydi qahramonimiz.