Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“BIZNING YOSH IJODKORLAR” - RANGLAR SO'ZLAGANDA

19.10.2022 508

Loyiha muallifi: Shahribonu RAHMATOVA.

O‘zbekiston tasviriy sanʼatini jahonga tanitishga bel bog‘lagan ijod­korlardan biri Nilufar Ahmadaliyeva. Shu kungacha u respublika va xalqaro miqyosdagi ko‘plab tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritish bilan bir qatorda, ko‘rgazmalar, mahorat darslarini o‘tkazib kelmoqda.

– Har qanday ilm cho‘qqisini zabt etish uchun qobiliyat, harakat, intilish va mehnat talab qilinadi, atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashi inson­ga kuch va dalda bo‘ladi, deydi Nilufar. – Menga esa bu borada oilam ishonchi, ustozlarim o‘gitlari, buvijonim duolari beqiyos kuch bo‘lmoqda. Bolaligimdan rasm chizishga qiziqqanim uchun buvijonim “Barkamol av­lod” markaziga, so‘ng Namangan sanʼat kollejiga olib bordilar va u yer­dagi ustozlarimdan saboq oldim. Rassomlik sirlarini yanada mukammal o‘zlashtirish maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining xattotlik va miniatyura yo‘nalishida magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirmoqdaman.

Rassomning yaratgan har bir asari o‘zi uchun farzandidek aziz, har birining o‘zgacha maʼno va ruhiyati, yuzaga kelish tarixi bo‘lgani kabi Nilufar yaratgan har bir miniatyura asari ham o‘z tarixiga ega. Shu kungacha u tarixiy, anʼanaviy va zamonaviy mavzularda 20 ga yaqin miniatyura kompozit­siyalarini yaratdi.

– Bir kuni Xurshid Davronning “Shahidlar shohi” nomli kitobi eʼtiborimni tortdi va asar voqealaridan ilhomlanib, menda ham tasvirlar orqali asar yaratish fikri tug‘ildi. Ikki yil davomida asardagi bosh qahramon hayoti, faoliyati va o‘sha davr tarixi, liboslari, arxitekturasi undagi naqsh va ornamentlar hamda har bir mayda detallargacha o‘rganib, tarixiy va ilmiy manbalardan maʼlumotlar to‘pladim. Asar voqealari asosida o‘z miniatyura kom­pozitsiyamni yaratdim. Bu asarni “Najmiddin Kubro ja­sorati” deb nomladim, deydi ijodkorimiz.

Bu asar tarixdan va ota-bobolarimizning tinch­lik, ozodlik yo‘lida ko‘rsatgan jasoratlaridan so‘zlaydi, tomoshabinning va kelajak avlodning maʼnaviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish