Shu voqeani eslasam bir kulgim keladi, bir yigʻlagim. Nimadir boʻldi-yu mahalladan yashash joyim haqida ma’lumotnoma olishimga toʻgʻri keldi. Mahallamiz markazini “BBC uzbek” deb atayman. Eng soʻnggi yangiliklarni internetdan avval oʻsha yerdan eshitishingiz mumkin. Pensiya tarqatiladigan kuni mahalla markazidan oʻtish katta xato, ayniqsa, boʻyi yetib qolgan qizlar uchun.
Xullas ertalabdan oʻsha yerga bordim, raisni kutaverib sillam quridi.
– Assalomu alaykum, yashash joyimdan maʼlu...
– Vo alaykum assalom, xoʻsh nima masala boʻyicha kelganding?
– Yashash joyimdan...
– Voy, nima buncha tez gapirasan, qayerga shoshyapsan, ortingdan it quvyaptimi?
– Xoʻp, yashash joyimdan spravka kerak edi, rostdan ham shoshib turibman.
– Hozir, – deya stol tortmasini titkilay boshladi rais. – Iya, buni qara, “blanka” tugab qolibdi-yu!
– Qayerdan olib kelay?
– Yoʻgʻe, sen olib kelolmaysan uni. Bugun emas, ertaga kel.
Qarasam, ish orqaga ketadigan. Keyin miyamga keldi u “blanka” qurgʻur. Sumkamdan pul chiqarib sekingina stol ustiga qoʻydim va:
– Menga bugun kerak edi-da...
Rais bir menga, bir pulga qararkan:
– Ha mayli, qoʻymading-da. Shoshib turganga oʻxshaysan, voy, mana bu yerda turgan ekan-ku, koʻrmaganimni qara, hozir “shes sekund”da yozib beraman. Ana boʻldi.
– “Blanka”laringiz shunday tez-tez tugab turadimi?!
– A, nima deding?
– Rahmat deyman, – deb chiqib ketdim.