Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

G‘ijduvondan chiqmagan bola edim...

30.1.2025 535

Boburbek LATIPOV, G‘ijduvon tumanidagi Fayzulla Xo‘jayev mahallasi yoshlar yetakchisi

Bizning Fayzulla Xo‘jayev mahallamiz yoshlarining faolligi va ular rivojlanishi uchun qilinayotgan samarali tashabbuslari bilan ajralib turadi. Hududimizda 1180 nafar yosh (shundan 564 nafari qizlar) yashaydi. Men ularning hayotidagi o‘zgarishlarni muxtasar yozmoqchiman.

Bo‘sh vaqt. 2024-yilda 1080 nafar yosh “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etish istagini bildirdi. Shashka, shaxmat, vorkaut, armrestling, stritbol va kurash bo‘yicha vakillarimiz musobaqalarning tuman va viloyat bosqichlarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. “Yoshlar ovozi – Bo‘zatov Fest”, “Zakovat”, “Yosh kitobxon”, “Mushoira” “Yosh kitobxon oila” musobaqalarida ham faol qatnashdi.

Bandlik. Shu yili maktabni tamomlagan 92 nafar o‘quvchining barchasi o‘z yo‘lini topib ketdi. 15 nafari ishli bo‘ldi, 5 nafariga imtiyozli kredit ajratildi, 1 nafari rasmiy migratsiyaga yuborildi. 71 nafar o‘g‘il-qiz oliy va kasb-hunar ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqda.

“Og‘ir” toifa. Davlatning e’tibori va g‘amxo‘rligiga muhtoj deb topilgan 15 nafar yosh O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Buxoro viloyat boshqarmasi rahbari Murod Umarovga biriktirilgan edi. Mas’ul rahbar yoshlarning muammolarini o‘rganib, biriga imtiyozli kredit berilishi, ikkoviga ishga joylashishda ko‘maklashdi. Ehtiyojiga ko‘ra, 1 nafar yoshning davolanish xarajatlari qoplandi, yana 1 nafariga moddiy yordam ajratildi. 10 nafar yosh kafillik asosida probatsiya nazorati va profilaktik hisobdan chiqarildi.

Jinoyatchilikning oldini olish. Bu borada profilaktika inspektori va viloyat rahbarlari bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida Fayzulla Xo‘jayev mahallasi “qizil”dan “sariq” toifaga chiqib oldi. 2023-yilda 9 ta jinoyat sodir etilgan bolsa, 2024-yilda 2 ta huquqbuzarlik qayd etilgan.

“Yoshlar daftari”. O‘tgan yili 12 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 67 million so‘mlik moliyaviy yordam olgan. Yil davomida ularning muammolari hal qilinib, hayotini izga tushirishga ko‘maklashildi.

Migrantlar. Yil boshidagi tahlilga ko‘ra, 35 nafar yosh xorijda ishlayotgan yoki o‘qiyotgan edi. Mahalla yettiligi va hamkor tashkilotlar ko‘magida 15 nafar mehnat migrantini yurtimizga qaytardik. Salohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, ular bandligi ta’minlandi, oilasi bag‘rida yashamoqda. O‘ylaymanki, bu yoshlar bilan ishlash borasidagi eng katta yutuqlarimizdan biri...

Yoshlar yetakchisi sifatidagi faoliyatim shaxsan o‘z hayotimni ham tubdan o‘zgardi. Avvallari G‘ijduvondan chiqmagan bola edim. Yoshlar tizimida ishlab, ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishdim. 2023-yilning yanvar-iyun oylarida Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni qayta tayyorlash instituti tinglovchisi bo‘ldim. Faoliyat taqozosi bilan qator tanlov va musobaqalarda qatnashyapman. Masalan, “Yosh kitobxon oila” tanlovining tuman bosqichi g‘olib bo‘lik, viloyat bosqichida qatnashdim. “Yosh huquqshunos” tanlovining tuman bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim. “Ibook.uz”, “OliygohUz”, “Registon”, “KHISO” online olimpiadalarida sertifikatlar olishga erishdim.

2024-yilda “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichi g‘olib bo‘lib, respublikada ham munosib ishtirok etdim. 2024-yil 4-chorak yakunlari bo‘yicha “Top – 100” yetakchi safiga kiritildim.

Shaxsiy rivojlanishim ustida izlanyapman. “Ibrat academy”da turk tilini o‘rganib, sertifikat oldim. Har oyda ikkita kitob o‘qishni odatga aylantirganman.
Kelajakda yoshlar bilan ishlashda yangicha tashabbuslarni hayotga tatbiq va ularga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratishni maqsad qilganman.


2024-yilda “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichi g‘olib bo‘lib, respublikada ham munosib ishtirok etdim. 2024-yil 4-chorak yakunlari bo‘yicha “Top – 100” yetakchi safiga kiritildim.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish