Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Boburnoma” — italyan tilida yoxud G‘arbning Sharqqa tavba-tazarrusi

17.7.2023 4999

Sultonmurod OLIM, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur(1483–1530)ning “Boburnoma” asari o‘zbek adabiyotini dunyo bo‘ylab eng ko‘p yoygan asar hisoblanadi. U hozirgacha 25 xorijiy tilga tarjima qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 25-yanvarda qabul qilingan “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori 2-bandida, jumladan, “Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy-ijodiy merosini, davlatchilik va sarkardalik faoliyatini keng o‘rganish maqsadida xalqaro miqyosda ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e'lon qilish, yangi ilmiy, badiiy-publitsistik asarlar yaratish” belgilangan edi.

Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur(1483–1530)ning “Boburnoma” asari o‘zbek adabiyotini dunyo bo‘ylab eng ko‘p yoygan asar hisoblanadi. U hozirgacha 25 xorijiy tilga tarjima qilingan.

Yаqinda ana shu noyob adabiy yodgorlikning ital`yan tiliga tarjimasi mumtoz adabiyot namunalarini zamonaviy nashr etishning yuksak talablari asosida bosilib chiqdi. Uni Italiyadagi tarixiy ilmiy-ommabop asarlarni chiqarishga ixtisoslashgan butun dunyoda mashhur “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi amalga oshirdi. Ochig‘i, bu bevosita O‘zbekiston tashabbusi bilan yuz berdi. Bejiz emaski, kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning so‘zi bilan ochiladi.

“Boburnoma”ning ushbu nashri mantiqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida eslangan qarori ijrosini ta’minlashga kiradi.

Asarni Federiko Pastore ingliz tilidagi Uiler Takston tarjimasi asosida o‘girgan. U o‘z tarjimasini ko‘plab izoh va sharhlar bilan boyitib, ital`yan o‘quvchisining Bobur satrlari mohiyatiga etishiga ko‘mak bergan. Tarjimon: “Boburnoma” islom tsivilizatsiyasidagi avtobiografik asarning birinchi namunasi hisoblanadi”, – deb yozadi.

Nashrda O‘zbekiston xalq rassomi Malik Nabiev yaratgan Bobur portreti, shuningdek, milliy-ma’naviy merosimizdagi 96 miniatyura berilgan. Miniatyuralar, iloji boricha, asarda tasvirlangan voqealar yoki joylar bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq holda joylashtirilgan.

O‘zi bashariyat tamadduni (tsivilizatsiyasi) – bir butun, ya’ni yaxlit hodisa. Uning ravnaqiga Er yuzining besh qit'asi ahli munosib hissa qo‘shgan. Ammo bunda, ochig‘i, Yevroosiyoning ulushi beqiyos.

Ammo, biz ko‘p asrlar mobaynida ana shu Yevroosiyo xalqlari madaniyatini G‘arb va Sharqqa bo‘lib talqin etdik. Bu ikkisi o‘rtasiga qalin qora chiziq tortdik. Tortganda ham, G‘arb Uyg‘onish davri(XIV–XVI asrlar)dan bu yog‘iga Sharqqa nisbatan bepisand munosabat shakllandi. Holbuki, Birinchi Sharq Renessansi (IX–XII asrlar) uchun G‘arbning qadimgi (antik) davri (miloddan oldingi IV asrlar – milodning I asri) madaniyati qanday asos bo‘lgan bo‘lsa, G‘arb Uyg‘onish davri (XIV-XVI asrlar) uchun ham Birinchi Sharq Renessansi shunday asos vazifasini o‘tadi. Hatto, XIII asrga qadar Italiya hukmdorlari saroylarida aynan islom Sharqi, ayniqsa, arab hukmdorlari saroylaridagi urf-odat, an'ana va tartib-qoidalarga amal qilinganiga tarix guvoh.

O‘tgan asrlarda G‘arbning Sharqqa bepisandlik bilan qarashi Buyuk Sharq asarlari tarjimalariga munosabatda ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Albatta, bunda tarjimonlarni ayblashga hech kimning haqqi yo‘q. Muayyan asarni bir tildan ikkinchisiga o‘girgan tarjimon hamma vaqt ham muqaddas vazifani bajargan bo‘ladi. Ammo, gap o‘sha tarjimani qanday maqsad bilan o‘qish haqida borayotir.

Muqaddas islom dinida: “Hamma narsa – niyatga bog‘liq”, – degan buyuk aqida bor. Har qanday asarni har kim har xil niyat bilan o‘qiydi. Kimdir undan faqat fazilat izlaydi-da, xato va kamchiligini ko‘rmaydi. Boshqa bir kishi, aksincha, undan faqat xato va kamchilik izlaydi.

Tarjima asarga munosabat ham xuddi shunday.

“Boburnoma”ning o‘tgan asrlarda Yevropa tillariga qilingan ayrim tarjimalari, ro‘y-rost aytiladigan bo‘lsa, Markaziy Osiyo, Xuroson, eron, Pokiston, Hindistonni bosib olish, ya’ni mustamlakachilik – kolonizatorlik ilinji 

bilan o‘qildi. G‘arb bu asarni bosib olish maqsadi uchun izchil o‘rgangan zamonlarda biz, sharqliklar uni, o‘z yurtlarimizni himoya qilish uchun bo‘lsa ham, o‘qimadik.

Bu uzundan-uzun mulohazalarni keltirishdan maqsad bor: tan olib aytish kerakki, bu ital`yancha nashr G‘arbning ana shu eskicha qarashini butunlay sindirib tashladi.

Birinchidan, bugun dunyo G‘arbning Sharqqa bepisand munosabati asossiz ekanini anglab etdi. Chunki bashariyat taraqqiyoti bilan bog‘liq sivilizatsiyalarning ko‘chib yurishi qonuniga binoan, Sharq yana qayta uyg‘ondi, Yаponiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur va hokazo mamlakatlardagi taraqqiyot buni to‘la isbotladi. “Bir kun ko‘l bo‘lgan joy cho‘l bo‘ladi, bir kun cho‘l bo‘lgan joy ko‘l bo‘ladi”, degan o‘zbek xalq maqoli mag‘zida aynan ana shu tamaddunlarning ko‘chib yurishi ko‘zda tutilgan. Bir zamonlar G‘arb o‘zining antik davrdagi tsivilizatsiyasini unutgan, undan butunlay uzilib qolgan edi. Bizdagi Birinchi Renessans davri, ya’ni IX-XII asrlarda lotin va yunon tillaridagi noyobdan-noyob buyuk asarlar arab tiliga o‘girildi. Shu tariqa ular yana qaytadan umumbashar mulkiga aylantirildi. Bundan keyin yuz bergan G‘arb Uyg‘onish davrida esa, aksincha, evropaliklar o‘z tarixiy meroslarini sharqliklar sharofati bilan arab tili orqali o‘rgana boshlashdi. XX-XXI asrlarga kelib, yana vaziyat butunlay o‘zgardi – endi Sharq o‘z tarixiy merosini G‘arb ilmiga suyangan holda o‘rgandi. “Qaytar dunyo” deganlari shu.

Ikkinchidan, madaniyatlarning bir-biriga o‘xshamasligi hali ulardan birining ikkinchisidan ustun yoki past darajada ekanini anglatmasligi ayon bo‘ldi. Har qanday madaniyat qaysidir jihatlari bilan boshqa madaniyatlardan ustun bo‘lishi mumkin-ku.

Uchinchidan, globallashuv jarayonidagi manfaatlar birligi hamma zamonda ham bunday ayirmachilikni inkor etadi.

To‘rtinchidan, “Boburnoma”ning italyancha tarjimasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning so‘zi bilan ochilishi har qanday kitobxon ong-shuurida bu asarning naqadar buyuk ahamiyatga ega ekani haqida o‘ylashga undaydi.

Beshinchidan, tarjima nashriga Sharq maqzusidagi asarlari bilan tanilgan ital`yan olimi va adibi Franko Kardinining “Yozishni yaxshi ko‘radigan buyuk hukmdor yoxud hukmdorlikni yaxshi ko‘radigan buyuk adib” sarlavhali badia(esse)si ilova qilingan. Ochig‘i, bu “Kirish” butunisicha “Boburnoma” va uning muallifiga munosabat bahonasida amalda G‘arbning Sharqqa munosabatini o‘zgartirishga da’vat sifatida yangragan.

Shu jihatdan bu nashr global ahamiyatga ega. Chunki, u ital`yan madaniyatining o‘zbek madaniyatiga yangicha munosabatigina emas, yalpi olganda, G‘arbning Sharqqa yangicha munosabati yanglig‘ qabul qilinishi zarur.

Franko Kardini “Boburnoma”ga yuksak madaniyat yaratgan buyuk xalqning boy merosi sifatida qaraydi. Ishonadi, o‘quvchisini ham ishontiradiki, bu asarni o‘qiy boshlagan evropalik undan bosh ko‘tarolmay qoladi, ya’ni uni oxirigacha katta qiziqish bilan mutolaa qiladi. Olim va adib ana shu evropalik kitobxonga uqtiradiki: “...Hindistondagi Buyuk Mo‘g‘ullar yoki, aniqrog‘i, Buyuk Boburiylar sulolasi hashamatini ko‘z oldimizga keltirishning o‘zi etarli, bunda biz butunlay “boshqa Renessans”ni ko‘ramiz, undagi hashamatli shaharlar, saroylar va bog‘lar bizdagilar bilan teng edi, hatto, bizdagi madaniy taraqqiyotning eng cho‘qqisi bo‘lgan davrlardagidan ham ustun kelar edi...”.

Shu va shunga o‘xshash fikr-mulohazalarini bayon etar ekan, atoqli publitsist ichki jasorat bilan go‘yoki butun G‘arb ahli nomidan Sharq xalqi oldida tavba-tazarru qilgandek bo‘ladi: “Biz, “G‘arb ahli”ning dunyoning boshqa barcha madaniyatlari oldida ulkan qarzimiz bor: chunki hujum qildik, taladik, ularni o‘zimizga bo‘ysundirdik, shuni o‘ylamadikki, hatto, nasroniylik orqali qayta ko‘rib chiqilib, nazardan o‘tkazilgan Rim huquqi ham bizga bosqinchilar, qotillar, zolimlar tarzida ish ko‘rishimizga qo‘yib berdi. Biroq, ehtimol, bundan ham jiddiyroq bo‘lgan xalqlarning mol-mulki, erki, hattoki, hayotini tortib olish, ularni bizdan ko‘ra boshqacha yashagani va fikrlagani, bizning zo‘ravonligimizga qarshi turish uchun bizdagiga teng keladigan qurollari ham, ba’zan, hatto, istaklari ham yo‘qligi uchungina tinimsiz ravishda “past tabaqa” hisoblab, hech qachon, boringki, yaqin-yaqin davrlargacha ham ulardagi fan, san'at, go‘zallik bilan hisoblashmadik, bizni faqat va faqat iqtisodiy tomongina qiziqtirdi”.

Shulardan kelib chiqib, “Boburnoma”ning italyancha tarjimasini, G‘arbning bizning boy milliy merosimiz, shu bahonada, butun Sharqqa munosabati keskin o‘zgarganining yorqin namunasi, deyish mumkin.

“Bu nashrning global ahamiyati” deganda biz aynan shuni ko‘zda tutdik.

Buning uchun “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi jamoasiga, shaxsan muhtaram direktor Sandro Tetti janoblariga, shu nashrga bosh qo‘shgan barcha mutaxassislarga samimiy tashakkurlarimizni izhor etamiz.

Bir orzu sifatida shuni aytish – kerakki, atoqli sharqshunos, filologiya fanlari doktori, professor ustozimiz Najmiddin Komilovning bir paytlar O‘zbekistonda shov-shuv bo‘lgan mashhur “Ibn Sino va Dante” monografiyasi ham o‘girilib, chop etilsa, a’lo ish bo‘lar, ital`yan kitobxonlari ikki xalq madaniyati va ma’naviyati o‘rtasida tig‘iz aloqalar uzoq tarixlarga borib bog‘lanishini yanada teranroq his etar edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish