Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bolangizga kitob o‘qib berasizmi?

21.6.2024 441

MHTI tahlillari asosida tayyorlandi

Har yili dunyoda 249 million nafarga yaqin bola muayyan resurslar yetarli bo‘lmagani oqibatida rivojlanishdan orqada qolmoqda. Kognitiv va ijtimoiy-emotsional qobiliyatni rivojlantirish maqsadida yoshlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar kelajakdagi iqtisodiy samaradorlikning poydevorini yaratadi. Bola 3-5 yosh oralig‘ida paytida miyasida neyronlar shakllanadi. Shu bois davlat ijtimoiy dasturlarida mazkur yoshdagi bolalarga alohida e’tibor qaratish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Uyda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarning mavjudligi tarbiyachi va bolalarning o‘zaro munosabatlarini rivojlantiradi hamda bolalarning umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Bu ko‘plab tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston sharoitida uning ta’sirini tekshirish maqsadga muvofiq.


Shu bois Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistonda 3-5 yosh oralig‘idagi farzandlari bor oilalarda bolalar adabiyotinning mavjudligi va savodxonlik-hisoblash qobiliyatining rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Bog‘liqlikni tekshirish kitoblar sonidan tashqari bir qancha omillarga asoslangan. Xususan: oila a’zolarining bolaga kitob o‘qib berishi, onaning ta’lim darajasi va oilaning moliyaviy holati.
Empirik tahlillar natijasi O‘zbekistondagi oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar sonining 1 birlikka oshishi ularning savodxonlik-hisoblash ko‘nikmalarining normal rivojlanganlik darajasida bo‘lish ehtimolini taxminan 12,39 foizga oshirishini, oilasida kimdir kitob o‘qib bergan bolalarning me’yordagi aqliy rivojlanish darajasiga ega bo‘lish ehtimoli kitob o‘qilmagan oiladagi bolanikiga nisbatan taxminan 1,949 baravar yuqori bo‘lishini ko‘rsatdi.

Tadqiqot natijalari


Lerl va boshqalarning (2012) tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, ota-onalarning farzandlari bilan birgalikda kitob o‘qishi ularda kognitiv qobiliyatning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi va iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. Kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqot (Opel A. va boshq., 2009) ham kitoblar bolalarning o‘zini namoyon etishi va kelajakdagi aqliy rivojlanish darajasi (IQ)ga ta’sir qilishini ko‘rsatdi.
S.Neuman (1997) kitob tarbiyachi–bola munosabatlarini yaxshilashi hamda bolalarning o‘qish va hisoblash qobiliyatini rivojlantirishga hissa qo‘shishini ta’kidlagan. Tadqiqot natijalari uyda kitoblarning mavjudligi va kitob o‘qish ota-ona bolalar orasida mehr va hamdardlik tuyg‘usining yaxshilanishida yordam berishini ko‘rsatdi (Myurrey va boshq., 2016).


Bundan tashqari, tadqiqotlarda ota-onalar saviyasi bolalarning savodxonligi va hisoblash qobiliyatiga ta’sir qilishi mumkinligi (Senechal va boshq., 2002), kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda bolalar uchun mo‘ljallangan zarur dasturlarning yo‘qligi ularning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir etishi mumkinligi qayd etilgan (Heckman, 2006). L.Vigotskiyning (1978) tadqiqotlarida oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning mavjudligi kambag‘al mamlakatlarda boy mamlakatlardagiga qaraganda ko‘proq ijobiy natija berishi mumkin, deb e’tirof etiladi.


Aleksandr va boshqalar (2019) tomonidan 35 ta mamlakatning Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqoti (MICS) ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan tadqiqot bolalar adabiyoti va bolalarning savodxonlik-hisoblash qobiliyati o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganilgan yirik tadqiqotlardan biridir.


Savodxonlik-hisoblash indeksi


MHTI mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotda ma’lumotlar bazasi sifatida YUNICEFning 2021-2022-yillarda O‘zbekistonning barcha viloyatlarini qamrab olgan Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqoti (MICS) ma’lumotlari olindi. Tadqiqotda qo‘llanilgan omillarning o‘zaro mos tushuvchi ko‘rsatkichlar qatori ajratib olganidan so‘ng 758 ta kuzatuvga ega tahlil bazasi shakllantirildi.
Bunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti metodologiyasi asosida ishlab chiqilgan savodxonlik-hisoblash indeksi (SHI) asosiy erkin o‘zgaruvchi qilib olinadi. Mazkur indeks so‘rovnoma orqali 3-5 yosh oralig‘idagi bolalarga berilgan quyidagi 3 ta savol asosida shakllantirildi:
1. Alifbodagi kamida beshta harfni tanishi;
2. Birdan beshgacha raqamlarni bilishi;
3. O‘z ismini yoza olishi.

Tahlilga ko‘ra, O‘zbekistonda uyida kamida bitta adabiyot bo‘lgan bolalar ulushi 73,6 foizni, uyida 10 dan ortiq kitob bor bolalar ulushi 13,9 foizni tashkil etadi. Biroq 26,4 foiz bolalarning uyida ularga mo‘ljallangan kitoblar yo‘q. Shu bilan birga, so‘rovnoma bolalarning deyarli 35 foizida SHI indeksi me’yorda ekanligini ko‘rsatdi.

Davlat qanday siyosat yuritishi kerak?


Tadqiqot natijalaridan ko‘rinib turibdiki, oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning miqdori va oila a’zolarining kitobxonlik odati O‘zbekistonda bolalardagi savodxonlik-hisoblash indeksiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalariga asoslanib, hukumat kuchli inson kapitali bilan millatning intellektual salohiyatini ko‘tarish uchun muayyan siyosatni qo‘llashi mumkin.
Jumladan, yosh bolali oilalarga qaratilgan erta savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda yuqorida aniqlangan bog‘liqlikni nazarda tutish maqsadga muvofiq. Mavjud ona va bola salomatligi dasturlariga o‘qishni targ‘ib qilishni qo‘shish, ota-onalarga bolalarni erta yoshdan o‘qitishning muhimligi haqida ma’lumot berish lozim. Bunda keng auditoriyani qamrab olish uchun turli media kanallardan, shu jumladan, televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish mumkin. Bundan tashqari, kitob sotib olish uchun subsidiyalar, chegirmalar berish uchun noshirlar bilan hamkorlik qilish yoki jamoat kutubxonalarini tashkil etish taklif etiladi.
Bolaning yoshlik chog‘idan adabiyot bilan ta’minlanishi kelajakda aqlan yetuk inson sifatida kamol topishi, nafaqat o‘zining, balki butun mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
MHTI tahlillari asosida tayyorlandi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish