Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bolalar kelajagiga befarq boʻlmaylik

19.6.2024 1168

Otabek Usmonov

Inson kamolotida oilaning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, yosh bolalarning katta hayotga qadam qo‘yishida eng muhim omillardan biri bu – oiladagi  muhit hisoblanadi. Ota-onaning farzandi va insonlarga bo‘lgan munosabati, o‘zini tutishi, qadriyatlar va insoniy fazilatlarga egaligi bola shaxsiyatining rivojlanishida juda muhim rol o‘ynaydi. Dono xalqimiz bejiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deya ta’kidlamaydi. Bugun oiladagi zo‘ravonlik, urush-janjal, ajrim kabi  salbiy xatti-harakatlarga guvoh bo‘lib o‘sayotgan bolalarning ahvoli ertaga qanday kechadi?

Texnologiyaning rivojlanishi sababli bugun insonlar aqlli gadjetlar va internet tarmog‘idagi ko‘plab ma’lumotlarga egalik qilishmoqda. Xususan, oxirgi paytlarda tarmoqda chiqayotgan xabarlar inson ta’bini xira qilishi, joiz bo‘lsa, ota-onalarga nisbatan nafrat ko‘zi bilan qarashga xizmat qilmoqda. “Ammasi qaramog‘iga berib ketilgan chaqaloq kaltak yegani sababli vafot etdi”, “Ona bolalari bilan ko‘p qavatli uydan sakrab o‘z joniga qasd qildi”,  “Yangi tug‘ilgan chaqaloq shifoxona eshigi oldiga tashlab ketildi” yoxud “Voyaga yetmagan qizni ota-onasi oila qurishga majburladi” qabilidagi xabarlarni o‘qiyverib, diydamiz qotib ketdi, nazarimizda.

Bolajon xalq deya e’tirof etiladigan xalqimiz orasida bu kabi xabarlarning tarqalishi insonning ko‘nglini xira qiladi. Bugun maktab yoshida bo‘la turib,  katta hayot mashaqqatlarini bo‘yniga olgan, ko‘chalarda salfetka sotishga majbur bo‘layotgan norasidalarning taqdiri nega hech kimni o‘ylantirmayapti? Oiladagi notinchlik sabab majburiy mehnatga jalb etilayotgan yoxud ota-onasi tomonidan yetarlicha e’tibor ko‘rmay ko‘cha hayotida yashayotgan bolalarning soni kun sayin ortib borayotganligi achinarli hol.

“UNICEF” ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda dunyoda 650 million nafar 18 yoshga to‘lmagan ayol erta turmushga chiqqan. Rasmiy ma’lumot esa, Osiyo davlatlarida 38 million qiz 18 yoshga to‘lmasdan, shuningdek,  13 millionga yaqini 15 yoshda turmush qurganini ko‘rsatgan. Mamlakatimizda 2019-yildan boshlab, nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan. Respublika hududida 2018-yilda 5123 ta erta nikoh holati qayd etilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich  43 tani tashkil etgan.  Bu esa kelib tushgan va aniqlangan holatlar, xolos. Bundan tashqari,  qancha oilalarda majburiy tarzda, ota-onaning taziyqi sabab erta turmush holatlari ochiqlanmayotganligi bizga real holatni to‘la akslantirib bermayapti. Hali oila qurish, hayotning sinovlari va mashaqqatlariga tayyor bo‘lmagan, o‘zining bolaligi tugamagan bu yoshlarning oila qurishi hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Erta turmush sababli dunyoga keladigan farzandlarni voyaga yetkazish va ularni shaxsiyatini shakllanishida kelib chiqadigan muammolarni esa, o‘zingiz tasavvur qilavering!

Olimlarning tadqiqot natijalariga ko‘ra, bola shaxsining rivojlanishida oiladagi muhit juda yuqori o‘rinni egallaydi. Ota-onaning farzandiga nisabatan bee’tiborligi, turli psixologik va jismoniy jarohatlar yetkazishi uni kelajakda agressiv xarakterga ega bo‘lishiga olib keladi. Ammo ba'zi hollarda noto‘g‘ri tarbiya bilan bir qatorda bolalarga nisabatan o‘ta shafqatsiz munosabatda bo‘layotgan, moddiy manfaati yo‘lida ularni sotib yuborayotgan, qasos olish maqsadida azoblayotgan hamda turli xil ishlarga majburlash holatlariga guvoh bo‘lyapmiz.  Modomiki, bu kabi holatlar davom etarkan, bolalarning keyingi taqdirini o’ylash shunchaki dahshatli.

Jahon tajribasida bo‘lgani kabi bizning malakatimizda ham bolalarning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar mavjud. Ammo afsuslar bo‘lsinki, ko‘p hollarda biz ularning bayonotini bolalarning jabr ko‘rganidan keyin eshitib qolamiz. Ayniqsa, ko‘pchilik bunday tashkilotlarning mavjudligi haqida ham ma’lumotga ega emas. Ha, to‘g‘ri, o‘zining pushti kamaridan bo‘lgan bolasiga rahm qilmagan, uning kelajagiga befarq bo‘lgan ota-ona e’tibor bermaganda, bu tashkilotlar nima qilsin dersiz. Ammo qonunlarimizda yozilganidek, mamlakatimizda inson qadri va qiymati yuqori o‘rinda turar ekan, bolalarning huquq va erkinliklari himoya qilinishi kerak. Bosh qomusimizning 77-moddasida “Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqish, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topish xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”, deb keltirilgan. Shuningdek, 32 ta moddani o‘z ichiga olgan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi qonunimizda ham bolaga balog‘at yoshiga qadar g‘amxo‘rlik qilinishi, unga turli tazyiqlar keltirilmasligi va majburiy mehnatga jalb qilinmasligi belgilab qo‘yilgan. Bolalar ombudsamani viloyat va shaharlarda bolalarning huquqlarini ta’minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirayotganini ma’lum qilayotgan bir paytda, bolalar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ko‘paymoqdaki, aslo kamayyotgani yo‘q.

Bugun dunyo maqyosida zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar avjiga chiqmoqda. Turli xil siyosiy, iqtisodiy sabablar tufayli millionlab bolalar nobud bo‘layotganligi haqida xabardor bo‘lyapmiz. Ammo tinchlik hukm surayotgan yurtimizda bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishga nima sabab bo‘lmoqda? Buni keltirib chiqarayotgan omillar qatorida esa erta turmush qurish holatlari, tomonlarning oila qurishga tayyor emasligi, o‘z majburiyatlarini bilmasligi va majburiy nikoh sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning ortib borishi, kelajakka bo‘lgan tahlikani yanada orttiradi. Oilada yaxshi tarbiya ko‘rmagan, doimiy ravishda kamsitilgan, shuningdek, ota-ona o‘rtasidagi muammolarning qurboni bo‘layotgan bolalarga himoya zarur. Bolalarni himoya qilish uchun birgina davlat tashkilotlari emas, balki ota-onalardan tortib, butun jamiyat vakillari mas’uliyatni his qilmog‘i darkor. Sababi xalqimizda azaldan mavjud bo‘lgan “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” iborasi barchamizga yod bo‘lib ketgan. Bugun mana shu iboralar faqatgina tilda qolganligini, uning isboti o‘laroq ishlar hali o‘z natijasini to‘liq bermayotganiga guvohmiz. Bolalarning yaxshi sharoitda ulg‘ayishiga, hayot yo‘lini mustaqil ravishda tanlashiga va jamiyat uchun kerakli shaxs bo‘lib ulg‘ayishiga hammamiz javobgarmiz. Zero, noto‘g‘ri yo‘ldan borayotgan, qabih qilmishlarga qo‘l urayotgan yoshlarning bu holga kelishida birgina oila a’zolari emas, jamiyat ham turibdi. Biz ana shu daxldorlik tuyg‘usini his qilishimiz zarur.

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, bolalar va ularning kelajagi uchun  salmoqli  ishlar qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Bola tarbiyasi, dunyoni anglashi, yaxshiliklarga moyil bo‘lib ulg‘ayishi alohida e'tiborga olingan. Bugun esa, bu kabi holatga kamdan kam duch kelamiz. Farzandiga baqirayotgan, uni sazoyi qilayotgan yoxud unga nisbatan kuch ishlatayotgan ota-onalar oramizda yo‘q emas.

Dinimizda farzand tarbiyasi va kamoloti xususida alohida e’tibor beriladi. Qur’oni-Karimda keltirilgan: “Ey imon keltirganlar! Allohga va Rasulga (buyruqlariga) xiyonat qilmangiz va (bir-biringizdagi qoʻygan) omonatlaringizga (ham) bilib turib xiyonat qilmangiz!” (Anfol surasi, 27-oyat).

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Har biringiz oʻz qoʻl ostingizdagilarga vasiy va masʼuldirsizlar. Imom oʻz qoʻl ostidagilarga vasiy va masʼuldir. Erkaklar oʻz oila aʼzolariga vasiy va masʼuldirlar, ayollar oʻz erining uyidagi bor narsalarga masʼuldir” (Buxoriy va Muslim rivoyati).

 Bugun ko‘pchilik ota-onalar farzndiga tarbiya berishni ustozlarning bo‘yniga qo‘ygan. Farzandining yomon xislatlaridan xabardor bo‘lganda ustozlarni ayblashga tushib ketadi.  Ota-ona ustozlarning xizmatini yuksak sanashi kerak. Ustozlarni ayblash o‘z mas'uliyatini boshqaga yuklash deganidir. Shariatning vojib degan hukmini tushunishimiz kerak. Bu degani mazkur ish qilinmasa yoki buzib qilinsa, ota-ona gunohkor bo‘ladi. Farzandini noqobil o‘stirgan ota-ona albatta gunohkor bo‘ladi. Oxiratda Alloh noqobil farzandlar uchun ularni javobgar qiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi” (Ayyub ibn Muso roziyallohu anhudan, u kishi otasidan, u kishi bobosidan - Termiziy rivoyati) deganlarida, farzandning kelajakda jamiyat oldidagi mas'uliyatini bildirsa, ikkinchi tomondan otaning farzand oldidagi majburiyatini ham bildirib turadi.

Bolalarni tarbiyalashda quyidagi tadbirlar  ahamiyati sanaladi:

-  Ota-onalar farzandlariga mehr bilan ham, g‘azab bilan ham g‘amxo‘rlik qilishlari kerak. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Har bir narsaga haddan tashqari mehr qo‘yish ko‘zni ko‘r, quloqni kar qiladi”, dedilar.

- Ota-ona farzandini vaqti kelganda erkalashi kerak. Biroq, har doim shunday bo‘lish yaxshi emas. Ko‘nglining o‘rnini to‘ldirishga tayyor bo‘lgan ota-onaning farzandi uchun qadri yo‘q. Ehtimol, bir kun kelib, bola o‘z farzandining fikrini o‘zgartirgan ota yoki onadan nafratlanadi yoki hatto undan yuz o‘giradi. Ayni kunlarda ba'zi ota-onalar farzandlarimiz biz ko‘rmagan narsalarni ko‘rsin, deb o‘z farzandlari bilan xohlaganini qiladilar. Albatta, ota-ona farzandiga nima topsa, bu ma’lum. Biroq, ota-ona farzandi millatiga va qadriyatiga to‘g‘ri kelmaydigan narsalarni talab qilsa, uning talabini qondirmasligi kerak.

Mutafakkirlarimiz ham oiladagi tarbiyaning muhimligi xususida qator o‘zlarining fikr va mulohazalarini berganlar. Xususan, jadid adibimiz Abdulla Alvoniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo halokat” iborasi - millat taqdiri farzandlarimiz qo‘lida ekanligiga ishora edi.

Bugun ana shu so‘zlarning ma’nosini anglab yetmagan, umrini ijtimoiy tarmoqlarda behuda o‘tkazayotgan ayrim ota-onalarga eslatmoq joizki, farzand tarbiyasi ularning majbruyatidir. Ular jamiyat va farzandlari oldida o‘z vazifalarini sidqidildan ado etmoqliklari darkor. Ammo qancha urinmaylik, bu so‘zlarning inkorini ko‘rib turibmiz. Farzandlarini qiynoqqa solayotgan, ularni bolaligidan mahrum qilayotgan, ruhiy zarba berayotgan insonlar kelajak uchun ham zarar yetkazishmoqda.

Yaqinda “Gazeta.uz” saytida Qashqadaryoda 20 kunlik chaqaloq shifoxona eshigi oldiga tashlab ketilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha,  shifoxona eshigi oldida shaxsi noma’lum inson tomonidan 20 kunlik chaqaloq tashlab ketilgan. Hatto hayvon ham o‘z bolasini katta bo‘lgunicha asrab-avaylaydi. Mutafakkirimiz Abdulla Avloniy yozganidek:  

"Tug`ib tashlash bilan bo`lmas bola, bo`lg`ay balo sizga,

 Vujudi tarbiyat topsa bo`lur ul rahnamo sizga.

Temirchining bolasi tarbiyat topsa, bo`lur olim,

 Buzilsa xulqi, Luqmon o`g`li bo`lsa, bo`lg`usi zolim".

Farzandini dunyoga keltirib, undan keyingi jarayonlarga ahamiyat bermaydigan ota-onalar sababli qanchadan qancha bolalar mehrsiz katta bo‘lmoqda. Vaholanki, Alisher Navoiy hazratlari “Yosh bolaning juda kichik yoshidan boshlab tarbiyalamoq zarur. Tarbiya insonga o‘zida yaxshi odat va fazilatlar xosil qilishga yordam beradi”,  deb   bejiz ta’kidlamagan.

Yana bir holat Samarqand viloyatida yashovchi bola bilan sodir bo‘ldi. Maktab yoshidagi bola avtomobilning salon qismidan oyog‘i zanjir bilan bog‘langan holatda topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, unga nisbatan bu harakat ustozi tomonidan amalga oshirilgan va maqsad uni jazolash bo‘lgan. Bu haqda “Kun.uz” sayti xabar bergan. Ayrim insonlarning bolalarga bunday munosabatini ko‘rib, inson ekanligiga shubha bilan qaray boshlaysiz! Vaholanki, ilmiy tadqiqotlarda ham bolaning qo‘rqitilishi uning kelajagi va shaxsiyati uchun juda katta zarar ekanligi isbotlangan.

Yevropa mamalakatlarida bola tarbiyasi va uni turli xil zo‘ravonliklardan himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatni to‘g‘ri bo‘lishiga, bolaga turli jismoniy hamda ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmasligi qonun darajasida belgilab qo‘yilgan. Biz ham mana shu kabi holatlarni inobatga olgan holda bolaning jamiyat va oiladagi rolini mustahkamlashimiz, uning haq-huquqlarini himoya qilishimiz zarur.

Bugun oila qurayotgan va oila qurish arafasida turgan yoshlarning bola tarbiyasi va uni balog‘atga yetkazish borasidagi bilimlarini shakllantirish va ularga to‘g‘ri  tushunchalar berilishi lozim. Erta turmush qurish holatlarini oldini olib, farzandlarning erkinligi ta’minlanishi kerak. Zero bugun bolalarning vazifasi ko‘chada salfetka sotib, tilanchilik qilish emas, aksincha chiroyli tarbiya va ilm olishdir.

Ota-onadan farzandga nisbatan yaxshi munosabatni shakllantirish uchun mutaxassislar, jamiyat vakillari, ziyoli insonlar tomonidan yosh oila vakillari bilan suhbatlar o‘tkazilishi darkor. Zero bugun sog‘lom muhitda tarbiya olib, kamol topgan bola kelajakda buyuk inson bo‘lib yetishadi. Uning yetuk inson bo‘lib yetishishi  butun xalq va millat uchun manfaatlidir. Ota-onalardan esa farzandlari kelajagiga befarq bo‘lmaslikni va ularga g‘amxo‘rlik qilishlarini so‘rab qolaman. Bugun endigina qanot chiqarayotgan polaponlarning uchishlari uchun imkoniyat yarataylik. Ularni qanotlaridan ayirmaylik.

Bugungi imkoniyatlar davrida, bolalarga ruhiy va jismoniy jarohatlar emas, ularga to‘g‘ri tarbiya hamda qo‘llab-quvvatlov zarur. Yetuk shaxs sifatida gavdalanadigan har  bir yosh avlodning kamolotiga biz ham sherik bo‘lmog‘imiz darkor. Har bir bola g‘amxo‘rlik ko‘rishga, shuningdek, yaxshi va sog‘lom muhitda o‘sishga haqli.  So‘ngso‘z sifatida  yozuvchi Jeym Boldvinning “Bolalar hech qachon kattalarga quloq solishmagan bo‘lishsa ham, ular kattalarga taqlid qilishda hech qachon xato qilishmagan” so‘zini qo‘llashni joiz deb, bildim. Bugun bizning bajarayotgan harakatlarimiz, kelajakda farzandlarimiz tomonidan takrorlanadi. Shu sabab yanada hushyorroq bo‘lishimiz va e’tiborni kuchaytirishimiz zarur.  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish