Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BU KO‘ZLARDA SHAHD BOR, OLOV BOR!

22.2.2023 1769

Xolida MUSULMON

Bahor nafasi dimoqqa uriladi. Yashillikka burkanayotgan dasht sizni bahoriy marosimlarga chorlaydi. Tez orada barcha vohalar sayil, sumalak bazmi, ko‘pkarining shovqin-suroniga to‘ladi. Qishdan orziqib chiqqan ko‘ngillar o‘zini kengliklarga otadi.

Qir-adirlikda o‘tadigan milliy o‘yinlarimizning eng shiddatlisi, shubhasiz, ko‘pkaridir. Turkiy xalqlar uloqni, asosan, to‘y-bazmlar, g‘alaba va hosil bayramlari, xalq sayillari munosabati bilan o‘tkazgan.

Toshkent viloyatining Piskent tumanida o‘tkazilgan ko‘pkari ham xalqning qadimiy marosimlarga naqadar ishqiboz ekanligini ko‘rsatdi. Tomoshabinlar, asosan, er yigitlar. Ular orasida akalariga ergashib kelgan bolakaylar ham uchraydi.

Davrada shiddatni, g‘ayratni his qilasiz. Kimdir o‘z hududi sharafini himoya qilib, “bum-baka-bum” qilsa, birov o‘lja tortib ketayotgan o‘smir yigitni olqishlaydi: “E qoyil, otangga balli!”.

Pishqirgan otlarning ko‘zida olov bor, chavondozlarning yuragi yonadi, to‘dadan o‘z o‘ljasini uzib chiqib, marraga intiladi. Mikrofondan oqsoqolning ovozi eshitiladi: “Ha, polvon, mahkam bo‘l! Mahkam bo‘l-e!”.

 So‘zlar qulog‘ingizga urilar ekan, mard yigit o‘z g‘ururini qanday shiddat bilan himoya qilishi kerakligini ko‘rib, o‘yinni miriqib tomosha qilasiz. Tomoshabinlar gavjum. O‘g‘li bilan kelgan otalar farzandini boshiga ko‘taradi, mashina ustiga chiqarib qo‘yadi. Zero, farzandlari ko‘pkarini ko‘rsin, qalbiga yigitlik olovi kirsin, polvonlardek g‘ururli bo‘lsin.

Mardlik va jasurlik ramzi bo‘lgan uloqdan so‘ng hamma o‘ljasini aravasiga ortadi-yu, o‘z uyiga – tepa to‘yiga ravona bo‘ladi. Tulporlar tepkilagan, chiqindilar uloqtirilgan tuproq esa yastanib qoladi...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish