Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bu yil B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchilar maktablarda chet tilidan dars bera olmaydimi?

22.7.2024 635

O‘zbekiston maktablarida chet tili o‘qituvchilari kamida B2 sertifikatiga ega bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi talab yengillashtiriladi. Bu haqda Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov “Daryo”ga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Hukumat qarori bilan 2024/2025-o‘quv yiligacha maktab, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarining xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan. Erkin Murodov qaror ijrosi qay darajada bajarilayotgani haqidagi savolga mazkur talabni yengillashtirish ko‘zda tutilayotganini aytdi.

“Hukumat qarori bo‘yicha yangi o‘quv yilidan boshlab B2 sertifikati bo‘lmagan o‘qituvchi maktabda ingliz tilidan dars bera olmasligi kerak edi. Lekin bu talab yengillashtiriladi. Hali rasmiy qaror chiqmagani uchun tafsilotlarni to‘liq ayta olmayman. Aslida bunday talab qo‘yilishiga sabab sifatli taʼlimga erishish uchun sifatli o‘qituvchi kerakligi bilan bog‘liq. Xorijiy tilda dars beruvchi o‘qituvchi chet tilini eng kamida B2 — oliy taʼlimni bitirganda bakalavrga qo‘yilgan darajada bilishi kerak. Bu xorijiy tillarni o‘rgatishda sifatga erishish uchun qo‘yilgan talab va maqsadlardan hisoblanadi”, dedi mutaxassis.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda sertifikat olishga ulgurmagan o‘qituvchilarga yana qo‘shimcha muddat berilishi mumkin. Yaʼni, ingliz tili o‘qituvchilari 3 yil davomida ham zarur sertifikat olmagan bo‘lsa, bu safar ham imkon berilish ehtimoli bor.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish