Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BUXORO AMIRI TO‘Y VA MAROSIMLARNI QANDAY TARTIBGA SOLGAN?

10.8.2023 2710

Dilnoza JAMOLOVA, O‘zFA Tarix instituti doktoranti

O‘zbek xalqi milliy ma’naviyatining ajralmas qismi – to‘y-hasham va marosimlar millatning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettiradi. Ammo hozir aksar oilaviy tadbirlarda isrofgarchilik katta, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, urf-odat va an’analarni mensimaslik illati ko‘zga tashlanadi. Marosimlarimizga yot odatlar kirib kelmoqda. Afsuski, dabdabaga xayrixohlik millatning bugun paydo bo‘lgan muammosi emas.

Bundan 100 yil oldingi tariximizda ham Buxoro amirligida dabdabali to‘y va marosimlarni tugatish kun tartibida bo‘lgan. XX asr boshlarida Buxoro amirligida to‘ylar g‘oyatda hashamdor bo‘lib, odatda 7-8 kun davom etgan, har kuni 6-7 xil ovqat pishirilib, taklif qilingan mehmonlarga ketish chog‘ida 800 grammdan 16 kilogrammgacha qand berish va chopon kiydirish odat tusiga kirgan. Bundan tashqari, nikoh va sunnat to‘ylarida ko‘pkarilar tashkil qilingan.

Buxoro amiri Said Olimxon (1910–1920) hukmronligining dastlabki yilidayoq to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchiliklar va dabdababozlikni tugatishga e’tibor qaratib, birinchi navbatda viloyat beklari, qozilar, amlokdorlar va boshqa mansabdor shaxslarning oddiy oilalar ma’rakalarida ishtirok etishini taqiqlab qo‘ygan. Ularga faqat bir-birlarinikida bo‘ladigan marosimlarga borishga ruxsat berib, o‘shanda ham sho‘rvadan boshqa ovqat tanovul qilishni man etgan.

Amir 1911-yil mart oyida “Juda isrofli to‘ylarni tugatish to‘g‘risida” farmon chiqaradi. Unga ko‘ra, to‘ylarda 6-7 xil ovqat qilish taqiqlanib, palovdan boshqa ovqat berganlarga 75 darra urish jazosi tayinlanadi, sunnat va nikoh to‘ylarida tashkil qilinadigan uloq va poyga bekor qilinadi. Bu farmonga bo‘ysunmaganlar o‘limga mahkum etilishi belgilab qo‘yilgan. To‘yda mehmonlarning har biriga chopon berish rasmi man qilingan. 1916-yil 5-iyunda esa Amir to‘yga kelganlarga qand berish odatini taqiqlovchi yana bir farmonni imzolaydi.

Xalq farovonligini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan bunday tartibni ayrim o‘zboshimcha va poraxo‘r amaldorlar buzishi holatlari uchrab turgan.

Bu davrda oilaviy marosimlardagi isrofgarchiliklar va yangi o‘ylab topilgan odatlar nafaqat Turkiston va Buxoro jadidlari, balki ulamolar tomonidan ham keskin tanqid qilindi. Buxoro amirligida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan mufti Ikrom domlaning bu boradagi sa’y-harakatlari fikrimiz dalilidir. Uning “Iyqozu-n-noimiyn va i’lomu-l-johiliyn” (“Uyqudagilarni uyg‘otish va johillarga bildirish”) asarida oilaviy marosimlarda to‘y, “Bibi Seshanba” va aza marosimlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.

Asarda ko‘tarilgan bir muhim masala Xotinlarning aza marosimlari bo‘lib, xalq tomonidan “yigirma”, “qirq”, va “yil” (Inson vafot qilgandan so‘ng o‘tkaziladigan marosimlar haqida gap ketmoqda. Islomdan avvalgi zamonlarga borib taqaladigan bu xildagi marosimlar – “qirq” inson o‘lganining qirqinchi yoki undan kamroq kuni, “yigirma” yigirmanchi yoki undan kamroq kuni, “yil” deb esa bir yildan so‘ng yoki undan oldin o‘tkaziladigan marosimga aytiladi. Bu marosimlarni o‘tkazish hozirgacha turkiy xalqlar orasida joriy bo‘lib kelmoqda) deb nomlangan.

Ikrom domla bu rasm-rusmlar islom dinida mavjud emasligini Qur’on oyatlari orqali isbotlab, ayollarning ishlarini qoralaydi: “Bir necha hamoqatpesha to‘planib olib, turli-turli nolalar qilib, ko‘kraklariga urib, yig‘laydilar. Bir boshqa ayol ta’ziyaxonaga kelsa, o‘sha nolalarni takrorlaydilar. Ko‘kraklariga urib yig‘lashni o‘zlaricha vojib qilib olganlaridek, turli maxsus taomlarni ham shunday belgilab olganlarki, ularni o‘zgartirib bo‘lmas. Bu taomlardan ayrimlarini o‘sha joyda yeyish vojib bo‘lsa, ayrimlarini tashqariga chiqqach yeyishlik vojib bo‘ladi. Ta’ziya ochgan ayrim ayollarga muayyan kunda gazlama va sovun berishlik ham vojib bo‘ladi. Va ayollarning bu yomon qiliqlari erkaklarga, balki ulamo-yu fuzalo, hokimlarning ham barchalariga ma’quldirki, biron kishi uni bekor qilishni o‘ylamas. Aksincha, ko‘pchilik odamlar bularni kerak deb bilurlar va ko‘p aqchalar sarflarlar”.

Iqtisodiy chiqim va isrofgarchilikdan iborat bu marosimlar to‘xtatilishi lozimligini ta’kidlab, davlat lavozimida xizmat qiluvchi mansabdorlar bunday tadbirlarni o‘tkazishda xalqqa shaxsiy namuna ko‘rsatishlari kerakligini uqtiradi.

Xulosa qilib aytganda, Amir Olimxon serxarajat to‘ylar oilalarni iqtisodiy falokat yoqasiga olib kelishini anglagan holda, bunday to‘ylarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy talablarni ishlab chiqqan. Natijada to‘y kunlari qisqartirilib, bir xil ovqat pishirish belgilab qo‘yildi, chopon kiydirishlar keskin kamaydi, qand tarqatish to‘xtatildi hamda ko‘pkarilar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Muftining “Iyqozu-n-noimiyn va i’lomu-l-johiliyn” asari xalq orasida “Dar bayoni bid’aoti mashhura” (“Mashhur bid’atlar bayoni”) nomi bilan tanildi va oilaviy marosimlarga kirib kelayotgan ayrim yangiliklarga chek qo‘yildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish