Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“CHAMANZOR”

12.12.2022 401

Shahribonu RAHMATOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Naqqoshlik amaliy sanʼatning eng ko‘p tarqalgan turlaridan. In­sondan kuchli sabrni, matonatni, eʼtiborni talab qiladi. Bu sanʼat turi faqat go‘zal va mayda bezaklar bilan tomoshabinlarni o‘ziga jalb qilib qolmay, balki tarkibidagi elementlar orqali ham maʼlum bir maʼnolar­ni anglatadi. Qadimda ham xattotlar yozuvlarga go‘zal ko‘rinish berish uchun ularni turli naqsh bezaklari holatiga keltirgan.

Guliruh Normaxmatova ushbu qadimiy sanʼat bilan shug‘ulla­nayotgan yoshlardan biri. U Ka­moliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining amaliy sanʼat asarlarini taʼmirlash yo‘nalishida o‘z sohasining sirlarini o‘rganmoqda.

Kuni kecha Toshkent Fotosuratlar uyida Guliruhning “Qadriyatlar beshigi­da ulg‘aygan bolangman, Vatan!” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ish boshladi. Ko‘rgazmaga “Chaman­zor”, “Devoriy naqsh”, “Cheksiz­lik”, “Saxovatli yoz”, “Hosildorlik”, “5 farz”, “Naqsh kompozitsiya­si”, “Nastarin bilan natyurmort”, “Kapalaklar dunyosi”, “Qushlar raq­si”, “Qo‘ltiqtumor” nomli bir qancha ijodiy ishlar taqdim etildi.

Uning “Chamanzor” nomli ijodiy ishi eʼtiborimizni tortdi. Asarda naqsh elementlari, asosan, tabiatdan olingan, gullar, novdalar, qushlar, turli shakldagi barglar. Guliruh asarida tabiatning qanchalik go‘zalligini, undagi gullarning rang-barangligini, bu go‘zal­likka qushlar ham maftun bo‘lishini ko‘rsatib berishga harakat qilgan. Bundan tashqari, turli geometrik shakllardan foydalanishi asarga yanada jilo bag‘ishlaydi. Ijodkorning aytishicha, bu asar taxminan ikki oyda yaratilgan.

Guliruh 19 yosh­da, ammo sohasi or­tidan erishgan yutuqlari ko‘pchilik uchun havas. U O‘zbekiston Badiiy Akademi­yasi, Italiya elchixonasi va yana bir qancha muassasalar tomonidan tash­kil etilgan sanʼat haftaligi va tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

Ustozi Javlon Akkulov uning ijodi haqida shunday deydi:

– Rassomdan eng birinchi talab qilinadigan narsa rang tanlash qobiliyati. Guliruh ham asar­larini chizib bo‘lgach, avvalo, umumiy rangini o‘ylab, aniqlab olib, keyin sekinlik bilan ishlov be­radi. Ijodda har bir rangni qo‘yganingizda undan keyin qanday rang kerak ekanini bo‘yoqning o‘zi “aytadi”. Barcha ranglar o‘zaro mutanosib bo‘lmog‘i darkor. Guliruhning asarlarida ham ranglar o‘zining or­tidan boshqasini ergashtirib keladi. U ko‘proq ochiq ranglardan foydalangan.

Guliruhdan sanʼatdagi xulosalari va ijodkorlar duch keladigan muammolar haqi­da so‘raganimizda yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimizga nisbatan eʼtibor, mu­habbat kamayib borayot­gani, amaliy sanʼat turlariga qaratilgan targ‘ibotlarni yana­da kuchaytirish lozimligini, yoshlarni sanʼatga qiziqtirish, bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi uchun turli hunarmandchilik o‘quv markazlarini tashkil etish lozimligini ta’kidladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish