Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ilm olish imkoniyati cheklanmagan

10.5.2024 438

Sarvinoz KOMILOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Ko‘zlari ko‘rmasa-da, bashariyat xotirasida o‘chmas iz qoldira olgan shunday insonlar borki, ularning ishlari, hayot yo‘li hammaga o‘rnak bo‘la oladi.

Masalan, bugun deyarli har bir ko‘zi ojiz inson o‘qishni biladi va buning uchun ular – Lui Brayldan minnatdor bo‘lishi lozim. Qizig‘i, Braylning o‘zi ham ko‘zi ojiz bo‘lgan. 1809-yilda Fransiyaning Kuvre shaharchasida tug‘ilgan Lui uch yoshida otasining ustaxonasiga kiradi va bir asbobdan jarohatlanadi. Jarohat ko‘zi ojizlikka sabab bo‘ladi. Braylda harbiylar qorong‘ida foydalanadigan yozuvni o‘zi kabilar o‘qishi uchun qo‘llash fikri tug‘iladi va buning ustida ish boshlaydi. 20 yoshli Lui 6 nuqtali kodga asoslangan, bugungi kunda butun dunyoda foydalaniladigan alifboni yaratishga muvaffaq bo‘ladi.

Yoki bo‘lmasa, ko‘rish qobiliyatini to‘liq yoki qisman yo‘qotgan bu kabi insonlar tarixini o‘rganar ekansiz, ularning matonatiga qoyil qolasiz.

Bunday matonat sohiblari oramizda ham ko‘p. Ulardan biri namanganlik Abdurashid Do‘stboyev. Yoshi 30 da. Bolaligida baxtsiz hodisa tufayli ko‘z nuridan ayrilgan. Hozir Uychi tumanidagi 15-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. U avvaliga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini, keyin kasb-hunar kollejini tamomladi va 2016-yili Namangan davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti ingliz tili yo‘nalishiga maxsus grant asosida o‘qishga qabul qilindi.

O‘qish davomida intiluvchanligi bilan ajralib turgan qahramonimizning bugun yuzdan ortiq ilmga chanqoq o‘quvchilari bor. Shogirdlarining 3 nafarida CEFR, 2 nafarida  IELTS sertifikati bor.

Insonning imkoniyati cheklangani bilan, ilm olishi uchun imkoniyatlar cheksizdir”, – deydi u.

Mumkin emas!

U o‘qituvchilik kasbini tanlashining o‘ziga xos tarixi bor, odamlarning gap-so‘zi sabab bo‘lgan, desak ham bo‘ladi.

Ko‘zi ojizlarning qo‘lidan faqat qo‘shiq aytish keladi xolos, boshqa ish qila olmaydi, degan gaplarni ko‘p eshitganman. Lekin men bu fikrlarga qarshi edim. Shunday insonlarga qo‘limdan ko‘p ish kelishini, boshqa sohalarda ham muvaffaqiyatlarga erisha olishimni isbotlab qo‘yish uchun harakat qildim va buni uddaladim”, – deydi qahramonimiz.

Odamlar o‘zlari va atrofdagilarga ham chegaralar qo‘yishni yaxshi ko‘radi. Qizlar uchun uchuvchilik mos kelmaydi, yigit kishi dizayner bo‘lishini qabul qila olishmaydi. Va shu barobarida imkoniyati cheklangan biror kishini ko‘rsa, uni biror kasb egasi sifatida tasavvur qila olmaydi.

Albatta, bu odamlar yaratgan qobiqlar, xolos. Bunday cheklovlarni yengib o‘tish uchun esa insondan tanlagan kasbi, orzusi uchun kurashish, harakat qilish va bunga erishmaguncha to‘xtamaslik talab etiladi. Shu xislatlari tufayli Abdurashid “mumkin emas”larni “mumkin”ga aylantirdi, hozir u o‘quvchilarining mehrini qozona olgan o‘qituvchi.

 

“Hech kimdan kam emasman”

Insonda ko‘rish, eshitish, harakatlanish imkoniyati cheklanishi mumkin. Lekin bilim olishi uchun imkoniyatlar cheklanmaydi. Ilm olishga, o‘rganishga xohish-istak bo‘lsa bas.

Sen imkoniyati cheklanganlar maktabida ishlashing kerak, oddiy maktabda ishlashga qiynalasan, deganlar ko‘p bo‘lgan. Lekin men ularga quloq solmadim. 2020-2021-o‘quv yilidan 15-maktabda ish boshladim, yaqinda 4 yil bo‘ladi. Menga o‘xshagan imkoniyati cheklanganlarning ham sog‘lom insonlardan kam joyi yo‘q, deb bilaman. Hujjat ishlari, baholash kabi masalalarda muammo tug‘ilmagan. Chunki biz ham mobil telefondan, kompyuterdan foydalanish imkoniga egamiz. Bu uchun maxsus ilovalar bor”, – deydi Abdurashid Do‘stboyev.

 

Unda shijoat bor

Abdurashid tanlagan kasbini juda yaxshi ko‘radi. Hatto darsdan tashqari o‘quvchilariga qo‘shimcha to‘garaklar ham tashkil qilgan. Kichikligidanoq viloyatimizda ko‘zi ojiz ingliz tili o‘qituvchisi yo‘qligi uchun shu kasbni egallashga harakat qildi va bunga erishdi. Unda ba’zi sog‘lom insonlarda yo‘q shijoatni ko‘rib quvonaman”, – deydi Uychi tumanidagi “Mevazor” mahallasi yoshlar yetakchisi Bobomurod Razzoqov.

Abdurashid Do‘stboyev o‘qituvchi sifatida yoshlarga ko‘proq kitob o‘qishni tavsiya qiladi. Chunki kitob dunyoqarashni kengaytiradi, hayotga qarashni o‘zgaradi. To‘g‘ri kitob tanlab o‘qigan inson hayotda hech qachon qoqilmaydi. Asosiysi, o‘qib, o‘rganib, izlanishdan to‘xtamaslik. Boshqalarga o‘xshamaslik esa, ayb emas.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish