Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi

2.2.2024 471

Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 18-yanvardagi qaroriga asosan, sayohat davomida nogironligi boʻlgan shaxslarga hamrohlik qiluvchilar ragʻbatlantiriladi. Bu haqda Turizm qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

Bunda asosiy yoʻnalishlar sifatida quyidagilar amalga oshiriladi:

barcha turizm obyektlari va joylashtirish vositalarida nogironligi boʻlgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
sayohat davomida nogironligi boʻlgan shaxslarga hamrohlik qiluvchi fuqarolarni ragʻbatlantirish;
nogironligi boʻlgan shaxslar toʻsiqsiz sayohat qilishlari uchun respublikamizda yaratilgan imkoniyatlarni keng targʻib qilish orqali ularning xabardorligini oshirish;
turizm industriyasi obyektlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish yoʻlga qoʻyiladi.

2024-yildan boshlab:

nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlarida pandus, plintus va liftlar hamda koʻzi ojizlar uchun madaniy meros obyektlarining kichraytirilgan oʻlchamdagi maketlari oʻrnatiladi. Toʻgʻrisida Brayl alifbosidagi maʼlumotlar joylashtiriladi. Reja madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;

temir yoʻl va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda ularga egalik qiladigan tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan nogironligi boʻlgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar, maxsus koʻtarilish panduslari va qulay zina tutqichlari oʻrnatiladi hamda kema aravachalari (nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus aravacha) qoʻyiladi.

2027-yil 1-yanvarga qadar Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafar I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxsga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming soʻmdan oshmagan qismi;

eshitish qobiliyatini yoʻqotgan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonaning kamida uchta xonasi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlanganda, har bir maxsus jihozlangan xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:

yulduzli toifadagi mehmonxonalarga — 2 million soʻm;
yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga — 1 million soʻm.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish