Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga yordam berish – mahalladagi yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalaridan biridir. Yoshlar kelajakda jamiyat rivojiga hissa qo‘shishi uchun zarur imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak.
Farg‘ona shahridagi Beruniy mahallasi yoshlar yetakchisi O‘g‘ilxon A’zamjonova yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularga yordam berish yo‘lida ko‘p mehnat qilmoqda. U mahallada iqtidorli va intellektual faol yoshlar bilan ishlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.
O‘g‘ilxon A’zamjonova – “Quvnoqlar va zukkolar” respublika ko‘rik-tanlovi ishtirokchisi, “Quvnoqlar” jamoasi a’zosi. Sport orqali xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash va iqtidorli yoshlar safini yanada kengaytirish mavzusidagi maqolalar muallifi. Respublika “Zakovat” turnirida 3-o‘rinni egallagan. Viloyatda “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” sifatida e’tirof etilgan. 2024-yilning 3-chorak yakunlari bo‘yicha respublikadagi “TOP–100” yoshlar yetakchisi safiga kiritilgan.
Beruniy mahallasi balansi:
Aholi soni: 5151 nafar;
Yoshlar: 889 nafar;
Xotin-qizlar: 444 nafar.
“Yashil” toifa: 783 nafar;
“Sariq” toifa: 106 nafar;
“Qizil” toifa: 10 nafar.
Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.
To‘rt muhim vazifa
– 2024-yil boshida o‘z oldimga to‘rtta muhim vazifani belgilab olgan edim: mahallada iqtidorli va intellektual salohiyatga ega yoshlar sonini ko‘paytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash; yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun sport va chet tili to‘garaklarini tashkil etish; migratsiyadagi yoshlarni O‘zbekistonga qaytarib, bandligini ta’minlash; ishsiz yoshlar sonini kamaytirish va kam ta’minlangan oila farzandlarini kambag‘allikdan chiqarish maqsadida ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda bandligini ta’minlash. Rejalarimni belgilanganidek bajara olmasam, yetakchi sifatida ishlashimdan naf yo‘q, deb qat’iy maqsad qilgandim, – deydi qahramonimiz Og‘ilxon A’zamjonova.
Yelkasiga katta mas’uliyat olgan O‘g‘ilxon ishni “Yo‘l xarita”si ishlab chiqishdan boshladi. Xatlov jarayonida aniqlangan muammolar yo‘l xaritasiga kiritildi. Tinimsiz mehnat, ishtiyoq va kasbga muhabbat o‘z samarasini berdi. Yil yakunida belgilangan vazifalar rejadagidek bajarildi. Avvaldan katta ishlarni qo‘rqmasdan o‘z zimmasiga olgan yoshlar yetakchisi uchun ortda qolgan muvaffaqiyatli yil bir debocha ekani shubhasiz. Quyida belgilangan 4 muhim vazifa qanday uddalanganini ko‘rib chiqamiz.
Beruniy mahallasida iqtidorli va intellektual salohiyatga ega yoshlar sonini ko‘paytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash. Mahallada jami 15 nafar yosh bir necha sport turlaridan O‘zbekiston chempioni va sport ustaligiga nomzod bo‘lishga erishdi. “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 9 nafar yosh ingliz tili bo‘yicha xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi. Xorijiy tillarni o‘rganish va amaliyotda qo‘llashga qiziqish ortib borayotgani natijasida mahallada til sertifikatini qo‘lga kiritgan yoshlar soni 48 nafarga ortdi.
Bunyod Tursunov – yosh dasturchi, University of Science and Technology talabasi. U 2 ta dasturiy loyiha muallifi. Bu loyihalar nafaqat yoshlarning texnologik bilimlarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatini yaratdi, balki kelajakda mahalla iqtisodiyotining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun sport va chet tili to‘garaklari tashkil etish. Mahallada yoshlar uchun futbol, taekvondo, muaytay va voleybol to‘garaklari ishga tushirildi. To‘garaklar yoshlarning jismoniy salomatligini yaxshilash, ularning sog‘lom hayot tarzini rivojlantirishga qaratilgan. Sport bilan shug‘ullanish yoshlar o‘rtasida jamoaviylikni, raqobatbardoshlikni va o‘ziga ishonchni oshirishga yordam berdi.
Yoshlar yetakchisi tomonidan kam ta’minlangan oila farzandlari uchun maxsus chet tili to‘garaklari tashkil etildi. 5 nafar yosh turk tilini o‘rganish uchun to‘garakka jalb qilindi. To‘garaklar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va foydali o‘tkazishiga, ularning intellektual va ijtimoiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
24 yoshli Jasurbek Olimov volyebol bo‘yicha O‘zbekiston chempioni va sport ustasi. O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universitetida ta’lim oladi.
Mohinur Shuhratova Ingliz tili IELTS imtihonidan 6,5 ballni qo‘lga kiritdi.
Sardorbek Madg‘oziyev koreys tilidan TOPIK sertifikatiga ega. Hozir Koreya xalqaro universiteti magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
Migratsiyadagi yoshlarni O‘zbekistonga qaytarib, ularning bandligini ta’minlash
Yil boshida Beruniy mahallasidan 33 nafar yosh migratsiyaga ketgan edi. Yil yakuniga qadar ulardan 5 nafari O‘zbekistonga qaytarilib, bandligini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rildi. Bu yoshlarning qaytishi ularning yangi hayot boshlashiga imkon yaratdi.
Vatanga qaytgan yoshlarning 2 nafariga tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashi uchun imtiyozli kredit olib berildi. 1 nafariga “Yoshlar daftari”dan turar joy uchun ijara to‘loviga yordam berildi. 2 nafar yosh kompyuter xizmatlari sohasida o‘zini o‘zi band qilib, faoliyat boshladi. Ular mustaqil ravishda biznesini rivojlantirib, texnologik xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqda. Yoshlar o‘zlari uchun ish o‘rni yaratish bilan birgalikda boshqalarga ham yangi imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Ishsiz yoshlar sonini kamaytirish va kam ta’minlangan oila farzandlarini kambag‘allikdan chiqarish maqsadida ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda bandligini ta’minlash. Yil boshidagi xatlov jarayonlarida mahallada 5 nafar ishsiz yosh aniqlangan edi. Bu yoshlarni band qilish va ularning turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratildi. Ulardan biri xususiy korxona ochib, faoliyat boshladi. Shu orqali moddiy ahvolini yaxshilashga erishdi, mahallada yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham hissa qo‘shdi.
Yana biri jamoat ishlariga jalb etildi va o‘z faoliyatini ijtimoiy loyihalarda davom ettirmoqda. Bu yoshning jamoat ishlariga jalb etilishi, jamiyatga foyda keltirish bilan birga, o‘ziga nisbatan mas’uliyat hissini rivojlantirishga yordam berdi. Qolgan 3 nafar yosh o‘zini o‘zi band qilgan.
Shaxsiy namuna
O‘g‘ilxon A’zamjonova har haftada bitta badiiy kitobni o‘qib tugatishga harakat qiladi. Bu uning intellektual rivojlanishiga hamda yoshlarni mutolaaga qiziqtirishga oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yetakchi Turk tilidan B2 darajadagi sertifikatga ega. “Ibrat farzandlari” orqali ingliz tilini o‘rganib, B2 darajasini ham qo‘lga kiritgan.
Bu hammasi emas. O‘g‘ilxon taekwondo WTF yo‘nalishida O‘zbekiston chempioni va qora belbog‘ sohibi. Gandbol bo‘yicha Universiada musobaqasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan va sport ustaligiga nomzod hisoblanadi. Qo‘l jangi sport turi bo‘yicha 4 karra O‘zbekiston chempioni va sport ustasi unvoniga ega.
Shunday qilib, yoshlar yetakchisi o‘zining sportdagi yutuqlari, chet tilidagi bilimlari va kitob o‘qish odati bilan yoshlar uchun haqiqiy namuna bo‘lmoqda.
“Jadidlar maktabi” muzeyi ochiladi
O‘g‘ilxon A’zamjonova “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichi “Iqtidorli va intellektual yoshlar bilan faoliyat yuritgan eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” yo‘nalishida 2-o‘rinni qo‘lgan kiritgan edi. Darhaqiqat, uning tashabbuslari yoshlarni o‘zgartiryapti, ijtimoiy faolligini oshiryapti, iste’dodlarni rivojlantirmoqda.
Qahramonimizning 2025-yil uchun ham maqsadlari katta.
– 2025-yilda katta maqsadlarni ko‘zlaganman, – deydi yoshlar yetakchisi O‘g‘ilxon A’zamjonova. – Asosiy maqsadim mahallada iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun “Jadidlar maktabi” muzeyini tashkil etish. Muzeyda jadidchilarga oid ma’lumotlar va mahallada katta yutuqlarga erishgan yoshlarning natijalari namoyish etiladi.
Uning qoshida yoshlarga chet tili va kelajak kasblarini o‘rgatish uchun zarur sharoitlar yaratilgan o‘quv maskani joylashadi. Kam ta’minlangan oila farzandlari uchun bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi. Ishsiz yoshlarni kasbga o‘qitish va tadbirkorlikka tayyorlash uchun o‘quv maskanini tamomlagan yoshlar mahalladagi yoshlar yetakchisi tavsiyasi asosida imtiyozli kreditlar bilan ta’minlanadi. Shuningdek, chetda ishlash istagida bo‘lgan yoshlarni o‘qitib, qonuniy mehnat migratsiyasiga yuborish va ularning oilalariga yaxshi daromad olib kirishlarini ta’minlashni rejalashtirganman. Va o‘zim uchun yana bir chet tilini o‘rganishni maqsad qilib qo‘ydim.