Zamonaviy dunyoda bir qancha kasblar o‘z ahamiyatini yo‘qotib bormoqda. Robotlashtirish va avtomatlashtirish, sun’iy intellektning rivojlanishi tufayli 75 milliondan ortiq odam ishsiz qolishi mumkin. Oksford universiteti tadqiqotchilari yaqin 15-20 yil ichida robotlar barcha kasblarga oid funksional vazifalarning yarmini bajarishiga ishonadi. Bu jarayon ko‘pchilikni yangi mutaxassisliklarni o‘rganishga majbur qilayotgan bo‘lsa, yoshlar orasida zamonaviy kasblar va chet tillarni o‘rganishga talabni oshirmoqda.
Hozirgi kunda dasturlash, SMM, dizayn, mobilografiya kabi zamonaviy kasblarni o‘rganish yo‘nalish va kurs davomiyligiga qarab o‘rtacha 300 dollardan 1500 dollargacha, til kurslari esa o‘quvchining bilim darajasiga qarab 300 mingdan 1 million so‘mgacha baholangan. Ammo O‘zbekiston yoshlarida zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni bepul o‘rganish imkoni bor. Buning uchun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Ibrat farzandlari”, “Kelajak kasblari”, “Ustoz AI” kabi bir qator loyihalar ishga tushirilgan va millionlab yoshlarni qamrab olmoqda. Bugungi kunga kelib, loyihada qatnashgan va qatnashayotgan yoshlarning barchasi o‘z orzu-maqsadlari tomon dadil qadam tashlab, yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda.
“Ibrat farzandlari”: bepul, sodda, tizimli va kreativ
“Ibrat farzandlari” loyihasi hozirgi kunda yoshlarning bepul til o‘rganishi uchun ajoyib imkoniyat yaratmoqda. 2022-yilda tashkil etilgan loyiha xorijiy tillarni bepul, sodda, tizimli va kreativ usulda o‘rgatishni maqsad qilgan. Loyihada turli chet tillarini o‘rganish istagidagi yoshlar qisqa muddatda o‘zlari uchun qulay bo‘lgan joydan turib o‘rganishlari mumkin.
“Ibrat farzandlari” loyihasi O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib xorijlik mehmonlar uchun o‘zbek tili va grammatikasini o‘rgatishni yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda loyiha doirasida 22 ta xorijiy til, o‘zbek tili, savodxonlik darslari, imo-ishora tili o‘rgatib kelinmoqda.
Ushbu loyiha qisqa vaqt ichida You Tube platformasi sahifasida 592 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘ldi. Mazkur platformada 2500 dan ortiq videolar joylangan bo‘lib, ular 33 million marta tomosha qilingan.
Xorijiy tillarni o‘rganishni yanada takomillashtirish maqsadida “Ibrat Academy” mobil ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda foydalanuvchilar mazkur tillarni o‘rganishi, lug‘at yodlashi va testlarni yechish orqali bilimlarini mustahkamlab borishi mumkin. “Ibrat Academy” mobil ilovasida esa 1 million 353 ming kishi til o‘rganmoqda. Ulardan 100 mingga yaqini til sertifikatlarini qo‘lga kiritgan. Jumladan, mazkur ilovaga bugungi kungacha 2200 ta video darslar, 2241 ta testlar joylashtirilgan.
Hozirgi kunda “Ibrat farzandlari” tarkibida chet tillarni o‘rgatuvchi “Ibrat Camp”, “Ibrat master class”, “Ibrat quiz”, “Notiqlik mahorati” kabi loyihalar ham tashkil qilib kelinmoqda.
– Loyihaga qiziqishim “Ibrat Camp”ga qatnashganimdan so‘ng boshlangan va keyingi jarayonlarda koordinator sifatida qo‘shildim. Noyabr oyidan beri “Ibrat Debate” loyihasi menejeriman, – deydi Azizbek. – 2023-yil noyabr oyidan “Ibrat Farzandlari” doirasida yoshlarning ingliz tilidagi nutqlarini rivojlantirish maqsadida yurtimizning turli hududlarida debatlar tashkil qilish uchun “Ibrat Debate” loyihasini yo‘lga qo‘ydik. Hozirgacha biz Toshkent, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘onada 30 martadan ko‘p ingliz tilida debatlar tashkil qildik va ularda jami 600 nafardan ziyod yoshlar faol qatnashdi. Jamoamizda esa 50 dan ziyod volontyor yoshlar ishlab kelmoqda. Shu yil so‘ngigacha yurtimizning barcha 14 ta hududida “Ibrat Debate” klublarini ochish va 10 ming yoshni loyiha doirasida qamrab olishni niyat qilganmiz.
Yoshlar uchun keng ko‘lamli imkoniyatlarni yaratib berish uchun Yoshlar ishlari agentligi va “Ibrat farzandlari” loyihasi tomonidan Toshkent shahri va respublika viloyatlarida loyiha ofislari tashkil etilgan bo‘lib, mazkur ofislar yoshlarning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishiga, kerakli video mahsulotlar bilan tanishishiga yordam bermoqda.
Shuningdek, “Ibrat farzandlari” brendi ostida esdalik sovg‘alari (soat, hudi, kepka, futbolka, sumka, daftar, ruchka, nishon) ishlab chiqildi va bu sovg‘alar tillarni mukammal o‘rganayotgan hamda boshqalarning chet tilini o‘rganishiga turtki bo‘layotgan faol yoshlarga taqdim etib borilmoqda.
2024-yilda bolalar uchun mo‘ljallangan til darslari va kontentlarini ko‘paytirish, har bir xorijiy tildan o‘qish, yozish, tinglab tushunish va so‘zlashuvni rivojlantirishga qaratilgan, “Ibrat farzandlari” video darsliklarini qamrab olgan maxsus o‘quv qo‘llanmalarni, savollar hamda testlar bazasini yaratish, “Ibrat farzandlari” telekanalini tashkil qilib, yoshlarga motivatsiya berish, ularni xorijiy tillarni o‘zlashtirishga va bu orqali jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini topishga targ‘ib qiluvchi milliy kontentlar, jumladan, serial ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
“Kelajak kasblari”
“Kelajak kasblari” loyihasi doirasida bugungi kungacha 20 ming nafardan ortiq yoshlar 35ga yaqin yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarga o‘qitildi va ularga jami 50 mlrd. so‘mga yaqin miqdorida yordam ko‘rsatildi. Albatta, bu juda katta va muvaffaqiyatli ko‘rsatkich. Chunki endi 20 mingdan ortiq yoshlarning o‘zi orzu qilgan kasbi va yaxshigina daromadi bor.
Avvalo, bu loyiha doirasida kasb o‘rganmoqchi bo‘lganlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lishi kerak. “Yoshlar daftari”ga zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarga o‘qitish uchun ariza topshirgan, mahallalardagi yoshlar yetakchilari tomonidan tavsiya etilgan yoshlar maxsus elektron tizim orqali o‘zlariga qulay va ma’qul bo‘lgan o‘quv markazda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
“Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ushbu loyihaning tahliliy jihatlariga e’tibor qaratamiz. Jumladan, 560 nafar yosh xorijiy til sertifikatini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bunda eng yuqori natija Farg‘onada 45 nafar, Navoiyda 40 nafar, Buxoroda 33 nafar yoshlar jami 396 ta IELTS va 164 nafari CEFR olgan.
Ushbu til sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlar asosan o‘quv markazlarida o‘qituvchi bo‘lib ishlamoqda va ularning o‘rtacha oylik daromadi 3-6 million so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, arxitektura yo‘nalishini 221 nafar, dasturlashni 582 nafar, dizaynni 147 nafar, SMM, 3D max, AvtoCad, buxgalteriya, mobilografiya, logistika kabi boshqa yo‘nalishlarni jami 2 011 nafar yoshlar yakunlab, oyiga o‘rtacha 3-8 mln. so‘m miqdorida daromad topmoqda.
“Kelajak kasblari” loyihasiga jami 31 396 ta ariza kelib tushgan. Shundan ikkinchi mavsumda 17 746 nafar yoshlar ariza topshirgan bo‘lib, 10 962 nafar yoshlarning arizasi tasdiqlangan. 4 425 nafar yosh hozirda o‘qimoqda.
Ularning o‘qishini nazorat qilish maqsadida o‘quv markazlarining 170 ga yaqin filiallari loyiha uchun face-id tizimlarini o‘rnatdi va maxsus kabinet orqali mavsum davomida o‘rtacha 62% davomat qayd etildi.
“Ustoz AI”da yosh va o‘z ishining ustalaridan ta’lim oling
“Ustoz AI” loyihasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2024-yil mart oyida tashkil qilingan. Loyihaning maqsadi yoshlarga zamonaviy kasblar va fanlarni o‘rgatuvchi maxsus platforma yaratish, 40 dan ko‘p zamonaviy kasblar va fanlarni bepul, onlayn o‘rgatish va yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdan iborat. Qamrab olingan auditoriya esa maktab o‘quvchilari, akademik litsey, kasb-hunar kolleji va oliy o‘quv yurtlari talabalaridir. Ya’ni 14 yoshdan 30 gacha bo‘lganlar.
Hozirgi kunga qadar shu loyiha orqali 67,775 nafar yosh zamonaviy kasb va fanlarni o‘rganmoqda. Eng ko‘p qiziqish bildirilayotgan yo‘nalishlar esa matematika, biologiya, mobilografiya, NoCode dasturlash, videomantaj, HR, PR, SATlardan iborat. Chunki ushbu yo‘nalishda kuchli tajribali yosh kadrlar ta’lim bermoqda.
Har bir o‘qituvchining ish tajribasi 2 yildan 12 yilgacha hamda ular shu kungacha kamida 5 ta yirik kompaniya bilan ishlagan. Deyarli barchasi oliy ma’lumotli mutaxassislar va professionallar desak, adashmagan bo‘lamiz. O‘zlari ham yosh bo‘lgani uchun yoshlarga qanday tushuntirish va ular aynan nimalarga qiziqishini yaxshi bilishadi. Shuning uchun bu loyiha tez ommalashdi.
Loyiha yo‘lga qo‘yilishidan oldin, 2024-yilning mart-may oylarida 200 ta video-darsliklar tayyorlash hamda loyihaning YouTube va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida namoyish etish, loyiha mobil ilovasini ishga tushirish hamda video mahsulotlar sonini 300 taga yetkazish, yil yakuniga qadar umumiy 1000 ta video-darsliklarni tayyorlash rejalari tuzilgan va quyidagicha natija kutilgan: 250 ming yoshga eng serdaromad va zamonaviy kasblarni o‘rgatish, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlarning 10-30 foizga yaqinining bandligini ta’minlash, 1 ta xorijiy til va 1 ta zamonaviy kasb tamoyili asosida yoshlarning zamonaviy obrazini shakllantirish kabi rejalar tuzilgan edi.
Xo‘sh, kutilgan natijalarga erishildimi degan savol bo‘lishi tabiiy. Loyihaning 3 oylik ko‘rsatkichi juda ajoyib. Agar shu yo‘sinda davom etsa, ko‘zlangan natijadan ham ortigʻiga erishishi aniq. YouTube platformasiga yuklangan videolarni umumiy ko‘rishlar soni 15 mln. marta, obunachilari esa 250 ming nafarni tashkil qilmoqda. Loyihaning mobil ilovasi ishlab chiqilgan va ilovani yuklab olganlar soni 250 ming nafarni tashkil qildi.