Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Chimboyda Yoshlar markazi ochildi

1.11.2023 427

Indira Mambetnazarova, Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi yoshlar media loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bosh mutaxassisi

Mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyat va eʼtibor haqida har qancha maqtansa arzigulik. Chekka tumanlarda ham yoshlar uchun keng sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, Chimboy tumanida yangi “Yoshlar markazi” binosi ochildi. 2,3 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ evaziga bunyod etilgan binodan yoshlar uchun turli toʻgarak xonalari, kutubxona va kompyuter xonasi, 72 oʻrinli majlislar zali oʻrin olgan va eng soʻnggi texnikalar bilan taʼminlangan.

Yoshlar markazining ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etib, yangi markaz imkoniyatlari haqida soʻz yuritdi.

Bugungi kunda Chimboy tumanida jami aholi soni 114 ming 344 nafar boʻlib, shundan oʻrtacha 52 foizini, 59 ming 241 nafarini yoshlar tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-yanvardagi 63-qaroriga muvofiq, isteʼdodli yoshlarning qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga koʻmaklashish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Chimboy tumani “Shaxtemir” mahallasi hududida qad koʻtargan “Yoshlar markazi” tumandagi yoshlarni cheksiz quvontirdi.

Muhtasham markazning ochilish marosimida ishtirok etayotgan yoshlarning koʻzlarida quvonch, shijoat va ertangi kunga ishonch aks etib turdi. Shu bilan birga ular tomonidan yaratilgan eng soʻnggi innovatsion loyihalar, hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasi ham tashkil etilgan boʻlib, yoshlarning bu yaratuvchanliklari yigʻilganlar koʻziga quvonch bagʻishladi. Ayniqsa, tuman madaniyat boʻlimi xodimlarining musiqali chiqishlari ochilish marosimining tom maʼnoda yoshlar bayramiga aylanib ketishiga zamin yaratdi.

Faoliyati yoʻlga qoʻyilgan markaz yoshlarni komil inson, yetuk kadr qilib tarbiyalashda eng muhim va oʻz oʻrnida foydali manzillardan biri boʻlishiga ishonchimiz komil.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish