Cho‘milish mavsumi boshlanmasdan mavsum bilan bog‘liq qora xabarlar tarqala boshladi. Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 30-maktabning 6-sinf oʻquvchisi oʻrtoqlari bilan choʻmilish uchun borganda, choʻkib ketdi. Bu joriy yilda eshitgan ilk xabarimiz. Ammo oʻtgan yoz mavsumlarida bunday fojialar tez-tez qulogʻimizga chalindi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi o‘n yil ichida dunyo bo‘yicha 2,5 million kishi cho‘kish oqibatida bevaqt hayotdan ko‘z yumgan. Afsuski, yurtimizda ham bu kabi baxtsiz hodisalar yildan-yilga ko‘payib bormoqda. 2020-yili cho‘kish bilan bog‘liq 165 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va halok bo‘lganlarning 56 nafari (34 foizi) voyaga yetmaganlardir. 2021-yilning 14-avgustiga qadar esa cho‘kish oqibatida vafot etganlar soni 151 nafarga yetgan, 2022-yilda ham 142 nafar fuqaro, shundan 51 nafari cho‘milish, 85 nafari esa ehtiyotsizlik oqibatida suvga cho‘kib ketgan...
Asosiy fojialar chekka hududlarda
May tugadi, o‘quv yili ham nihoyasiga yetdi. Ozgina fursatdan so‘ng bolalar uchun orombaxsh yoz mavsumi boshlanadi. Qishloq bolalari koʻchadan beri kelmaydigan davr. Bu mavsumda choʻmilib, zavqlanishga kim ham yoʻq derdi?! Afsuski, mana shu davrda yurtimizda choʻkib ketish boʻyicha qoʻrqinchli statistikalar e’lon qilinmoqda. Ularning katta qismini bolalar, voyaga yetmagan yoshlar tashkil qiladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, yoʻqotilayotgan bolalikning koʻpchiligi chekka hudud, qishloqlarga toʻgʻri keladi. Berilgan rasmiy munosabatlarning aksariyati belgilanmagan joyda choʻmilgani uchun edi. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: qishloqlarda belgilangan hudud mavjud boʻlmasa, bolalar qayerga borib choʻmilishi mumkin? Hamma ham vaqt, pul sarflab, shahardagi basseynlarda choʻmila olmaydi. Tanlov bitta: yana o‘sha anhor, ariq yoki kanal.
Biz bolalarni bunday mashgʻulotdan cheklay olmaymiz. Bu istak nafaqat bolalar, balki kattalarda ham bor. Istakni qondirish uchun “taqiqlanmagan” hududning oʻzi yo‘q. Keling, Buxoro viloyatining Shofirkon tumani misolida mavzuga qarasak. Tumanda anhor, kanal, belgilanmagan katta ariqlar, suv bir daqiqada gʻarq qila oladigan hovuzlar koʻp, ularning barchasi taqiqlangan hududlar. Suv oqib oʻtadigan barcha manzillarning atrofi tozalanmaganini-ku gapirishga ham hojat yoʻq. Tuman markazida ham choʻmilish uchun ko‘n gildagidek joy topib boʻlmaydi. Nafaqat bu tuman, balki shunday hududlar yurtimizda juda koʻp. Bu manzillarda esa har yili bolalik oqib ketmoqda.
Suv havzalari tashkil etish vaqti kelmadimi?
Hali maktabga ham chiqmagan bolalarning cho‘kib ketgani haqida eshitamiz. Va shu onda ota-onani ayblaymiz, nazoratsizligi uchun choʻkib ketgan deymiz. Lekin vaziyatga real qaraylik, ota-onalar hech qachon bunday vaziyatda farzandlarini nazoratda ushlab turolmaydi. Qishloq bolalari o‘z-o‘ziga murabbiy, nazoratchi. Bu bolalar yozda poda boqishni bahona qilib ham tanasini yayratib olgisi keladi. Ularning har bir lahzasida zavq to‘lqinlarining hidi ufurib turadi. Choʻmilish uchun bolalarning eng yaxshi hamrohi bu o‘rtoqlari. Olimlarning tadqiqotlariga koʻra, voyaga yetmaganlarda hayajon nisbatan kuchliroq boʻlar ekan. Oʻrtogʻining choʻkib ketayotganini koʻrganda, albatta, vahimaga tushadi. Beixtiyor uni qutqarishga oshiqadi. Oqibati esa yana ayanchli holat...
Hali yoz oldinda, istaymizmi, yo‘qmi, kimsasiz toʻlqinlarda bolaligini boy beradiganlar koʻp bo‘ladi. Bu fojialarning esa oldini olish mumkin. 2023-yilning 1-yanvar holatiga respublikamizda 331 ta suzish havzasi bor edi. 37 millionlik aholi (shuning 60 foizga yaqini yoshlar)ga bu maskanlar yetarlimi?
Ana shu suzish havzalarining 299 tasi shahar joylarda, 32 tasi qishloqlarda ekan. Qishloqlardagi havzalar soni bitta tumanga bittadan ham to‘g‘ri kelmaydi. Hozir yurtimizning eng chekka tumanlarida ham kutubxonalar, til o‘rganish markazlari, turli muassasalar tashkil etilyapti. Ozgina istak va mablag‘ bilan xavfsiz, qulay havzalarni barpo etish mumkin. Har bir mahalla, boringki, tumanda bittagina cho‘milish havzasi tashkil etib, yuzlab yoshlarni qutqarib qolsa bo‘ladi.