Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Dam olish kuni ishlashdan bosh tortish mumkinmi?

25.3.2023 688

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Dam olish kunlari ishdan chalgʻish, oila hamda doʻstlar davrasida hordiq chiqarish uchun beriladi. Qonunchilikda dam olish vaqtiga shunday ta’rif berilgan: “Dam olish vaqti – хodim mehnat vazifalarini bajarishdan holi boʻlgan va bundan u oʻz iхtiyoriga koʻra foydalanishi mumkin boʻlgan vaqtdir”.

Ammo bu borada qonunchilikdagi oʻziga хos jihatlarni bilmaslik, dam olish huquqidan mahrum etishi mumkin. Xo‘sh, xodimni dam olish yoki bayram kunlari ishga jalb etish tartibi qanday, xodim roziligi kerakmi? Dam olish kuni ishga chiqishi soʻralgan yoki shunga majbur etilganlar qanday yoʻl tutishi kerak? Bu savollarga amaliyotchi yurist Husan Mamayusupovdan javob oldik.

– Dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi. Bu haqda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida so‘z boradi. Biroq Kodeksda nazarda tutilgan mustasno hollar ham bor, – deydi yurist Husan Mamayusupov. – Umuman, tashkilotning yoki uning alohida tarkibiy bo‘linmalarining, yakka tartibdagi tadbirkorning keyinchalik normal ishlashi oldindan kutilmagan qaysi ishlarning shoshilinch bajarilishiga bog‘liq bo‘lsa, o‘sha ishlarni bajarish zarur bo‘lgan taqdirda xodimlarni dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etish ularning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Bunday shoshilinch ishlarning ro‘yxati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra ish beruvchi tomonidan, yakka tartibdagi tadbirkorning esa mehnat shartnomasida belgilanadi.

Ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlab chiqarish-texnik sharoitlarga ko‘ra, (uzluksiz ishlaydigan tashkilotlar) to‘xtatib turish imkoni bo‘lmagan ishlarni (xizmatlarni), aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati yuzaga keltiradigan ishlarni, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.

Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodkor xodimlarini, professional sportchilarni, shuningdek asarlarni yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga ko‘ra, ishlar, kasblar, lavozimlarning tasdiqlanadigan ro‘yxatlariga muvofiq dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etishga jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilanadigan tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun Kodeksning 263-moddasiga muvofiq haq to‘lanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish