Qish, sovuq va men yana o‘sha “sevimli” joyimdaman. Muzlab qolmaslik uchun “Har mavsumda shu bo‘lar takror”, deb qo‘shiq xirgoyi qilyapman. Bir-bir qo‘llarimni ham qimirlatib qo‘yaman, Xorazm lazgisiga o‘ynayotganday. Ruldan tushishga erinib turgan shafyor akalar esa, o‘zlari aytgan narxga rozi bo‘lmasang, senga gapirish tugul bir qayrilib qaray demaydi.
Poytaxtga o‘qishga kiribmanki, doim shu ahvol. Har oyda hech yo‘q bir marta Toshkentdan viloyatga borishimga to‘g‘ri keladi, ya’ni tez-tez bu “maza”dan bahramand bo‘lishga majburman.
Har gal uyim tomon (yoki aksi) ketadigan mashinalar turadigan joyga borishim u yerdan cho‘ntakbop taksi topishim, u bilan rasm-rusumga ko‘ra “talashib-tortishish”im kerak. Hali oldinda joy muammosi bor. Ko‘ryapmanki, yo‘lovchilar erkaklar bo‘lgani sababli haydovchining yonidagi o‘rindiqqa oshiqaman. Afsuski, u yerga ko‘z tikkan yolg‘iz men emas, hamrohlarim bilan ham kelishishim kerak.
Shunday paytlar bor-ki, haydovchilar mijozlarni ko‘zi to‘rt bo‘lib kutishgan bo‘lsa, hozir butunlay aksi: mijozlar haydovchilarga muhtoj bo‘ladi. Biz, talabalarning eng “og‘riqli” onlarimiz, haydovchilar “gullagan” paytiga to‘g‘ri keladi. Bayram kunlari yaqinlarga sovg‘a-salomlar olib, cho‘ntagimizda ham “qurg‘oqchilik” davri hukm surayotgani tabiiy hol. Aksiga olib, bu paytda na narx tortisha olasan, na mashina tanlay olasan. Aravada bo‘lsa-da, qishloqqa yetib olsak, bo‘lgani!
Afsuski, uyimizdan poytaxtga, poytaxtdan uyga qatnashim uchun yengil mashinadan qulayi yo‘q. Avtobuslar jadval asosida yuradi, poyezd bekatlari uyimizdan ancha uzoq.
Ha aytgancha, bizda oxirgi “variant” - samolyot ham bor. Shak-shubhasiz unga jon derdim-u, lekin buyog‘i tushunganingizdek “talabachilik”.
Aslini olganda, bu shirin tashvishlar bizga sabrli bo‘lishni o‘rgatibgina qolmay, oltinga teng talabalik yillarimizga ham bo‘yoq beradi. Mayli, sizning ham vaqtingizni olmay. O‘zim ham shoshib turgandim. Cho‘ntakka mos taksi topolmaganim uchun piyoda yo‘lga chiqyapman. Toshkent qochib ketgani yo‘q-ku...