Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

DIREKTOR KIM OʻZI?

31.5.2025 616

Oysha TOSHMURODOVA

4-sinfman. Maktabimiz yo‘lagida yugurish mumkin emasdi. Ammo bir kuni katta tanaffusda hovliga chiqish uchun yo‘lakdan o‘tayotganimda orqamdan bir sinfdoshim sochimdan tortdi.  Jahlim chiqib, uni quvlay ketdim. U qochdi, men esa ortidan yugurdim. Shu payt yonimizdan chiqqan sharpani sezmay, hovliga chiqib ketdik. Ortimizdan “Huv, senlar, qayt ortingga!” degan ovoz keldi. Shart to‘xtadik. Eshik yonida qoshlari chimirilgan direktorimiz turardi. Damimiz ichimizga tushdi. Negadir maktabda hamma undan qoʻrqardi. Hatto ustozlar ham. Ustozimizning “Direktor kelyapti, jim boʻlinglar, toʻgʻri oʻtiringlar” degan gaplari sabab boʻlgandir bu qo‘quvga, balki.

Baland ovozdan hovlidagi o‘quvchilar sergak tortdi, hammaning koʻzi bizda. Yoniga bordik. Direktor birinchi menga yuzlandi:

– Nega yo‘lakda yugurasan? Nechinchi sinfda o‘qiysan?

– To‘rtinchida, – dedim past ovozda.

– Kap-katta qiz, balo bormi, o‘g‘il bola bilan quvalashib? Shunday o‘rnak bo‘lmoqchimisan oʻzingdan kichiklarga?

– Haligi... uning o‘zi sochimdan tortdi, keyin... – gapim og‘zimda qoldi. Qo‘lini paxsa qilib, baqira ketdi direktor:

– Jim bo‘l, menga tik qaragani uyalmaysanmi? Uyda otangga ham shunaqa gap qaytarasanmi?

Keyin burnimdagi yaraga ishora qilib, beyarashiq ohangda, masxaromuz qo‘shib qo‘ydi:

– Ko‘chada urishib yuradigan qizga o‘xshaysan oʻzi.

Ammo bu yara birov turtgani yo biror joyga urganim uchun chiqmagandi... Atrofdagi o‘quvchilar va o‘qituvchilarning nigohlari ostida xo‘rlikdan ko‘zlarimga yosh to‘ldi, lekin yig‘lashga qo‘rqdim. Jim qoldim.

Yillar o‘tdi. Oq eshikka “Direktor xonasi” deb yozib qoʻyilgan joydan doim oyoq uchida oʻtardim. Men-ku mayli, boshimda bir kaltak singan, boshqa oʻquvchilar ham shunday edi. Bu eshik doim berk, hech kim kirib-chiqmas, sovuq bir xonaga oʻxshab tuyulardi.

9-sinfman. So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirida direktorimiz uchun sovg‘a tayyorladik. O‘shanda o‘ylab qoldim: nega sovg‘a bermoqchimiz o‘zi? Yigʻilishlarda formang qani deb ikki soat bizni tik oyoqda qoldirgani uchunmi?.. Tushunarsiz.

Litseyga o‘qishga kirdim. Sog‘lig‘im sabab bir hafta darslarga borolmadim. Guruh rahbarimizdan direktor nomiga ariza yozish kerakligini eshitib, “Qo‘rqinchli odam emasmi o‘zi?” deb so‘rabman. U esa hayrat aralash kulib, “Nima, ajina deb o‘ylayapsizmi? Bemalol kiravering”, dedi. Rostdan ham nega qoʻrqinchli boʻlishi kerak oʻzi!? Taajjub...

Universitetda 1-kursman. Bir kuni adashib uchinchi qavatga chiqib qoldim. Yo‘lakdagi turli bezaklarga mahliyo bo‘lib turganimda kimdir:

– Bu yerda nima qilyapsiz? Bu rektor qavati, pastga tushing, – dedi.

Men darhol uzr so‘rab, “podshoh” qavatini tark etdim. Yoʻlaklar shunchalik chiroyli boʻlsa, rektor xonasi qanaqa ekan? Qiziq.

Yaqinda Instagramda bir blogerning Amerikadagi hayotidan lavhalar koʻrayotgan edim. Farzandi 4-sinfda oʻqirkan. Maktabda qandaydir bayram munosabati bilan sahna koʻrinishi qoʻyilyapti. Bolakaylar xazina qoʻriqlovchi askarlar rolida. Bir payt sahnaga bir keksa, sochlari oqargan, “bir koʻzi yoʻq” qaroqchilar boshligʻi chiqib keldi. Askarlar bilan shiddatli jang olib bordi, askar bolalar bir qaroqchining ustidan oshib tushar, bir uni yerga yotqizib olishardi. Sahna koʻrinishi tugagach, boshlovchi endi sahnaga maktabimizning direktorini taklif etamiz deganda ayni oʻsha qaroqchilar boshligʻi chiqib kelganda hayratdan qotib qoldim.

Rostan ham ancha keksa odam, kamiga direktor(!). Qoyil.

Men ulg‘aydim-u, savollarim ochiq qolgandek. Faqat endi maktab yo‘laklaridagi sharpalar o‘rnini boshqa soyalar egalladi. Hali ham ba’zida kimningdir dag‘dag‘ali ovozidan cho‘chib, “kechirasiz”, “uzr” deyishimga to‘g‘ri keladi, aybdor bo‘lmasam ham.

Direktor kim o‘zi?..

Balki bu savolga har inson o‘z hayotiga qarab javob berar.

Men esa hali ham javob izlayapman...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish