Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Do‘ppi yo‘qmi boshga loyiq, yo...

27.1.2025 626

Ahror AHMEDOV. (Gazetaning 1988-yil 5-martdagi sonidan olindi)

Hali-hanuz esimda, Toshkentday shahri-azmga yaqindagina kelgan, dorilfununning birinchi kurs studentiman. Bir kursdoshimnikida to‘y bo‘ladigan bo‘ldi-yu, chemodanimning eng tagida taxlog‘liq O‘sh do‘ppisini olib, hafsala bilan avval tizzamda taxini yozdim, keyin kiyib jo‘nadim. To‘yga bordim-u, o‘rtog‘imni taniy olmay qoldim. U qo‘lining uchida so‘rashdi-da, o‘zini uyoq-bu yoqqa tashlab, mendan o‘zini olib qochib yurdi. Hayron qoldim. Endi yotoqxonaga qaytishni o‘ylagan edim, u oldimga kelib, “jon o‘rtoq, anovi matohingni olib qo‘ygin”, dedi.

– Tushunmadim...

U «do‘ppingni» dedi. Men shundagina gap nimadaligini anglab yetdim. Oradan yillar o‘tdi, vaqt, zamon, ish kishiga o‘z hukmini o‘tkazarkan. Hozir to‘yga borsam, do‘ppi kiyib bormayman. Shundanmi, har qalay, poygakda qolib ketmayman.

...Mahkam aka Rahmonov bilan birga ishlaymiz. Balki tanirsiz. Gazetada yozgan narsalarini o‘qib turgan bo‘lishingiz mumkin. Shu kishini taniganimdan beri do‘ppi kiyib yuradilar. Avval hayron bo‘lardim. “Nahotki, Toshkentday joyda, idoraga ham do‘ppi kiyib keladigan odam bo‘lsa?” Bor ekan. To‘g‘risi, har zamonda, unda bunda do‘ppi kiygan odamni ko‘rsam, quvonib ketaman. Hatto bir gal beixtiyor salom berib yuborgandim. Sheriklarim avval hayron bo‘lishgandi, keyin esa rosa askiya qilib yurishdi “hamqishlog‘ini ko‘rib qoldi” deb. Askiya askiya-ku, lekin hozir ham qayerda do‘ppi kiygan odamni ko‘rsam, yugurib borib so‘rashgim, gaplashgim keladi.

Shaharda ham do‘ppi kiyishadi. Asosan motam kunlari, ma’rakalarda. Lekin o‘rtoqlar, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib aytaylik, do‘ppi faqat ta’ziyada kiyiladigan kiyim emas-ku! Nega uni yaxshi kunlarda kiymaymiz? Nega uni shunday sovuq kunlarga asrab qo‘yibmiz!

Musofirchilikka yo‘l solganimizda qishloqdagi oqsoqollar shunday nasihat qilishgandi: “Kerak bo‘lsa odamlarga pulingni, molingni, engil-boshingni ber. Lekin do‘ppingni berma. Bosh kiyimda davlat bor”.

Bu davlat biz mol-mulk deb o‘rganib qolgan davlat emasligini endi bilayapmiz. Ha, chindan ham hamma narsani sovg‘a qilish keragu, bizningcha, do‘ppini sovga qilish kerakmas. Ayniqsa, magaznilarda uyilib yotgan 1 so‘m 50 tiyinlik do‘ppilar uning qadrini tushirishdan boshqa narsa emas.

Bundan bir necha yillar oldin yana bir qiziq voqea bo‘lgandi. Odatda, erta bahorda Toshkentda yoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lardi. Bir qator chet ellardan futbolchilar kelishgan. O‘zbek mehmondo‘stligi bu gal ham kanda bo‘lgani yo‘q. Bapcha mehmon futbolchilarga esdalik sovg‘alari, gullar va... do‘ppi taqdim qilindi. O‘shanda Vengriya komandasining hujumchisi Iojef Sabodan musobaqadan so‘ng gazeta uchun intervyu olgandim. Xayrlasha turib u mendan so‘rab qoldi:
– Bizga do‘ppi sovg‘a qildinglar, rahmat. Lekin stadionda ham, shahar aylanganda ham birorta do‘ppi kiygan odamni uchratmadim?..

Uning gapiga qarshi biror narsa deyolmadim, o‘shanda. (Bu savolga hozir ham javob topolmayman. Shuning uchun ham bu gaplarni aytayapman). Ba’zi o‘rtoqlarimga aytsam, “ha, endi, madaniyat” deyishadi. Lekin madaniyat do‘ppi kiymaslik bilan o‘lchanmaydi. Asli uning o‘z mezonlari bor. Bu borada tojikistonlik o‘rtoqlarimizga tan berish kerak. Yoki qirg‘iz og‘alarga. Hatto mashhur Chingiz og‘a ham Talasga borganlarida doim “qirg‘iz qalpog‘i”ni kiyib yuradi. Hech kim uni madaniyatsiz demaydi-ku. Aksincha, mana shu madaniyatlilik emasmi? Madaniyat, avvalo, o‘z xalqi urf-odatlari, an’analarini hurmat qilishdan boshlanmaydimi?
Yaqinda yana bir to‘yda bo‘ldim. “Madaniyatli” kuyovning boshida hatto to‘y kuni ham do‘ppi yo‘q edi.

Bu narsa meni ko‘pdan beri o‘ylantirib yuradi. Do‘stlarim davrasida ba’zan-ba’zan gapni aylantirib, do‘ppiga taqayman. Shunda bir vallomat gap bo‘ldi:
– Men hayotda do‘ppi kiygan emasman!

U bu gapni xursand bo‘lib, maqtanib (xafa bo‘lib emas!) aytardi. Bu ne gapki, biz hayotda do‘ppi kiymaganimiz bilan maqtansak?! Yoki shoir Muhammad Yusuf aytanidek:
Boshga loyiq, do'ppi yo‘qmi, yo
Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq.

Endi shahardan birgalikda qishloqqa sayohat qilaylik. Sizning oldingizda yana bir bor qizarib qolaman endi. Chunki qishloqda ham do‘ppililar ancha siyraklashib qolishgan hozir. Aksar do‘ppi kiyganlar katta yoshdagi kishilar. Yoshlar esa... ular shaharlikdan qolishmaydi. Jinsi shim, krossovka, “Adidas” sport formasi. Ba’zilari tagida “Yava” mototsikli, sal o‘ziga to‘qrog‘i “Jiguli”da... Do‘ppida emas.

– O'zing-chi?, – dersiz.

O'zim, to‘grisi, shaharda do‘ppisiz yuraman. Lekin qishloqqa borgan hamono do‘ppim turadigan tokchadan uni olib avval tizzamda taxini yozaman, keyin kiyib, mahalla-ko‘y bilan so‘rashgani boraman. Ba’zilar kulishadi: “Yana shaharlik emish”!

Men bu bilan hamma do‘ppi kiyib yursin demoqchi emasman, Faqat do‘ppi bu bizning o‘zbek ekanligimizni anglatuvchi muqaddas timsolligini bir karra eslatib qo‘ymoqchiman, xolos. Yoki chindan ham shoir aytganidek...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish