Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

DUNYO SAVDOSI

13.9.2023 2077

Mansur XO‘JAYEV, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani

Bo‘laklarga bo‘linar Dunyo,

Kuchlilarga kattaroq o‘lja.

Chok-chokidan tilinar Dunyo,

Kuchsizlarga bir ushoq, bo‘lsa...

 

Dum-dumaloq dunyo, ming bo‘lak,

Tarvuz misol yorilgan qorni.

Bitta Zamin, ming bitta tilak,

Bo‘lib-bo‘lib olmoqlik Yerni...

 

Tish qayramas Sherlar Bo‘riga,

Ot Ho‘kizning rizqiga zormas.

Olib ketmas axir go‘riga,

Faqat Odam, Odamzot to‘ymas...

 

Talashadi bir qarich Yerni,

Boylik to‘plar yetti pushtiga.

Yeb to‘ymaydi, biri birini,

Har ish qilar, kelsa hushiga...

 

O‘lim aniq, qadardir aniq,

Yelkasida ming bir g‘avg‘osi.

Bilib turib, nafsxo‘rlik qilar,

Tugamaydi Dunyo savdosi...

 

Tiliklarga bo‘linar Dunyo,

Kuchlilarga kattaroq qismi.

Bir silkinar, xo‘rsinar Dunyo,

Bag‘rida bor qancha “Och” jismi...

 

Ko‘z to‘lmaydi, nafslar to‘ymaydi,

Yana, yana, kattaroq bo‘lak.

Odam to‘ymas, toki, o‘lmaydi.

Nahot shundan ibrat olmasak...

 

Hech egasi bo‘lmagan afsus,

Amalning ham, tobutning mangu.

Qiyomatda talashganimiz,

Boshimizda bo‘lmasin Qayg‘u...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish