Ifloslangan havo har yili o‘rtacha hisobda 7 million kishining erta o‘limiga sabab bo‘layotgan bizning davrimizda, bu eng jiddiy ekologik falokatdir. Hozirda dunyo bo‘ylab har 10 kishidan to‘qqiztasi ifloslangan havodan nafas olmoqda, bu esa astma, yurak xastaligi va o‘pka saratoni kabi kasalliklar xavfini oshiryapti.
Havo ifloslanishidan o‘limning 90 foizdan ortig‘i past va o‘rta daromadli mamlakatlarda, asosan, Afrika va Osiyo davlatlarida sodir bo‘ladi. Shahar aholisi, ayniqsa kambag‘al qatlam, havoning ifloslanishidan eng ko‘p aziyat chekadi. Ushbu xavf-xatarni anglagan holda, dunyoning bir nechta shaharlari havodagi ifloslantiruvchi moddalarga qarshi kurashmoqda. BMT ma’lumotlari asosida ifloslangan atmosfera havosini yaxshilashga erishgan shaharlar ro‘yxatini tuzildi.
Bogota, Kolumbiya
Kolumbiyaning Bogota shahri ifloslangan atmosferani yaxshilash boʼyicha Lotin Аmerikasida yetakchilik qilmoqda. Toza havoga erishish uchun shahar asosiy jamoat transporti boʼlgan eski avtobuslardan voz kechib, ularni yangi elektrobuslar bilan almashtirdi. Shuningdek, Bogotada metro tizimini ham toʼliq elektrlashtirish maqsad qilingan. Bogota meri Klaudiya Lopes Ernandes havo sifatining yaxshilanishida velosipedlarning ham muhimligini taʼkidladi. Uning soʼzlariga koʼra, shaharda har kuni 1 milliondan ortiq velosipeddan foydalaniladi. Bu harakatlar orqali har yili atmosferaga 16 000 metrik tonna karbonat angidrid yoki shunga oʼxshash zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Bugungi kunda Bogota havosi AQI maʼlumotlariga koʼra, yaxshi, baʼzan oʼrtacha darajani koʼrsatmoqda.
Varshava, Polsha
Yevropa Ittifoqining 50 ta eng ifloslangan shaharlaridan 36 tasi Polshada joylashgan boʼlib, havo ifloslanishi har yili 47 500 kishining erta oʼlimiga sabab boʼlishi aniqlangan. Mamlakat 2019-yilda C 40 toza havo shaharlari deklaratsiyasini imzolaganidan buyon havodagi zaharli moddalarga qarshi kurashmoqda. Varshava butun shahar boʼylab 165 dan ortiq havo sifatini nazorat qiluvchi sensor oʼrnatdi. Bu Yevropadagi eng yirik tarmoq boʼlib, Breathe Warsaw ulardan havo sifati maʼlumotlar bazasini ishlab chiqishda foydalanadi.
Polsha poytaxti, shuningdek, koʼmir yoqilgʼisidan foydalanishni bosqichma-bosqich toʼxtatmoqchi. Shahar aholisining eski pechka va qozonxonalardan foydalanishi ham havo tozaligiga taʼsir koʼrsatar edi. Hukumat aholiga eski pechka va qozonxonalardan voz kechish uchun tuman issiqlik tarmogʼiga ulanish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini oʼrnatishda subsidiyalar berdi va bu orqali 4500 dan ortiq qozonxonalar faoliyati tugatildi.
Varshavaning havo ifloslanishiga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatga erishayotganining yana bir kaliti avtobuslarni yangilash boʼldi.
"Varshava nol emissiyali elektron avtobuslarni joriy etish boʼyicha Yevropa yetakchilaridan biri hisoblanadi. Biz metro tizimini rivojlantirmoqdamiz, yangi tramvay liniyalarini quryapmiz, velosiped yoʼllari va velosipedlarni ijaraga berish tizimini takomillashtiryapmiz”, degan edi Magdalena Mlochovska, "Yashil Varshava" direktori.
Seul, Janubiy Koreya
26 million aholi istiqomat qiladigan Seul shahri havo sifati boʼyicha inqirozga duch kelgani ajablanarli emas. Seulda oʼtkazilgan "oddiy" kunlarda ham siz nafas olayotgan havo oʼpkaga oltita sigaret chekilgani bilan barobar taʼsir koʼrsatishi mumkin. Seuldagi PM2.5 darajasi rivojlangan mamlakatlarning boshqa yirik shaharlariga qaraganda ikki karra yuqori. Janubiy Koreyada oʼtkazilgan tadqiqot shuni koʼrsatdiki, havo ifloslanishi har yili taxminan 20 000 dan ortiq erta oʼlimga sabab boʼladi. Biroq, soʼnggi yillarda Seulda havo sifatining asta-sekin yaxshilanishi kuzatildi. Qazib olinadigan yoqilgʼiga bogʼliqlikni kamaytirish va ekologiyaga oid qatʼiy qoidalarni joriy etish borasidagi saʼy-harakatlar ushbu ijobiy tendentsiyaga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Janubiy Koreya hukumati qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish va koʼmirda ishlaydigan stantsiyalarni bosqichma-bosqich toʼxtatish kabi tashabbuslarni ilgari surdi. Seul havo sifatini yaxshilash boʼyicha allaqachon oʼrnak koʼrsatdi. Shahar 2025-yilgacha barcha davlat sektori va ommaviy tranzit parklarida dizel yoqilgʼisi bilan ishlaydigan avtomobillarni taqiqlashini eʼlon qildi.
Bangkok, Tailand
Bangkok dunyoda eng tirband transport harakatiga ega ekanligini hisobga olsak, shaharning ifloslangan havo qatlami ostida qolishi tabiiy hol. 2020-yilda havodagi mayda zarrachalar (PM2.5) xavfli darajaga yetganligi sababli yuzlab maktablarni yopishga toʼgʼri kelgan. Shahar havo ifloslanishi va uglerod chiqindilariga qarshi kurashish uchun bir qator tashabbuslarni boshladi. 2019-yilda boshlangan “Yashil Bangkok 2030" loyihasi shahardagi yashil maydonlar nisbatini kishi boshiga 10 kvadrat metrgacha oshirish, shahar umumiy maydonining 30 foizida daraxtlar uchun joy ajratish va piyodalar yoʼlaklarining xalqaro standartlarga javob berishini taʼminlashga qaratilgan. Loyihaning birinchi bosqichida oʼn bitta bogʼ, shuningdek, 15 km uzunlikdagi yashil yoʼl ochilishi rejalashtirilgan boʼlib, ularning barchasi shaxsiy transportga kamroq tayanishni ragʼbatlantirish va shu orqali ifloslanishni kamaytirishga qaratilgan.
Pekin, Xitoy
Pekin shahri soʼnggi yillarda ifloslangan havo timsoliga aylanib qolgan edi. 1998-yilda Pekin havo ifloslanishiga qarshi urush eʼlon qildi. Oradan 20 yil oʼtdi va Xitoy poytaxti bu jangda gʼalaba qozonayotganga oʼxshaydi. Havo sifati sezilarli darajada yaxshilangan va olingan saboqlar havo ifloslanishiga qarshi kurashuvchi boshqa shaharlar uchun yoʼl xaritasini taqdim etadi.
“Havo sifatining yaxshilanishi tasodifan yuz bermagan. Bu vaqt, resurslar va siyosiy irodaning natijasidir. Pekinning havo ifloslanishiga qarshi tarixini oʼrganish shu yoʼldan borishni istagan har qanday millat, tuman yoki munitsipalitet uchun juda muhimdir”, degan edi BMTning atrof-muhit boʼyicha ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Joys Msuya.
1998-yilda Pekindagi havoning ifloslanishiga koʼmir yoqilgʼisi va avtotransport vositalaridan chiqadigan zararli gaz sabab boʼlayotgani aniqlangan edi. Keyingi 15 yil ichida Pekin energiya infratuzilmasini optimallashtirish, koʼmir yoqilgʼisi bilan ishlaydigan ifloslanishni nazorat qilish va avtomobillar chiqindilarini nazorat qilishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. 2013-yilga kelib havoni ifloslantiruvchi moddalar darajasi pasaydi.
2017-yil oxirida Pekinda mayda zarrachalar bilan ifloslanish (PM2.5) 35 foizga, Pekin-Tyanjin-Xebey mintaqasida 25 foizga kamaydi. Ushbu muvaffaqiyatning katta qismi koʼmir bilan ishlaydigan qozonxonalarni nazorat qilish, toza maishiy yoqilgʼi bilan ishlash va sanoatni qayta qurish boʼyicha chora-tadbirlar natijasida yuzaga keldi. Bu davrda Pekinda oltingugurt dioksidi, azot oksidi, PM10 zarrachalari va uchuvchi organik birikmalarning yillik emissiyasi mos ravishda 83%, 43%, 55% va 42% ga kamaydi.
UNEP'ning 2021-yilgi havo sifati boʼyicha harakatlar hisobotiga koʼra, dunyo davlatlarining atigi 31 foizida havoning transchegaraviy ifloslanishini boshqarish yoki unga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari mavjud, 43 foiz mamlakatlarda esa bunday taʼrif yoʼq. Аksariyat mamlakatlarda havo sifati monitoringi va havo sifatini boshqarish tizimi hali mavjud emas.