Mahalla infratuzilmasini takomillashtirishda kadrlarning salohiyatini oshirish va aholi bilan ishlashda barcha zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu amaliy ishlar samarasini xalqning roziligidan, ko‘zlaridan, so‘zlaridan uqib olish qiyin emas.
O‘zim uchun bitta shiorni dasturulamal qilib olganman: “Hech kim e’tibor va mehrdan chetda qolmasin”. Buning zamirida inson qadri mujassam.
Buxoro shahridagi Hamid Olimjon mahallasida 944 nafar yosh istiqomat qiladi. 14 nafari nogiron yoshga doimiy ravishda moddiy yodam, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib kelinmoqda. Shu bilan birgalikda, kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga ham yordamlashilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishidan kelib chiqib, “yaxshi”, “o‘rta” va “ahvoli og‘ir” toifalariga ajratildi. Bizning hududda 7 nafar yosh “ahvoli og‘ir” yoshlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ularga biriktirilgan rahbarlar doimiy ravishda muloqot olib bormoqda. Muammolari o‘rganilib, yechim berilmoqda. Uyushmagan yoshlar ro‘yxatida 3 nafar yosh kiritilgan bo‘lib, 7258-harbiy qism komandiri Orif Dagarovga biriktirilgan. U doimiy ravishda yoshlar bilan suhbatlar olib bormoqda. Maqsad – yoshlarning kelgusida jinoyatchilikka qo‘l urishining oldini olish, hayotda yaxshi nom qozonishini ta’minlashdan iborat.
Mahallamizdagi xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishi bor yoshlarni “Ibrat academy”ga yo‘naltirganman. Loyiha orqali 550 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 55 nafari sertifikatni qo‘lga kiritdi va katta hayotga yo‘llanma oldi.
Mahallamizdan migratsiyadagi yoshlar 10 nafarni tashkil etadi. Ular bilan doimiy aloqa o‘rnatilib, muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashilmoqda. Ko‘rilgan choralar natijasida 1 nafar yosh migratsiyadan qaytib keldi va o‘z uyida ish bilan band qilindi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ham iste’dodli yoshlarga qanot bag‘ishlamoqda. Olimpiada doirasidagi tanlov va musobaqalarga 940 nafar yosh qamrab olingan. Mahallamizdan Nodir Murtazoyev “Yoshlar ovozi” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida 22-30 yosh toifasida “An’anaviy xonandalik” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va bandligini ta’minlashdagi ishlar samarasi o‘laroq, "Hamid Olimjon" mahallasi jinoyatchilikdan xoli hudud sifatida e’tirof etildi. “Mahalla yettiligi” bir bo‘lib ishlasa, mahallada jinoyatchilik bo‘lmaydi.
Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir masala – yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan – yoshlardir. Yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lgan holda o‘zligini ham unutmasligi lozim. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab turishi lozim.