Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Elchiga uy bo‘lgan muzey

14.6.2023 4636

Loyiha muallifi: Ziyoda RAHIMBOYEVA

Manzil: Yakkasaroy tumani, Rakatboshi ko‘chasi, 15-uy

Ish vaqti:  seshanba-yakshanba, 9.00-18.00 gacha

Kirish chiptalari: kattalar uchun 25 ming so‘m, talabalar uchun 4 ming so‘m.

XIX asrning birinchi yarmidan to bugungacha bo‘lgan davr mobaynida turli mamlakatlarning “qo‘li  gul” deb e’tirof etilgan ustalari tomonidan yaratilgan amaliy san’at durdonlari bir joyga yig‘ilgan manzil haqida bilasizmi?  Poytaxtimizda joylashgan O‘zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi shu kabi nodir  va qimmatbaho eksponatlarni bir yerga to‘plagan  madaniy-maʼrifiy, ilmiy muassasadir. Loyihamizning navbatdagi manzili sifatida aynan shu maskanni tanladik, maqolamizda esa sizni qiziqarli ma’lumotlar kutmoqda.

Mehmonlarning sevimli manzili

Muzey eksponatlarini badiiy jihatdan 3 guruhga ajratish mumkin: qadimiy anʼanalar asosida har bir hududning oʻziga xosligini aks ettirgan: XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab,  anʼanaviy uslubni yoʻqotmagan holda  yaratilgan;  taraqqiyotdan kelib chiqib zamonaviy sanʼat talablari darajasida yaratilgan sanʼat asarlari.    Hunarmandchilikning kulollik, chinnisozlik, shishasozlik, kashtadoʻzlik, doʻppido‘zlik, chitgarlik, badiiy mato, milliy kiyim, gilamchilik, yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik, lokli miniatyura, zargarlik, kandakorlik, pichoqchilik  kabi 20 ga yaqin yo‘nalishini o‘zida aks ettirgan muzeyga kun davomida shahrimiz mehmonlari, turistlar tashrifi tinmaydi.

Seshanba va juma kunlari esa 12 yoshgacha bo‘lganlar uchun kirish bepul ekanligi,   muzeyning  maktab o‘quvchilari bilan har kungidan gavjum bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi.  “Bugun siz ko’rib turgan muzey binosi  dastlab rus elchisi Aleksandr Polovsovning    uyi bo‘lgan.  Va elchi bu dargohga  1896-yildan 1904-yilgacha, ya’ni  8 yil davomida turli hududlardan mohir hunarmandlarni jalb etgan.  Toshkent va Farg‘onalik ustalar mehnat mahsulini bir necha hil uslublarning go‘zal uyg‘unlashuvida ko‘rishingiz mumkin.

Muzey sifatida 1937-yildan boshlab  faoliyat ko‘rsata boshlagan  maskanimiz bu yil  86 yoshni qarshi oldi.  10 mingga yaqin eksponatlar  13 ta zalda tashrif buyuruvchilarga namoyish etilmoqda.  Maydoni kichik bo‘lsa-da,   muzeyimizga sayohat qilib, qisqa  vaqt davomida  foydali ma’lumot va bilimlarga ega bo‘lishingiz mumkin. Bundan tashqari, muzeyimizga keluvchi yoshlar va bolajonlar uchun mahsus loyihalarimiz: “Muzeyda tun”,  “Open air fest” bundan tashqari, mahorat darslari o‘tkazish, sahna ko‘rinishlari, turli konsert va chiqishlar  uyushtirib borilayotgani sabab, so‘nggi vaqtda  muzeyimiz yosh tashrifchilar bilan yanada gavjumlashdi”  deydi muzey  xodimi Dilnoza  Nazrullayeva .

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish