Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ELEKTRON UNIVERSITET

5.11.2022 718

Shokirjon MADAMINOV, “Elektron universitet” markazi xodimi

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomil­lashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida Toshkent davlat yuridik universitetida elektron universitet (E-university) loyihasi joriy etilmoqda. Loyiha uchun Jahon bankidan “Akademik innovatsiyalar” fondi granti doirasida 140 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi. “Elektron universitet” platformasi doirasida “Elektron tadqiqot”, “Elektron taʼlim”, “Elektron pedagog”, “Elektron talaba”, “Elektron kutubxona”, “Elektron huquqiy targ‘ibot” kabi dasturlarni yaratish va yagona global platfor­maga birlashtirish orqali universitet resurslaridan istalgan nuqtadan foydalanish, taʼlim jarayoniga eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish belgilangan.

O‘tgan vaqt davomida TDYUda elektron universitet loyihasini ishga tushirish uchun digital.tsul.uz, std1.tsul.uz, qabul2022.tsul.uz, kadr.tsul.uz, ecenter.tsul.uz, tech.tsul.uz, mar­keting.tsul.uz, doc.tsul.uz, degree.tsul.uz, online.tsul.uz, reestr.tsul.uz, distant. tsul.uz, archive.tsul.uz, distant. litsey.tsul.uz, gafurgulom.tsul. uz, new.tsul.uz, attestat.tsul. uz kabi 20 dan ortiq platfor­ma yaratilib, amaliyotga tatbiq etildi. Kelgusida bar­cha platformalar yagona elektron tizimga birlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda TDYUda ish­ga tushirilgan digital.tsul.uz platformasi orqali 5390 talaba va 397 professor-o‘qituvchi shaxsiy kabinet asosida avtomat­lashtirilgan taʼlim jarayonida faoliyat olib bormoqda. Platformada talabalar uchun dars jadvali, fanlarni tanlash imkoniyati, yotoqxonaga joylashish, turli lokal saylovlarni o‘tkazish funksiyalaridan tortib, professor-o‘qituvchilar uchun samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari (KPI)ni baholashgacha yo‘lga qo‘yilgan.

Elektron universitet loyihasi natijasida Toshkent davlat yuridik universitetida respublikada birinchilar qa­torida masofaviy taʼlim yo‘lga qo‘yildi. Universitetga 300 ta kvota asosida abituriyentlar tala­balikka o‘qishga qabul qilinib, maso­faviy taʼlim jarayonlari boshlab yuborildi.

Elektron universitet loyihasini amaliyotga joriy qilish natijasida talabalarning oraliq va yakuniy nazorat ishlari to‘liq raqamlashtirilib, elektron tarz­da topshiriladigan bo‘ldi. Bu esa universitetda qog‘oz va boshqa resurslar sarfini iqtisod qilishga olib kelmoqda. O‘rtacha hisobda har bir talabaning semestr davomidagi oraliq va yakuniy nazorat ishlariga ketadigan qog‘oz va boshqa resurslar­ni hisoblasak, o‘rtacha 10 000–15 000 so‘m chiqim bo‘ladi. Jami talabalar uchun 1 semestr davomida

53 million 900 000 – 80 million 850 000 so‘m atro­fidagi mablag‘ chegirib qolinishi mumkin. Bu esa o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan universitetlar faoliyati uchun muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, elektron universitet loyihasi raqamli iqtisodiyot sharoitida istalgan oliy taʼlim muassasasi uchun ko‘plab muammolarni bartaraf etishga yordam berishi bilan birga, qulayliklar ham yaratadi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish