Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ENDI “PRAVA”GA OLTI OY O‘QITILADI(MI?)

10.8.2022 7208

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Haydovchilik guvohnomasini olishda yangi tizim yo‘lga qo‘yilganidan xabaringiz bor. “Prava” olish uchun o‘qish muddati uch oydan olti oyga cho‘zilishi haqidagi mish-mishlar ham qulog‘ingizga chalingandir? Xo‘sh, muddatning uzaytirilishiga sabab nima? Guvohnoma olish uchun uch oy o‘qish kamlik qilyaptimi? Texnikalar asrida birgina mashina boshqarish­ni o‘rganish uchun olti oy uzoq muddat emasmi? Xorijiy davlatlarda bu borada tajriba qanday?

Kun davomida hech bo‘lma­sa bir marta avtohalokat haqida­gi xabarga ko‘zingiz tushadi. Xo­razmda haydovchi YPX xodimining mashinasini urib yubordi; Toshkentda “Spark” va “Lacetti” ishtirokidagi avtohalokatda ikki, Jizzaxdagi yuk mashinasi ag‘darilib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Raqamlar ham yildan yilga “ulg‘aymoqda”. 2020-yilda — 6982 ta avtohalokat sodir bo‘lib, 1962 ki­shi halok bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilda 10001 ta to‘qnashuvda 2426 kishi, 2022-yilning yarmida esa 3 559 ta baxtsiz hodisa yuz berib, ular oqi­batida 784 kishi qurbon bo‘lgan.

Bu og‘riqli muammo tizimli ravishda o‘rganilganda asosiy ayb­dor haydovchilar deb topildi. Negaki ular avtomobil boshqarishda yetarli malakaga ega emas, bunga sabab esa “haydovchilik guvohnomasi” olishning “o‘yin” bo‘lib ketganidir! Ularni yanada puxtaroq o‘qitish kerak, shunda yo‘llarda harakat xavfsizligi ta’minlanadi.

Shu bois haydovchilik guvohno­masini olishda yangi tizim yo‘lga qo‘yilgan edi. Natijada imtihon markazining sinovidan qo‘rqqan ko‘pchilik darslarga jiddiy kirishdi. Lekin amaliy va nazariy darslarga to‘liq qatnashib, bilimiga ishonib borganlar ham imtihon markazidan yiqilib qaytyapti. Haydovchilik gu­vohnomasi olishni istagan ko‘pchilik otning kallasiday narxlardagi qo‘shimcha mashg‘ulotga yozilib, ik­kinchi yo uchinchi urinishda imtihon­dan o‘ta olyapti. Negaki avtomaktablar uch oyda ham kerakli bilim va ko‘nikmalarni bera olmayapti.

Haqli savol tug‘iladi. Markazdagi malakali ustozlar qo‘lidan dars ol­gach, imtihondan o‘tilar ekan, o‘qish muddatini uzaytirish emas, o‘qish sifatini yaxshilash haqida bosh qotirish kerak emasmikan? Avto­maktabdagi o‘qitish sifati talabga javob bermasa, 6 oy o‘qitishdan maqsad ko‘proq pul olishmi? Umu­man olganda, o‘qish muddati emas, qanday o‘qigani muhim emasmi?

XORIJGA NAZAR: 10 SOAT DARS  KIFOYA

Albatta, imtihon jiddiy bo‘lsa, qan­day o‘qishning ahamiyati yo‘q, xorijiy davlatlarda uyda tayyorlanib ham “prava” olish mumkin. Imtihon shaf­fof bo‘lsa, kifoya. Masalan, Fransiyada haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy imtihonlarga o‘zingiz mustaqil tayyorlanishingiz mum­kin. Biroq bu yerda haydovchilik gu­vohnomasi olish nihoyatda murak­kab, yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan­misan, yiqilasan – tamom.

Sinovlar nazariy va amaliy top­shiriladi. Kompyuter orqali nazariy test imtihonlaridan o‘tasiz. Amaliy imtihon esa anchagina qiyin. Unga kirish uchun avval siz instruktor bi­lan 30 soat avtomobil haydash tajribangiz bo‘lishi shart. Fransi­yada odatiy, eski usulda ishlov­chi avtomaktablar bilan birga zamonaviy, innovatsion o‘quv dargohlariyam bor, ular barcha o‘quv dasturlarini avtomatlashtir­gan, internetga yuklagan. Nazariy va amaliy tayyorgarlik parallel ravishda olib boriladi. O‘quv jarayoni­da oraliq imtihonlari topshiriladi, yaxshi o‘zlashtirmaganlar keyingi mavzularga o‘ta olmaydi, dastur uni bloklab qo‘yadi. Masalan, “bu­rilish” mavzusida amaliy nazorat­ni topshira olmadingiz. O‘qishni davom ettirish uchun siz mustaqil mashq qilib yoki repetitor yollab uni qayta topshirishingiz talab eti­ladi. Shuning uchun kamida 30 soatlik tajriba talab qilinadi.

Yoki Dubayni olaylik. U yer­da o‘qitish tizimi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan. Nazariy imtihon­larga mustaqil tayyorlanishingiz mumkin. Bu imtihon IIVga kompyuterda topshiriladi, jami 30 ta savoldan kamida 27 tasiga to‘g‘ri javob bergan o‘tadi. Amaliy imti­hon esa bir oydan keyinga qo‘yib beriladi, ammo imtihonni tezlashtirish xizmati ham mavjud. Avto­maktabda o‘qish narxi soatbay hisoblanadi, umuman mashina boshqarishni bilmaydigan odam ham 10 soat dars olib, amaliy imti­hondan bemalol o‘ta oladi.

QOIDALARNI BILAMIZ, LEKIN AMAL QILMAYMIZ

O‘quv muddatini uzaytirishdan maqsad haydovchilarni yanada puxtaroq o‘qitish deyish mumkin. Bu qarorni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham kam emas. Qancha uzoq o‘qi­sa, qoidani shuncha ko‘proq o‘rga­nadi. Lekin... faqatgina qoidalarni bilish bilan ish bitmaydi, ularga amal qilish, ijrosini ta’minlash ham zarur.

Tan olish kerak, yo‘l qoidalariga amal qilmaslik, bilib bilmaganlik­ka olish odatiy hayot tarzimizga aylangan. Ishga, o‘qishga, uyga ketarkansiz, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmayotganlarni kuza­tasiz, ehtimol, o‘zingiz ham tartib buzuvchilardandirsiz. Kimdir qizil chiroqda yo‘lni kesib o‘tadi, boshqa birov piyodalar yo‘lakchasi yo‘qligi bois belgilanmagan joydan yura­di. Haydovchilar tezlikni oshiradi, mast holda mashina boshqaradi, telefonga javob beradi. Natijada, birovning umriga zomin bo‘ladi, o‘z hayotini barbod qiladi.

2021-yilda avariyalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar o‘rganilganda yo‘l harakatini tash­kil etish va yo‘llardagi nosozliklar sababli — 23,2 foiz, piyodalar o‘tish yo‘laklari yo‘qligi sababli belgilan­magan joydan o‘tish — 22,2 foiz, bel­gilangan tezlikka rioya qilmaslik — 15,9 foiz, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish — 8,9 foizni, piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodani urib yuborish — 7,6 foizni tashkil et­gan. Shu bilan birga, 7 foiz avtohalo­kat haydovchining tajribasizligi, yana 7 foizi esa veloyo‘laklar bo‘lmagan joylarda ularni urib yuborish kabi ho­latlarga to‘g‘ri kelmoqda. Qolaversa, bolalarni qarovsiz qoldirish barcha halokatlarning 2,9 foiziga sabab bo‘lgan, avtomobilni mast holatda boshqarish 1,7 foiz YTHga olib kelgan. Boshqa sabablar bilan bog‘liq holat­lar esa 3,6 foizni tashkil etgan.

Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, ko‘plab avtohalokatlarga sabab oddiy qoidalarni buzish (bilmaslik emas)dan kelib chiqqan. Mast hol­da mashina boshqarmaslikni, qizil chiroqda to‘xtash kerakligini, belgilangan tezlikka rioya qilish kerakligini olti oy emas, bir yil o‘qitilsa ham, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olinmasa, eski hammom, eski tos bo‘lib qolaveradi. Shunday ekan, odamlarga qoidalarni o‘rgatish uchun muddatni uzaytirish emas, balki ularni buzgani uchun jazoni kuchaytirish kerak.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish