15-noyabr kuni Prezident tomonidan “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–366-son) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2024–2026-yillarda:
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan:
• kichik tadbirkorlarga ajratiladigan kredit qoldig‘i 1,7 baravarga oshirilib, ularning kredit portfelidagi ulushi 28 foizdan 43 foizga yetkaziladi;
• kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 800 million AQSH dollarigacha resurs jalb qilinadi;
• 300 million AQSH dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)lar xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqariladi;
• 150 mingta kichik tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan:
• kichik va o‘rta tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar hajmi 8 trillion so‘mdan 14 trillion so‘mga yetkaziladi;
• 150 ta o‘rta biznes korxonasiga ulush kiritiladi va xizmatlar ipotekasi asosida 300 ta loyiha tadbirkorlarga sotiladi;
• o‘rta tadbirkorlar soni 2,5 baravarga oshiriladi;
• 300 million AQSH dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)lar xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqariladi.
2023-yil 15-dekabrgacha hududlar va davlat dasturlari yo‘nalishlari kesimida 2024-yilda 2 million aholini biznesga jalb qilishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.
2024-yil 1-iyuldan davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlardan samarali foydalanish uchun kredit ajratishning barcha bosqichlari elektron platformalarda amalga oshiriladi.
2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni davlat buyurtmachilariga bir yilda 10 milliard so‘mgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.