Yoshlar o‘rtasida energetik ichimliklar ommalashib bormoqda. Maktab o‘quvchilaridan tortib, charchagan, kam uxlagan, shunchaki chanqaganlar ham shuni ichyapti. Do‘konlarda oddiy suv, sharbat yoki gazli ichimliklardan ham ko‘ra, ularning bozori chaqqon.
Mutaxassislar energetik ichimliklarning inson salomatligiga jiddiy salbiy ta’siridan ogohlantirmoqda. Qator davlatlarda bunday ichimliklarga cheklovlar, taqiqlar qo‘yilyapti. Shunga qaramay, jahonda “energetik”larni iste’mol qilish bozori yiliga 13-15 foizga kengayib bormoqda. Asosiy iste’molchilar 18-35 yoshdagilardir. Ba’zi mamlakatlarda esa 12 yoshdan energetik ichimliklar ichish mumkin.
Bu ichimlikni asosan yoshlar ichayotgani hisobga olinsa, yurtimizda uning ehtimoliy iste’molchilari aholining 30-40 foizini tashkil etishi mumkin.
16 yoshli bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan
Ma’lumotlarga ko‘ra, “quvvatbaxsh” ichimlik ilk bor 1960-yilda Yaponiyada dori vositasi sifatida yaratilgan. Keyinchalik Yevropa va AQShni “zabt etgach”, biznesmenlar bu mahsulotni ommalashtirish uchun tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalarni qo‘shgan.
2014-yilga kelib Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘smirlar o‘rtasida energetik ichimliklar ko‘p iste’mol qilinayotgani yuzasidan xavotirli bayonot bilan chiqdi. 2017-yilda esa AQShda 16 yoshli o‘smirning o‘limiga ko‘p miqdorda ichilgan energetik ichimlik sabab bo‘lgani taxmin qilingan.
Oliy toifali shifokor Nasiba Ibragimova ham energetik ichimlik tarkibida uchraydigan koʻp miqdordagi kofein yurak va qon tomirlarida jiddiy muammolar — gʻayritabiiy yurak ritmi, yurak urish tezligi, arterial qon bosimining oshishiga sabab boʻlishi mumkinligini ta’kidladi:
“Energetik ichimlikning kuchli ta’sirga ega bo‘lgan tarkibiy qismi kofein hisoblanadi. Kofein organizmni energiya sarflashga safarbar qiluvchi psixotroplar toifasiga, o‘rganib qolishga olib keluvchi moddalar qatoriga kiradi. Bir banka kam alkogolli kokteyl 3-4 stakanga teng qahvadagi kofeinni o‘z ichiga oladi.
Etanol bilan kofeinli ichimliklar iste’moli siydik haydovchi effektni ikki baravar oshiradi. Bu esa buyraklarning ko‘proq zo‘riqishiga, vaqt o‘tishi bilan buyrak kasalligining kelib chiqishiga olib keladi. Xotiraning sustlashishi va intellektual faollikning pasayishi kuzatiladi. Asta-sekin bu alomatlar kuchayib boradi. Kofein oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Bu esa o‘z navbatida oshqozon-ichak faoliyatida yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Energetik ichimliklarning tarkibiy qismi bo‘lgan aksar moddalar organizmda to‘planishi saraton o‘smalarining rivojlanishiga olib kelishi aytilmoqda. Oqibatda 2-3 yil davomida energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish jigarda yuzaga keladigan o‘zgarishlar o‘rtacha 20 yil spirtli ichimlik ichish bilan bog‘liq o‘zgarishlarga qaraganda ko‘proq bo‘ladi. Shuningdek, ushbu ichimliklar diabet rivojlanishiga, semizlik, talvasa, to‘satdan o‘lim kabi xavflarni keltirib chiqarish ehtimoli bor.
Avstraliyalik olimlar o‘tkazgan “O‘smirlarning energetik ichimliklarga nisbatan qarashlari, hissiyotlari” nomli tadqiqot natijalaridan bilinadiki, o‘smirlar energetik ichimliklar tarkibida inson salomatligiga xavf soluvchi kofein, guarana va taurin kabi moddalar mavjudligi haqida hech qanday tasavvurga ega emas, shunga qaramasdan, ular tarkibida ko‘p miqdorda kofein bo‘lgan energetik ichimliklarni boshqa turdagi ichimliklardan oson farqlay oladi”.
Yosh organizmda stress keltirib chiqaradi
Psixolog Gulira’no Erolova energetik ichimliklarning ta’siri haqida gap ketganda, platsebo effektini yoddan chiqarmaslik zarur, deb hisoblaydi.
“Ichimlik tarkibida tetiklantiruvchi moddalar ham bor, lekin reklamalar ta’sirida buni ichgan inson maksimal darajada tetiklanganday his qiladi. Chunki reklamalarda aynan shu jihatga urg‘u berilyapti. Oqibatda faqat shuni ichsam, quvvat olaman, degan fikr paydo bo‘ladi va shu ichimlikka doimiy qaramlik kelib chiqadi. Shuni ichganda ongostida: “Bo‘ldi hammasi joyiga tushdi, men tinchlandim, holatim yaxshilandi”, deb o‘ylashadi. Vaholanki, aslida unday bo‘lmaydi.
Achinarlisi, o‘smirlarning energetiklarga o‘rganib qolishi natijasida ular kelgusida ko‘plab asab kasalliklariga chalinishi mumkin. Sababi bu ichimliklar stress holatlarni keltirib chiqaradi. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu ichimliklarni ichish taqiqlanadi. Lekin afsuski, maktablar yonidagi do‘konlarda bolalarga bemalol sotilayotgan holatlarni ham ko‘rish mumkin.
Albatta, ichimlik qadoqlarida 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun mumkin emasligi ta’kidlangan, lekin reklama roliklaridagi yoqimli holatlar o‘smirlarda ko‘proq tasavvur uyg‘otadi. Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, reklamalar aynan o‘smir yoshdagi bolalar va yoshi katta insonlarga ko‘proq psixologik ta’sir qiladi va ularda o‘sha reklama qilingan narsaga nisbatan ishonch paydo qiladi.
Bolalarimiz ishonchni, kuchni, bardamlikni qandaydir ichimlikdan emas, o‘zlaridan topishsa, kelajakka foydali bo‘ladi”, – deydi ruhshunos.
Yana bir ishlamaydigan qonun
Hozir dunyoning qator davlatlarida bunday mahsulotlar sotuviga cheklovlar o‘rnatilgan. Masalan, aksariyat mamlakatlarda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklarni pullash man qilingan. Daniya, Turkiya, Norvegiya, Islandiya va AQShning ayrim shtatlarida esa bunday mahsulotlar sotuvi butunlay taqiqlangan.
Birlashgan Arab Amirliklarida bu ichimlikni iste’mol qilishning minimal yoshi 18 yosh bo‘lsa, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga binoan endilikda 20 yosh deb belgilash ustida bahs-munozaralar olib borilmoqda.
O‘zbekistonda ham bu borada qonuniy cheklovlar amalda. Unga ko‘ra, energetik ichimliklarning 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, yurtimizda bunday mahsulotlarni 7:00 dan 22:00 ga qadar reklama qilish taqiqlangan.
Biroq ushbu qonun ham ishlamaydigan qonunlarimiz qatoriga kirgan. Telekanallardagi film o‘rtasiga qo‘yilgan birgina reklama blokida 7 ta salqin ichimlik reklamasi bo‘lsa, shundan 3 tasi “insonga qo‘shimcha jismoniy va aqliy kuch bag‘ishlashi, organizmni tetiklashtirib, bardamlashtirishi” aytilgan energetik ichimliklar haqida bo‘ladi.
Do‘konda ushbu mahsulotni xarid qilayotgan insondan yoshi so‘ralgani, sotishdan bosh tortilgan holatlarni ham ko‘rmaganmiz. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 164-moddasida:
“Energetik ichimliklarni o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish – fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deb yozib qo‘yilgan.