Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Energetika vazirligiga! Aholida e’tiroz bor

10.7.2024 343

Shahruza SATTOROVA

“O‘zbekenergo, 200 kVt limitni bekor qilinglar!”

Bu jumlalar sizga tanish bo‘lib qolgani aniq. Chunki bir necha kundan buyon o‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasi iste’moli uchun qo‘yilgan ijtimoiy normani bekor qilishni so‘rab fleshmob o‘tkazmoqda.

Aholining fikricha, 200 kVt norma mutlaqo asossiz, mas’ullar bu normani qanday belgilaganini tushuntirib berishlari kerak. To‘lov miqdori keskin oshgan, avval bir oy uchun 100 ming so‘m yetgan bo‘lsa, hozir 500 ming so‘mdan ortiq pul ketyapti. Qolaversa, jahonning hech bir davlatida ijtimoiy norma bunchalik kam emas. Ko‘plab jamoatchilik faollari, jurnalistlar ham shu fikrda. Energetik Sarvar Qurbonov 200 kVt bir oy uchun yetarli emasligini isbotlab berdi. Mutasaddilar esa hanuzgacha lom-lim demadi. Energiya tejash usullari aks ettirilgan infografikani hisobga olmaganda, albatta.

 

O‘zi hammasi nimadan boshlandi?

Joriy yil 1-maydan boshlab O‘zbekistonda “tabaqalashtirilgan ta’riflar” bo‘yicha elektr energiyasi va gaz narxi o‘zgargan edi. Mazkur o‘zgarish Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilib, jismoniy shaxslar uchun oyiga 200 kVt/soatgacha miqdorda iste’mol uchun ijtimoiy me’yor belgilandi. Bu limitdan oshish tarifning ham bir necha baravar oshishiga olib keladi.

Bunda ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha ishlatilgan elektr uchun – 225 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 450 so‘m;
  • oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 675 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 787,5 so‘m;
  • oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 900 so‘mdan to‘laydi.

 

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha – 450 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 900 so‘m;
  • oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 1 350 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 1 575 so‘m;
  • oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 1 800 so‘mdan etib belgilangan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev o‘sha vaqtda ijtimoiy norma qayerdan kelib chiqqanini shunday izohlagan edi:

“200 kilovatt soat nima uchun ijtimoiy norma qilib belgilanganiga izoh bersam. Mamlakatimizda aholining deyarli 62 foizdan ko‘prog‘ini aynan 200 kilovatt soat elektr energiyasi iste’mol qiluvchilar tashkil etadi. Mana shu miqdor asos qilib olindi va amaliyotga tatbiq etildi”.

Biroq raqamlarni istagancha yasab olish mumkin. Bu bo‘yicha oldindan biror tajriba o‘tkazildimi? Qaysidir hudud tajriba tariqasida tanlab olinib, 200 kVt yetishi isbotlandimi?

Limit oshirilishi zarur!

Ijtimoiy tarmoqlarga nazar tashlansa, limit bir oy uchun yetdi, degan odam sanoqligina uchraydi. Ular oilada 2 kishi yoki oila a’zolari kun bo‘yi ishda bo‘ladi. Ko‘pchilik elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 200 kVt dan yuqori ekani, kuz-qish mavsumida bu ehtiyoj yana-da oshishini gapiryapti.

“Aytingchi, bu standartlarni kim ishlab chiqdi – oyiga 200 kVt/soat? Nimaga asoslanib? Qanday dastlabki hisob-kitoblar amalga oshirildi? Va tabiiy savol: kimdir bu standartlarga mos keladimi? Mening kvartiramda 2 ta kondisioner bor. Ammo bu bizning iqlimimizda hashamat emas, balki majburiy zarurat. Tejamkorlik bilan foydalanilganda, aytaylik, bir kunda 10 soat, 13:00 dan 23:00 gacha konditsioner ishlatsak, bu 10 kVt soat degani, bir oyda 300 kVt/soat. Hech bo‘lmaganda bitta kondisioner shuncha ishlaydi. Shuningdek, muzlatkich, televizor, elektr choynak va boshqalar bor. Xarajatlar deyarli uch baravar oshdi. Xo‘sh, bu 200 kilovattlik oylik normani kim belgilagan? Iltimos, javob bering!”, deb yozadi jurnalist Elmira Tuxvatullina.

Energetik Sarvar Qurbonov esa aslida aholi iste’moli belgilangan normadan bir necha baravar yuqori ekanini raqamlar bilan isbotlab berdi.

“Bir kunda 4-5 kishilik oilada televizor 1 kVt, dazmol 0,5 kVt, kir yuvish mashinasi (bir haftada ikki marta ishlatilsa) 0,5 kVT, suv isitish uskunasi 3,6 kVt, yoritish tizimi 1 kVt, konditsioner (soatiga 1 kVt) 15 kVt, tefal 1,5 kVt, mikrovolnovka 1 kVt, muzlatkich 1-2 kVt energiya sarflasa, bu bir oyda 773 kVt degani. Bizda konditsioner yo‘q degan taqdiringizda ham o‘rtacha 320 kVt sarflanadi. Qishloq joylar, hovlilarda 8-10 kishi yashaydigan oilalar bor. Bunday oilalarda energiya sarfi 1000 kVtdan ham oshib ketadi”.

Adliya vazirligining 1 oylik elektr-energiyasi sarfi bo‘yicha ma’lumotida esa o‘zbekistonliklarning bir oyda iste’mol qiladigan elektr sarfi belgilangan ijtimoiy normadan ancha kam – 180 kVt/soat ekanligi ko‘rsatilgan. Ammo ro‘yxatda konditsioner yo‘q. Eng ko‘p energiya sarflaydigan uskuna ham shu aslida. Qolaversa, anomal issig‘-u, anomal sovuqlarda konditsionersiz yashab qolishning imkoni deyarli yo‘q.

O‘tkazgan so‘rovnomalarimizda ham bir oyda 200 kVt yetadi, degan odamni uchratmadik. Ular to‘lov nihoyatda qimmat bo‘lib ketayotganidan norozi, mutasaddilar ijtimoiy normani qaytadan ko‘rib chiqishi kerak degan fikrda:

“8 kunda limitdan oshib ketibmiz, 238 kVt. Chiqindi kishi boshiga, suv hisoblagich bo‘lmasa, kishi boshiga qarab to‘lasak, 8-10 kishi ro‘yxatda turib yashaydigan xonadon bilan 2-4 kishi yashaydigan xonadonga bir xil limit qo‘yishni qaysi kalla bilan o‘ylab topishgan, hayronman”.

“Men bir oyda 186 kVt ishlatibman. Lekin kunduzi uyda odam bo‘lmaydi, qolaversa, ikki kishimiz. Ikki kishi uchun, faqat kechasi ishlatilganda 200 kVtga yaqin ketdi. Lekin kun bo‘yi uyda qari ota-onasi, ayoli, farzandlari bo‘ladigan oilalar bor. Iste’mol karrasiga ortib ketadi”.

“Elektr energiyasi uchun belgilangan 200 kVt/soat limit katta oilalar uchun yetarli emas. Xonadonda yashovchilar soni energiya iste’molini keskin oshiradi. Shunga ko‘ra, limitlar xonadondagi odamlar soniga qarab belgilanishi kerak”.

“Qancha ishlatganimni aniq bilmayman-u, lekin har ikki kunda 20-30 ming so‘m pul tashlayapman. Kam-kam ketsa, bilinmagandi. Lekin hisoblab ko‘rsam, bir oyda 500 mingga yaqinlashib qolarkan to‘lov”.

Quruq raqamlar xolos...

Narxlar oshirilishi haqida ilk marta aprel oyida e’lon qilingan edi. Nega endi bu masala ko‘tarilib qoldi dersiz? Sababi oldindan to‘lov qilganlar uchun eski ta’rif amal qilar edi. Shu bois o‘sha vaqtlarda ko‘pchilik e’tiroz bildirmadi. Ammo muddat tugagach ijtimoiy norma kamligi, narx o‘ziga to‘q oilalar uchun ham sezilarli darajada qimmatlagani bilina boshladi. Bu yaxshi, odamlarga energiyani tejashni o‘rgatadi, ko‘p isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilardi deyishimiz mumkin. Lekin kommunal to‘lovlar faqat elektr bilan tugamasa, karrasiga qimmatlagan chiqindi, suv, gaz uchun ham mablag‘ ajratish kerak. Doim jahonda eng arzon suv bizda, eng arzon elektr bizda deb pesh qilinadi, ammo jahondagi eng kam o‘rtacha oylik ish haqi ham bizda. Aholining daromadi ham kommunal to‘lov narxlari kabi karrasiga ortib borganda, bunchalik e’tirozlar bo‘lmasdi, ehtimol.

Tan olish kerak, elektr narxi tannarxiga nisbatan arzon edi, tizim necha yillar faqat zarariga ishladi, ta’minot sifati buzildi. Narxlash oshdi, norma belgilandi. E’tibor bersangiz, aholi narx oshirilganini to‘g‘ri qabul qildi, ular eskirgan transformator, ta’mirtalab uskunalar, uyida chiroq o‘chmasligi uchun qimmatroq to‘lash kerakligini yaxshi tushunishadi. Faqat ijtimoiy norma adolatli emas, bor e’tiroz ham shunga. Agar norma qayta ko‘rib chiqilmasa, qishda bu muammo yana ko‘tariladi. Negaki, O‘zbekistonda xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz yo‘q. Ular uyni isitish uchun elektrdan foydalanishiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda esa normani ishlab chiqqanlarning birortasi ham o‘ylab ko‘rmagani aniq.

Muhokamalar boshlanganiga 10 kundan oshganida Energetika vazirligi bayonot berdi. Aytilishicha, ijtimoiy norma oshirilishiga hech qanday asos yo‘q, aholining 71 foizi limitdan ko‘p energiya ishlatmagan. Yangi tartib joriy qilinishidan oldin aholining 60 foizi 200 kVt gacha energiya iste’mol qiladi deyilgan edi. Uch-to‘rt oy ichida esa raqamlar 71 foizga oshgan.

Quruq raqamlarga aholini ishontirib bo‘lmaydi, bayonotda 200 kVt energiya qayerdan olingani, limit bir oyga yetishi isbotlab berilganida maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ammo buning imkonsiz ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish