Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan madaniyat, san’at, ijod, jurnalistika, sport sohalarini va tadbirkorlikni rivojlantirish, tinchlikni ta’minlash, shuningdek, mazkur sohalarda yutuqlarga erishgan eng fidoyilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Xoshamet – 2022” mukofotini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida tashkil etilgan tadbirga yilning eng faol qoraqalpoq yoshlari jam bo‘ldi. Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev, vazirlik va tashkilot rahbarlari qatnashdi.
Kechada nomzodlar o‘z xizmat vazifasini bajarishda fidoyilik ko‘rsatib, yuqori natijalarga erishgan, jamiyatda hurmat-e’tiborga ega, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqining maqsad va vazifalarini amalga oshirishda fidoyilik ko‘rsatayotganiga qarab, 22 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi.
Mukofot egalariga Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining maxsus diplomi, statuetka va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Shuningdek, marosimdagi gala-konsert barchaga yuqori kayfiyat va zavq bag‘ishladi.