Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Eng namunali yoshlar yetakchilarining eng sara loyihalari

15.2.2023 434

“Yoshlar ovozi” muxbiri Iqbol PARDAYEVA tayyorladi.

 Oʻtkir HUSANOV, Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi “Alamli” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– “Open budget” loyihasiga tumandagi 29 ta mahalla yoshlar yetakchilari xonasiga soʻnggi rusumdagi kompyuter va rangli printer, yoshlar boʻsh vaqtida oʻqishi uchun har bir mahallaga 100 donadan badiiy kitob hamda yoshlarni mamlakatimizning turli tarixiy-madaniy goʻshalariga sayohatga olib borish uchun mini avtobus bilan taʼminlash tashabbusini kiritgan edim. Taklifni tumanimiz yoshlari faol qoʻllab-quvvatlab, 6 mingga yaqin ovoz yigʻildi – gʻolib boʻldik. Hozir barcha mahallalardagi yoshlar yetakchilarining ishxonasi eng zamonaviy kompyuter jamlanmalari va badiiy kitoblar bilan jihozlandi. Yaqin kunlarda mini avtobuslar ham yetib keladi.

Oybek MADRAHIMOV, Xorazm viloyati Bogʻot tumanidagi “Gʻalaba” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahallamiz oqsoqollari, tadbirkor va saxovatpesha kishilariga mahallamizda ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oila farzandlarining xatna toʻylarini oʻtkazib berish taklifini bildirgan edim. Ular bu taklifimni qo‘llab-quvvatlagach, mahalladagi uch oila farzandining xatna toʻyini oʻtkazib berdik. Bu loyiham keng tus olib, qoʻshni mahallalarda ham davom etdi.

Doston ERGASHEV, Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Taraqqiyot” mahallasi yoshlar yetakchisi

– Yuksalish liderlar akademiyasi bilan hamkorlikda 40 dan ortiq xonadonda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron, yolgʻiz qariyalar holidan xabar olish maqsadida “Ehson” loyihasini amalga oshirdik. Bunda koʻngilli yoshlar “Ehson qutisi” yasab, har kunlik ehsonlarini solishdi. Yigʻilgan mablagʻlarga oziq-ovqat xarid qilib, belgilangan xonadonlarga eltib berdik. Bu loyihani yil davomida 40 marotaba amalga oshirdik.

Farruxbek TURSUNBOYEV, Andijon viloyati Asaka tumanidagi “Bahrin” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahalla sardorlari bilan volontyor yoshlar jamoasi tuzib, “Har bir yosh yaxshi yashashga haqli” loyihasiga qoʻl urdik. Loyiha doirasida yashash sharoiti ogʻir boʻlgan yoshlar va yosh oilalarning xonadonini hashar yoʻli bilan taʼmirlab berdik. Zarur mablagʻni esa mahallamizda tashkil etilgan “Xayriya” fondida jamgʻarilgan pullar hisobidan amalga oshirdik. Volontyorlar koʻmagida ichki koʻchalarni taʼmirlab, yoritish chiroqlarini ham oʻrnatdik.        

Jahongir GADOYNIYOZOV, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Jaloyir” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Oʻzim sportchiman. Mahallamizda joylashgan Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida haftaning toq kunlari yigitlarimiz, juft kunlari qizlarimizning sport bilan shugʻullanish imkonini yaratganmiz. Natijada mahallamiz yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning birinchi mavsumida munosib ishtirok etib, toʻrtta sport maydonchasi qurish uchun sertifikatni qoʻlga kiritdi. Mahallamda shaxmat, kurash hamda qoʻl toʻpi boʻyicha 25 nafar Oʻzbekiston chempioni, shaxmat boʻyicha 1 nafar oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempioni, 3 nafar Osiyo chempionati sovrindori bor.

Jo‘rabek ABDURASULOV, Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Xalqobod” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahalladagi ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash hamda mahallada yoshlarni tadbirkorlik sohasiga qiziqtirish maqsadida “Yosh tadbirkor” loyihasini amalga oshirdik. Loyihaning maqsadi, tadbirkor boʻlish istagi bor, ammo ishni nimadan boshlashni bilmaydigan yoshlarga tajribali ishbilarmonlar tomonidan master-klass darslari tashkil etish. Loyiha davomida oʻquv darslaridan tashqari, respublikamizda koʻzga koʻringan ishlab chiqarish korxonalariga sayohatlar tashkil qildik, yoshlar tadbirkorlar bilan biznes rejalarini tuzdi va ularning imtiyozli kredit olishiga ham koʻmaklashdik. Natijada 11 nafar yosh tadbirkor oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻydi.

Azizjon MUHAMMADOV, Fargʻona viloyati Toshloq tumanidagi “Togʻliq” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni turli salbiy illatlardan asrab, maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish, kitobga muhabbatini uygʻotish maqsadida tuman markaziy kutubxonasi bilan hamkorlikda “Sen kitobga bormasang, kitob senga keladi” shiori ostida koʻchma kutubxona tashkil qildik. Haftaning har chorshanba kuni oʻz avtomobilimda mahallamiz boʻylab kitobxonlarga kitob yarmarkasini tashkil etib kelyapman.

Oʻlmas PARDAYEV, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi “Boʻston” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Tumanimizda tuyaqushchilik bilan shugʻullanadigan yagona yosh tadbirkor Qudratbek Hamroyev bilan birgalikda yoshlarga tuyaqush parvarishlash yoʻl-yoʻriqlarini oʻrgatyapmiz. Niyatim, tuyaqushchilik bilan shugʻullanadigan yoshlar sonini koʻpaytirib, bu sohani mahallamiz drayveriga aylantirish.

Shukrullo QODIROV, Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Koʻrkam” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahallamiz yoshlarining orzusini roʻyobga chiqarish maqsadida “Mening orzum” loyihasiga qoʻl urdik. Loyihamizning ilk sonida mahallamizdagi uchuvchilik va aviatsiya sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlikda Toshkent Xalqaro aeroporti boʻylab bir kunlik sayohat tashkil etdik. Sayohatda yoshlar “Uzbekistan Airways” xodimlariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, “Boeing 767” havo kemasida uchuvchi va bort kuzatuvchilari bilan suhbat tashkil etildi.

Shavkat RAHIMBERDIYEV, Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahridagi “Mezon” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Migratsiyadan qaytgan yosh murabbiy Beknazar Abdumutalov boshchiligida mahallamizda “Armrestling” sport toʻgaragini tashkil qildik. Mashg‘ulotlar uchun mahalladagi boʻsh bino ajratilib, “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan jihozlar bilan taʼminladik. Hozir 50 nafarga yaqin yosh mashgʻulotlarda ishtirok etib, xalqaro chempionatlarda ham qatnashmoqda.

Muhammadyusuf XOLMATOV, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Shohidon” mahallasi yoshlar yetakchi:

– Mahallamizdagi xonadonlar toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmagani sababli aholi ichimlik suv uchun oyiga oʻrtacha 150-200 ming soʻm sarflaydi. Shu bois biz “Tashabbusli byudjet”da 14 kilometr suv tarmogʻini tortish loyihasi bilan qatnashdik. 2256 ta ovoz yigʻib, tanlov gʻolibi bo‘ldik. Natijada loyihani amalga oshirish uchun 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ ajratildi. Hozirgi kunda ishlar boshlanib, Dehqonobod koʻchasiga suv tarmogʻi tortib kelindi. 

Abduvali XOLMOʻMINOV, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi “Kunchiqish”  mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahallamiz yoshlari o‘rtasida “Zakovat” turnirini yoʻlga qoʻyganmiz. Turnirning doimiy ishtirokchi yoshlari tuman va viloyat miqyosida oʻtkaziladigan qator bellashuvlarda yutuqli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelmoqda. “Zakovat” turnirini tashkil etish boʻyicha yordamchim Behruzbek Usanov Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevning oliy taʼlim muassasalari kesimida “Zakovat” intellektual oʻyinini tashkil etish maqsadida oʻtkazgan ovozli suhbatda oʻz taklifi bilan qatnashib, noutbook va 100 dona badiiy kitoblar jamlanmasiga ega bo‘ldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish