Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

"Eski-tuski bozoridan yangi fotohikoya"

6.2.2023 1948

Marjonabonu DADAJONOVA,O‘zJOKU talabasi tayyorladi.

Bozorlar oʻzbek xalqining madaniy meroslaridan biri desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ularda oʻzbek xalqining milliyligi aks etgan. Azaldan sharq bozorlari oʻzining rang-barangligi, gavjumligi va oʻziga xos atmosferasi bilan ajralib turgan. Bugun zamon zayli bilan bozorlarimiz ham takomillashib, mutlaqo oʻzgacha koʻrinish kasb etmoqda. Lekin siz oʻtmishdagi  haqiqiy sharq bozorlari atmosferasini oz vaqtga boʻlsada his etmoqchi boʻlsangiz “Yangiobod” eski buyumlar bozoriga boring. Siz u yerdan yoshligingizda uyingizda koʻrgan, ammo hozir yoʻqolib ketgan buyumlarni va, hatto, amakingiz ishlatgan magnitofondan tortib buvingizning eski idishlarigacha topishingiz mumkin.

Bu yerda bir zum oʻzingizni qaysi zamonda yashayotganingizni unutgandek boʻlasiz, ammo bozorga kiraverishda koʻzingizga issiq koʻringan zamonaviy  telefonlar peshtaxtasiga duch kelganda qaysi zamonga tegishliligingizni eslaysiz. Chindan ham bu bozorda oʻtmish va kelajak bir–biriga uygʻunlashganini koʻrish mumkin.

Bozor har kuni ertalab 7dan kechki 7gacha ishlaydi, faqat shanba va yakshanba kunlari ertaroq 16:00da yopiladi. Ammo aynan shanba va yakshanba kunlari xalq tilida aytganda “katta bozor”boʻladi. Va deyarli barcha eski buyumlar shu kunlari sotuvga chiqariladi.

U yerda bir qancha noqulayliklarga duch kelishingiz mumkin. Dastavval, mana bunday chuqurchalardan amallab o’tib olishingiz kerak. Bozor ma’muriyati tomonidan xaridorlar uchun deyarli hech qanday sharoit yaratilmagan. Na bir chiqindi qutilarini topa olasiz, na bir o’rindiq. Eski buyumlar sotiladi degani bu bozor eski, yaroqsiz va tartibsiz bo’lishi kerak degani emas.
Aytgancha, hamma bozorlarda bo’lganidek bu yerda ham ko’p tirbandliklarga duch kelasiz. Sababi bozorda zamonaviy avtoturargohlarning yoki umuman oddiy mashinalar saqlash joyining yo’qligidir.

Maʼlum boʻlishicha, bozor Bektemir tumaniga koʻchirilishi haqida 5 yil avval qaror chiqarilgan. Uning oʻrnida “Yashnobod innovatsion parki” qurilishi kerak edi. Qizigʻi, bu bozorning birinchi marta koʻchirilishi emas. Bir paytlar u “Tezikovka” koʻchasi boʻylab joylashgan va Sobiq ittifoq respublikalari orasida eng mashhur eski-tuski bozori sifatida tanilgandi. 2006-yilda bozor Toshkent chetiga koʻchirilgan. Mening nazrimda, bunday xaridorgir bozorni shahar chetiga koʻchirish toʻgʻri emas. Aksincha, bu yerga ozgina mablagʻ kiritish orqali koʻproq daromad olish mumkin. Shaharda parklar soni yetarli, ammo bunday bozorlar soni sanoqli.

Bozor tashqarisidagi muammo ichkarida ham bor. Yoʻlaklar muzlagan va sirpanchiq. Bozor maʼmuriyati xaridorlarning qulayligi u yoqda tursin, xavfsizligi borasida biron ish qilmagan. Hech boʻlmaganda muzlarni koʻchirib qoʻyish mumkin edi. Bir qarashda bozor xuddi qarovsizdek koʻrinadi.

Bozorda yoʻq narsaning oʻzi yoʻq. Siz bu yerda istagan narsangizni topishingiz va kerak boʻlmay qolgan har qanday buyumingizni sotishingiz mumkin. Zamonaviy onlayn bozorlarning anʼanaviy koʻrinishi.

Turli musiqiy asboblarni gitaradan tortib gʻijjakkacha topishingiz mumkin. Sezganingizdek, eski buyumlar narxlari yangilarinikidan hech ham qolishmaydi. Ayniqsa buyum qancha eski boʻlsa, uning qiymati va narxi  ham shuncha baland boʻladi. Misol uchun musiqiy asboblarning boshlangʻich narxi 1 mln soʻmdan boshlanadi.

Koʻpchilik bunday eski va qimmat buyumlarning kimga keragi bor deb oʻylashi mumkin. Ammo bugun bunday buyumlardan foydalanish uchun talab ortib bormoqda. Tarixiy filmlar suratga olishda oʻsha davr muhitini yaratish uchun yoki estetik zavq olish uchun binolar interer dizaynida eski buyumlardan foydalanishmoqda.

Bozorda nafaqat eski-tuski buyumlar, balki parrandalar, uy hayvonlari, qushlar, baliqlar ham sotiladi. To‘tiqush tanlayotgan mijozlar ko'p. Darvoqe, oʻsha joyning oʻzidan qushlar uchun yemish va qafas olishingiz mumkin.

Bozorlarini  “street food”-ko‘cha ovqatlarisiz tasavvur qilish qiyin. Bu bozorda siz shashlikdan tortib oshgacha topa olasiz. “Kuningdan bir kun qolsa ham osh ye, pulingdan bir soʻm qolsa ham osh ye”, degan naql bejizga aytilmagan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish