Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

E’tibor bor joyda o‘sish bo‘ladi

17.4.2023 977

Jahongir NOSIROV, Olmazor tumanidagi Chiltoʻgʻon mahallasi yoshlar yetakchisi

Bugun yoshlar muammolari faqat o‘qish yoki ish joyidagi mutaxassislar ko‘magida emas, balki yigit-qizni va oilasini yaxshi taniydigan, biladigan muhit — mahallada hal etilayotgani samarali chora-tadbirlardan biri bo‘lmoqda. Bungacha joylarda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar aynan mahallalarda sodir etilar, ishsizlik, bekorchilik va imkonsizlik ko‘p uchrar edi.

Bu muammoni vaqtida va samarali hal etish uchun 9445 ta mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi tashkil etildi. Ularga o‘g‘il-qizlar bilan ishlash tajribasiga ega, fidoyi va vatanparvar yoshlar ochiq tanlov asosida saralab olindi. Xo‘sh, shundan so‘ng yoshlarimiz hayotida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi? Yetakchilar mahalladagi tengqurlarining haqiqiy ko‘makchisiga aylana oldimi?

Poytaxtimizda tahsil olayotgan talabalarning aksariyati Olmazor tumanida istiqomat qiladi. Hududda talabalar uchun 34 ta turar joy binosi va 4 ta davlat oliy ta’lim muassasasi joylashgan. O‘quv yili avvalida talabalarni turar joy bilan ta’minlashda qator muammolar yuzaga keldi. Bu jarayonda tumanimizdagi mahallalar yoshlari yetakchilari 500 nafardan ortiq talabaga ijara xonadon topishda yordam berdi. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi tomonidan o‘tgan yil davomida tumandagi 1 ming 191 yoshga ko‘mak ko‘rsatildi.

Jumladan, Olmazor tumanidagi Chilto‘g‘on mahallasida o‘ttizga yaqin yigit-qizning bandligi ta’minlandi. O‘ndan ziyodiga uch oylik o‘quv kurslarida o‘qishi uchun bepul yo‘llanma berildi. Yosh oilalarning 60 nafar farzandiga homiylik yordami ko‘rsatildi. Kam ta’minlangan 20 ta oilaga moddiy ko‘mak berildi.

Maktabni tamomlaganiga ikki yil bo‘lganiga qaramay, ishsiz yurgan Murod Boltayev bilan suhbatlashib, qiziqishlari o‘rganildi. Shundan so‘ng iltimosiga ko‘ra elektriklik kasbini egallashi uchun uch oylik o‘quv kursiga yuborildi. O‘quv kursini tamomlab, sertifikat olganidan so‘ng elektriklik bilan shug‘ullanishi uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan unga subsidiya asosida zarur uskunalar olib berildi. Hozir Murod Boltayev tanlagan kasbi ortidan ro‘zg‘or tebratyapti.

2019-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” g‘oyasining hayotga tatbiq etilishi barcha yigit-qizlarning diqqatini tortdi. Jumladan, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2022-yili bo‘lib o‘tgan ikkinchi mavsumida Toshkent shahridagi 584 ta mahalladan 271 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz sport, musiqa, raqs va kitobxonlik musobaqalarida ishtirok etish istagini bildirdi. Mahalla, sektor, tuman, shahar bosqichlarida o‘tkazilgan bellashuvlarda birinchi o‘rinni egallaganlar respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Umumjamoa hisobida 35 medal bilan Toshkent shahri olimpiadada peshqadamlikni saqlab qoldi. Xususan, mahallamizda o‘tkazilgan musobaqalarda ham yuzlab yangi iste’dodlar kashf etildi. Har bir ko‘chada futbol, voleybol jamoalari tashkil etildi. Taniqli ijodkorlar, san’atkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.

Joriy yilning aprelida start olgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ga yangi yo‘nalishlar kiritildi. Jumladan, tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik, qandolatchilik, hunarmandlik bo‘yicha tanlovlar qo‘shildi. Bu yoshlarning kasbhunar egallashi, sport bilan shug‘ullanib, ham ruhan, ham jisman barkamol bo‘lishiga qaratilayotgan e’tiborning mantiqiy davomidir.

Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan shu yilning 11-aprel kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim bilan qamrab olish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom fikrlashiga zamin yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

2021-yilda 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga qabul qilgan korxonalarga ijtimoiy soliqni qaytarib berish amaliyoti joriy qilingan edi. Bu imtiyozdan o‘tgan davrda 9 mingdan ziyod korxona foydalandi hamda ishsiz 100 ming yoshning bandligi ta’minlandi. Davlatimiz rahbari bu ijobiy tajriba muddatini yana ikki yilga uzaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston yoshlari tashabbuslari” jamg‘armasi va elektron platformasini tashkil qilish belgilandi. Jamg‘armaga 100 million dollar yo‘naltirilib, bu mablag‘ iqtidorli yigit-qizlarning eng yaxshi g‘oya, startap va loyihalarini ro‘yobga chiqarishi uchun qulay va yengil shartlarda, zarur bo‘lsa, foizsiz ajratiladi.

Jamiyatimizdagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishi o‘rganilib, uch toifaga ajratiladi. Bunda yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 4,4 million yigit-qiz “yaxshi”, turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “o‘rta”, davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 396 ming yosh “ahvoli og‘ir” toifaga kiritiladigan bo‘ldi.

Har bir vazir, vazir o‘rinbosari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygohlar rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan yigit-qiz biriktirilib, ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ish tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.

Yig‘ilish O‘zbekistonning navqiron farzandlari, jumladan, yoshlarning nofaol qatlamini jamiyatga qaytarish bo‘yicha katta qadam bo‘ldi. Unda qo‘yilgan vazifalar yoshlarning mahalladagi vakili sifatida mening ham zimmamga alohida mas’uliyat yukladi. Jumladan, yoshlar bilan individual ishlash jarayonini jadallashtirish, jamiyatdan uzilib qolgan, hayotda o‘rnini topolmayotgan, yot g‘oyalar ta’siridagi yigitqizlarni faol turmush tarziga qaytarish oldimizdagi eng muhim vazifa bo‘lib turibdi.

Belgilangan yo‘nalishlardan kelib chiqib, o‘zim faoliyat yuritayotgan mahalla hududidagi bandligi ta’minlanmagan, davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj tengqurlarim, uka-singillarim bilan alohida ish tashkil etib, ularni kasbhunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashni reja qilib oldim. Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy va vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar, yoshlar sayillarini tashkil etish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqdim.

Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni vaqtida, sifatli bajarish orqali islohotlar samaradorligi natijasini har bir yigit-qizning hayotida ko‘rsatishimiz mumkin. Bu bilan yoshlarning ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni his etishiga va faol hayotga kirib borishiga erishamiz. Zero, yurtimizdagi barcha ishlar, eng avvalo, inson qadri, xalq farovonligi uchun qilinmoqda. Shunday ekan, bu e’tiborga o‘qish va mehnatdagi yutuqlarimiz bilan javob berishimiz darkor.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish