“Bu men” loyihasining bu galgi qahramoni – Eldor. U tibbiyot kollejini tamomlab, jurnalistika sohasida oliy taʼlim olmoqda. Ayni paytda o‘z universitetida tibbiyot xodimi sifatida faoliyat yuritadi.
Quyida uning hikoyasini taqdim etamiz:
“Hayotni yorqin ranglarda ko‘raman! Garchi doim ham bunday bo‘lmasa-da! Yaqin bir necha yilda shu kabi savollar meni ko‘p o‘ylantiryapti: inson nima uchun yashaydi, uning dunyoga kelishidan asosiy maqsadi nima, bashar farzandi erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori daraja qanday?.. Hali asosli va aniq javobni topganimcha yo‘q. Ammo shunga amin bo‘lyapmanki, o‘qib-izlanib, o‘rganganlarimizni real hayotga to‘g‘ri tatbiq qila olsak, odob-axloqimizdagi nuqson va kamchiliklar kamayib boraveradi.
Bugun insonning oyga uchishi emas, farzand va ota-onaning dildan suhbatlashishi kamyob hodisaga aylanib qolgandek, nazarimda. Ota-onam bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘rishim, qancha ko‘p vaqt o‘tkazsam ham, zerikmasligim men uchun eng katta baxt! Bugun jurnalistika sohasi bo‘yicha o‘qib, tibbiyot xodimi sifatida ishlayotganim, insonlar bilan yaxshi muomalada bo‘lganim, kirishimli ekanim, xarakterimdagi ijobiy jihatlarda oilamdagi samimiy munosabatlarimning o‘rni katta deb o‘ylayman. Tengdoshlarimga ham telefon yoki kompyuterdan imkon qadar uzoqlashib, oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni, ota-onasi bilan yaqindan muloqot qilishni maslahat berardim. Chunki gadjetlar sabab ulardan yiroqlashib, jamiyatdan uzilib qolish odatiy holga aylanib qoldi. Va bu juda xavotirli.
Tahsil olayotgan soham yozishdan iborat. Bir ustozimiz shunday degan edilar: “Men faqat o‘zim uchun yozaman, boshqalarning yozganlarim haqidagi fikri men uchun qiziq emas!” Men bu fikrga qo‘shilmagan bo‘lar edim, faqat o‘zimiz uchun yozadigan bo‘lsak, bu yozuvlar o‘zimizda qolavergani maʼqul. Maqsad insonlarga ibrat ko‘rsata olish, boshqalar uchun manfaatli va foydali manba qoldirish bo‘lmas ekan, yaxshisi bu ishga qo‘l urmaslik kerak! Nafaqat qilgan amallarimiz, yozib qoldirganlarimiz ham biz uchun savob yoki gunoh keltirishi mumkinligini unutib qo‘ymaylik. Aynan shunday ulkan masʼuliyat hissini sezganimdan buyon yozishga ikkilanib qolayotganimni ham yashirmayman. Muhimi, har bir vazifaga alohida eʼtibor bilan qaray olish deb hisoblayman!”