Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

FARAXBAXSH TONGLARDAN – FARAXBAXSH TILAKLAR

17.7.2023 4116

Gulsanam NOROVA, Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi direktori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

Yurtimizda yangi shukuh, yangi islohotlar davri boshlandi. Xalqimiz o‘z aytar so‘zi va istaklariga ko‘ra yurt egasini qayta sayladi. Erkin ovoz berish yo‘li bilan, Muhtaram yurtboshimiz qayta Prezident bo‘lib, kuni kecha xalqimiz oldida tantanali qasamyod qabul qildi. Va o‘z lavozimiga kirishdi.
Tarix sahifalariga muhrlangan bu kunda davlatimiz rahbari: “Menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylagan barcha yurtdoshlarimga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik bildiraman. Muqaddas Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak e’tirofi sifatida qabul qilaman”, – deya ishonch ila o‘z nutqlarini so‘zladi.
Shuningdek, ushbu tantanali marosimda yurtboshimiz bir qator sohalarda tub o‘zgarishlar bo‘lishini ta’kidlab, avvalo, yurtimiz tinchligi, osoyishtaligini yanada mustahkamlagan holda, xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona va samarali yo‘lni aniq belgilab olishimizni ta’kidlab o‘tdi.
“Barchamiz birgalikda kelajakka ishonch bilan intilib, butun diqqat-e’tiborimizni oldimizda turgan vazifalarni hal etishga qaratishimiz, xalqimiz kutayotgan, davrning o‘zi talab etayotgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishimiz lozim.
Biz o‘tmishdan, kechagi tariximizdan, yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimizdan zarur xulosalar chiqarib, O‘zbekistonimizning dunyodagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirishimiz, Vatanimiz shuhrati va shon-sharafini hamma jabhalarda munosib va mardona himoya qilishimiz kerak.
Nega deganda, bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib bo‘lmaydi. Bugungi zamon – bu kechagi zamon emas.
Shu bois, har bir imkoniyatdan oqilona foydalanib, har qanday muammoni aql bilan, ilm bilan hal qilishimiz, turli sinovlarni xalqimiz bilan bamaslahat, og‘ir-vazmin bo‘lib yengib o‘tishimiz kerak.
Parlamentimiz, hukumatimiz, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar o‘zlarining kelgusi faoliyatlarini mana shu omillarning barchasini inobatga olgan holda tashkil etishlari zarur.
Endi barcha soha va tarmoqlarda tizim o‘zgaradi, vaziyat o‘zgaradi, samaradorlik o‘zgaradi”, – deydi Prezident so‘zining davomida.
Shuningdek, yurtimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaro tinch va erkin, baxtli va farovon yashashini ta’minlash, kelajak avlod uchun ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish zarurligini ham yana bir bor eslatib o‘tdi.
Har bir xalqning tayanchi, suyanchi beixtiyor shu zaminning yoshlari hisoblanadi. Ular bor orzu-umidlarini, tilaklariyu istaklarini ularning kelajaklarida ko‘radi. Shu sabab ham davlat rahbari O‘zbekiston yoshlariga:
“Aziz o‘g‘il-qizlarim, bugun tarixning o‘zi, zamonning o‘zi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda.
El-yurt koriga avvalo kim yaraydi? Albatta, sizlar!
Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessansni kim barpo etadi?
Albatta, sizlar!
Yurtimiz, xalqimizni kelajakda kim rozi qiladi?
Albatta, sizlar!
Xalqimiz, Vatanimiz sizlarga ishonadi.
Sizlar O‘zbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz.
Yoshlik – g‘animat, vaqt – g‘animat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga o‘z so‘zingizni ayting!
Izlanish va intilishdan aslo to‘xtamang! Baxt va omad doimo sizlarga yor bo‘lsin!” – deya otalarcha mehrini, muhabbatini izhor etdi.
Hozirgi kunda siyosiy sohada deysizmi, ta’lim, madaniyat, sport sohalarida deysizmi, yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor yuksak. Ularning har tomonlama sog‘lom, barkamol avlod bo‘lib yetishishi uchun yurtboshimiz katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda.

Azal-azaldan O‘zbekiston ahli komil inson tarbiyasiga bo‘lgan e’tibori doimo muhim miqyosda va alohida diqqatga sazovor hisoblanadi. Alisher Navoiy bobomiz komillikni, Farobiy bobomiz fozil shaxsni tarbiyalashni ilgari surgan. Shunday ekan, o‘zbek xalqi ma’naviy merosidan oqilona foydalanishi, ularning farzandlari buyuk bo‘lishidan darak beradi.
Atrofimizga nazar soladigan bo‘lsak, jannatmonand yurtda yashayotganimizning guvohi bo‘lamiz. Har bir sohada parvoz qilayotgan ilmli, fidoiy, vatanparvar insonlarning borligini ko‘rib esa ko‘zlarimiz quvonadi. Shu jamiyatda foydamiz tegayotganidan, Vatan ravnaqida hissamiz borligidan mamnun bo‘lamiz.
O‘zim ham bir pedagog, olima, ilm izlash yo‘ilda metin sabotga ega bo‘lgan inson sifatida shuni ayta olamanki, bo‘layotgan har bir tub o‘zgarish avvalo xalqimiz ko‘ngil obodligiga qaratilgani rost. Biz yurt egalarini tarbiyalayapmiz.dunyo minbarlarida o‘z aytar so‘ziga ega bo‘lgan, qat’iy qaror hamda nurli maqsadlari bo‘lgan yosh-avlodni tarbiyalayapmiz.
Turli taloto‘plardan, turli bo‘ronlar-u bo‘htonlardan bilimimiz, salohiyatimiz, aql-zakovatimiz ila shu kunlarga qadar yetib keldik, ishonchli yurt sardori soyasida amallarimiz xayrli davom etayotganidan qalbimiz taskin topadi. Yurboshimizning tantanali qasamyodidagi nutqlarini shu tuproqning, shu zaminning bir zarrasi bo‘lib jon-qulog‘im bilan tinglar ekanman, faraxbash tuyg‘ularni his etaman.
Ayniqsa yurtboshimizning: “Xalqimizning ongi, dunyoqarashi o‘zgargani, uning qalbida o‘ziga, ertangi kunga ishonch paydo bo‘lgani – bu bizning eng katta yutug‘imiz.
O‘zini o‘zgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni, ijtimoiy muhitni ham o‘zgartira oladi, o‘z murod-maqsadlariga albatta yetadi. Mana shunday ulug‘ e’tiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar bo‘lib, uni yorug‘ manzillar sari boshlash men uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir.
Hayotimning ma’no-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-g‘ayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman.
Men bilan bir safda sizlardek aziz qadrdonlarim, duogo‘y otaxon va onaxonlarimiz, azamat aka-ukalarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz borligi menga bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, ruh va ilhom beradi.
Ishonchim komil, barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekistonni – inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlatni albatta quramiz!
Barchamizni mana shunday ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirgan xalqimiz, Vatanimiz doimo omon bo‘lsin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin! Yashasin O‘zbekiston! Yashasin O‘zbekiston xalqi!” – deya ta’kidlashi qalb hayajonimni ko‘z yoshlarim ila bayon etadi.
Bu – baxt. Mana shunday yurtning farzandi ekanligimiz – baxt. Oppoq orzulari bor xalq farzandi ekanligimiz, uning tafti ila ulg‘ayotganimiz, kelajak-avlodni ulg‘aytirayotganimiz – baxt. Baxtli tonglarning nafasidan bahramand bo‘layotganimiz, xotirjamlikda tunlarni tonga ulayotganimiz – baxt. Va mana shu baxtimizga hech qachon ko‘z tegmasin!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish